13:34 / 15.06.2021
17697

O‘zbekiston ulgurji elektr energiyasi bozoriga o‘tishni rejalashtirmoqda. Elektr energiyasining xususiy sotuvchilari paydo bo‘ladi

O‘zbekistonda 2021-2025 yillarga mo‘ljallangan uch bosqichdan iborat ulgurji raqobatbardosh elektr energiyasi bozoriga o‘tish ketma-ketligi ishlab chiqildi. Bu haqda Energetika vazirligi xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, Energetika vazirligi huzurida “Schoenherr va NERA Economic Consulting” kabi xalqaro moliya tashkilotlari bilan hamkorlikda faoliyat olib borayotgan Loyiha ofisi tashkil etildi. Loyiha ofisi ekspertlari tomonidan 2021-2025 yillarga mo‘ljallangan uch bosqichdan iborat ulgurji raqobatbardosh elektr energiyasi bozoriga o‘tish ketma-ketligi ishlab chiqildi.

Birinchi bosqichda elektr energiyasi korxonalarini erkinlashtirish va elektr energiyasini sotish istagida bo‘lgan xususiy korxonalar tomonidan litsenziya olish ko‘zda tutilgan. Bunda bozor munosabatlariga asoslangan yondashuv natijasida mahsulot sifatini yaxshilash va narxlarning pasayishiga erishiladi.

Elektr energiyasining raqobatbardosh ulgurji bozoriga o‘tish ikkinchi bosqichida elektr energiyasini taqsimlash tizimi operatori yaratiladi va iste'molchilarga elektr energiyasini sotish funksiyalari ta'minotchilarga bosqichma-bosqich o‘tkaziladi. Mazkur ta'minotchilar litsenziya asosida iste'molchilarga elektr energiyasini sotish huquqiga ega bo‘ladi. Ushbu bosqichda iste'molchilar elektr energiyasini onlayn savdo platformasi yoki istalgan ta'minotchi orqali sotib olishi mumkin bo‘ladi. Ta'minotchilar o‘rtasida raqobat muhiti shakllanishi orqali elektr energiyasi ta'minoti sifati oshishiga erishiladi.

Uchinchi bosqich – “Kun ichi (soatbay) savdolar” bosqichi. Onlayn savdo platformasidagi erkin shartnomalar hajmlariga ko‘ra, elektr energiyasini reja asosida soatbay ishlab chiqarish va iste'mol qilishning ortiqcha yoki yetishmayotgan hajmlarini sotish va sotib olish operatsiyalari amalga oshiriladi.

Shuningdek, energetika sohasi normativ-huquqiy bazasini takomillashtirish bo‘yicha ishlar davom ettiriladi. Ishlab chiqilgan loyihalarni ekspertizadan o‘tkazish bo‘yicha jadal ishlar olib borilmoqda, yangi tahrirdagi “Elektr energetikasi to‘g‘risida”gi qonun, prezidentning “Elektr energetikasi sohasini isloh qilishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda Vazirlar Mahkamasining “Magistral elektr tarmoqlari kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori loyihalari ishlab chiqildi.

Ma'lum qilinishicha, milliy iqtisodiyotning energiya samaradorligi rivojlangan mamlakatlar ko‘rsatkichlaridan 2-2,5 baravar yuqori.

2020 yilda tashkiliy-texnik tadbirlarni amalga oshirish hisobiga iqtisodiyot tarmoqlarida 1352,4 million kub metr tabiiy gaz va 917,5 million kilovatt soat elektr energiyasi tejalishi ta'minlandi.

“Energetika sohasidagi davlat munosabatlarining keskin kamayishi bilan bozor munosabatlariga o‘tish elektr energetikasini boshqarish tizimini takomillashtirishga xizmat qiladi. Natijada, mamlakatning energetika xavfsizligi, respublika energetika ta'minoti ishonchliligi va barqarorligi ta'minlanadi. Asosiysi - aholining turmush sifatini yaxshilash”, deyiladi vazirlik ma'lumotida.

Top