23:09 / 17.08.2019
31427

O‘zbekiston TIV «Jasliq» qamoqxonasi yopilishi yuzasidan qator davlatlar va xalqaro tashkilotlar munosabati bo‘yicha sharh berdi

Foto: TIV axborot xizmati

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Qoraqalpog‘istondagi “Jasliq” koloniyasi yopilishi yuzasidan qator davlatlar va xalqaro tashkilotlar munosabati bo‘yicha sharh e'lon qildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Jasliq” 19-son ixtisoslashtirilgan koloniyasini tugatish to‘g‘risidagi qaroriga qator davlatlar va xalqaro tashkilotlarning tezkor munosabati O‘zbekistonda e'tirof etilmoqda, deyiladi sharhda. Kelib tushgan ma'lumotlarga ko‘ra qator xalqaro tashkilotlar, davlat tuzilmalari, siyosiy doiralarning rasmiy vakillari, OAV mazkur hujjatning inson huquqlarini himoya qilishda va uning qadr-qimmatini hurmat qilishdagi ahamiyatini ta'kidlamoqda.

AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo masalalari bo‘yicha yordamchisi vazifasini bajaruvchi Elis Uells o‘zining Tvitterdagi akkauntida quyidagilarni yozib qoldirdi: “Biz O‘zbekistonning yomon nom chiqargan “Jasliq” qamoqxonasini yopish to‘g‘risidagi e'lonini qo‘llab-quvvatlaymiz. O‘zbekistonda inson huquqlarini yaxshilash uchun hali oldinda ko‘p ishlar turibdi, biroq ushbu zulm maskanining tugatilishi islohotlar yo‘lidagi muhim qadam hisoblanadi”.

AQSh Davlat departamentining Inson huquqlari, demokratiya va mehnat byurosi quyidagicha munosabat bildirdi: “Biz “Jasliq” qamoqxonasini yopish to‘g‘risida e'lon qilgani uchun O‘zbekistondan minnatdormiz. Inson huquqlari jamiyatlari bu to‘g‘risida deyarli so‘nggi 20 yil davomida so‘rab kelayotgan edi”.

BMTning O‘zbekistondagi koordinatori Helena Freyzer ham Prezident Shavkat Mirziyoyevning qarorini qo‘llab-quvvatladi: “Mazkur jarayon doirasida BMT inson huquqlari tamoyillari va BMTning jinoyatchilikning oldini olish va odil sudlov sohasidagi standartlar va normalardan kelib chiqqan holda O‘zbekistonga o‘zining penitensiar tizimini isloh qilishda va qamoqqa olish bilan bog‘liq bo‘lmagan sanksiyalar va choralarni qo‘llashda bundan keyin ko‘maklashishga tayyor”.

Yevropa Ittifoqining “Jasliq” jazoni o‘tash koloniyasi yopilishi bo‘yicha bayonotida quyidagilar qayd etilgan: “2017-2021 yillarga mo‘ljallangan O‘zbekistonning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida ko‘rsatilganidek, huquq ustuvorligi va inson huquqlariga amal qilinishi O‘zbekiston iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyotini jadallashtirishning uzviy sharti hisoblanadi. Ham xorijiy, ham ichki iqtisodiy operatorlarning olib borilayotgan islohotlarga ishonchi va ularning O‘zbekiston iqtisodiyotiga investitsiya kitirishga tayyorligi darajasi mazkur sohadagi doimiy o‘sishga bog‘liq. YeI munosabatlarimizni kelajakda yangi darajaga ko‘taruvchi voqealarni qo‘llab-quvvatlashga tayyor”.

O‘zbekiston davlatimiz rahbari tomonidan amalga oshirilayotgan mamlakat hayotining barcha jabhalaridagi o‘zgarishlarning asosiy qismi hisoblanuvchi inson huquqlarini himoya qilish va ta'minlash sohasidagi izchil islohotlarning xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olinishini va qo‘llab-quvvatlanishi yuqori baholaydi va mazkur yo‘nalishda xalqaro, hukumat va nohukumat tashkilotlar bilan hamkorlikni davom ettirishga sodiqligini tasdiqlaydi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Prezidentining 2019 yil 2 avgust kungi “Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining 19-son ixtisoslashtirilgan Jazoni ijro etish koloniyasini tugatish to‘g‘risida”gi PQ-4414-sonli qarori bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jasliq qo‘rg‘onida joylashgan 19-son ixtisoslashtirilgan jazoni ijro etish koloniyasini tugatish belgilandi.

Top