16:20 / 30.09.2018
126044

Ishtixon tumanida mudhish avtohalokat: uch terimchi ayol nobud bo‘ldi, biri shifoxonada og‘ir ahvolda

Samarqand viloyati, Ishtixon tumani hududidan o‘tuvchi M-37 magistralida 29 sentabr kuni erta tong 06:45 da mudhish avtohalokat yuz bergan.

M-37 magistrali bo‘ylab Buxorodan kelayotgan «Damas» avtomashinasi yo‘l chetida paxta terimiga ketayotgan to‘rt nafar ayolni urib yuborgan. Voqeaga guvoh bo‘lganlarning aytishicha, «Damas» haydovchisi rulda uxlab qolgan.

Afsuski, ayollardan «Jo‘ra Mahmudov» mahalla fuqarolari yig‘inida istiqomat qilib kelgan uch nafari voqea joyida hayotdan ko‘z yumgan.

Kun.uz muxbirining voqea guvohlaridan surishtirib o‘rganishicha, vafot etgan ayollar — Yangiobod ko‘chasida istiqomat qilib kelgan, 1961 yilda tug‘ilgan, 3 nafar farzandning onasi, nafaqaxo‘r M.M., Paxtakor ko‘chasida yashab kelgan, 1972 yilda tug‘ilgan, 3 nafar farzandning onasi, vaqtincha ishsiz M.N., Osuda ko‘chasida istiqomat qilib kelgan, 1991 yilda tug‘ilgan, ishlamasdan, 1 nafar yosh bolasi tarbiyasi bilan shug‘ulanib kelgan A.M. bo‘lishgan.

Ularning dafn marosimi kechaning o‘zidayoq bo‘lib o‘tgan.

Voqeada yana bir jabr topgan ayol — «Ko‘tarma» MFY Qalandar qishlog‘ida istiqomat qiluvchi, 1999 yilda tavallud topgan, 9 avgust kuni turmushga chiqqan Durdona Tirkasheva Ishtixon tuman markaziy shifoxonasining jonlantirish bo‘limida yotibdi.

Vrach Qilichboy Egamqulovning muxbirimizga aytishicha, bemorning ahvoli og‘ir.

D.Tirkashevaning tog‘asi Abdukarim Tirkashevning muxbirimizga ma'lum qilishicha, jiyani uning qo‘lida katta bo‘lgan va o‘zi yaqinda uni turmushga uzatgan. U kutilmagan fojia tufayli og‘ir ahvolga tushib qolgan juvonni davolash uchun voqea aybdorlarining qarindoshlaridan hech kim xabar olmayotganini aytib o‘tdi.

Voqea yuzasidan Ishtixon tuman IIB jinoyat ishi qo‘zg‘agan. Ishga oid ayrim ochiq tafsilotlarni aniqlash uchun tergov-surishtiruv ishlarini olib borayotgan Ishtixon tuman IIB tergovchisi G‘.Dostonovni topishning imkoni bo‘lmadi.

Mavzu
Paxta-2018
O‘zbekistonda 2018 yilgi paxta terimi mavsumi bo‘lib o‘tmoqda
Barchasi
Mavzuga oid
Top