O‘zbekiston | 12:35 / 14.06.2017
16121
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent shahri va Toshkent viloyati hokimiyatlarida transport departamentlari tugatilishi mumkin

Foto: Toshshahartransxizmat

Toshkent shahri va Toshkent viloyati hokimiyatlarining barcha turdagi yo‘lovchi transportiga litsenziya berish va harakatlanishini muvofiqlashtirish bo‘yicha departamentlarini tugatish taklif etilmoqda. Bu haqda muhokamaga qo‘yilgan Prezidentning avtomobil transporti sohasidagi davlat boshqaruvi tizimi va tartibga solishni takomillashtirish to‘g‘risidagi qarori loyihasida aytiladi.

Hujjatda aytilishicha, haddan tashqari bir-birini takrorlovchi jarayonlarning ko‘pligi, avtomobil transporti sohasida ishlovchi tadbirkorlar duch kelayotgan cheklovlar va to‘siqlar bozor rivojiga xalaqit bermoqda. Shuningdek, O‘zbekiston Avtomobil va daryo transporti agentligi hamda ko‘rsatilgan ikkita departament o‘rtasida umumiylashtirilgan yo‘lovchilarni avtomobilda tashishni litsenziyalash tizimida muammolar borligi ham ta'kidlandi.

«Toshkent shahridagi boshqaruv tizimida ma'lum kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgan. Tashuvlar faoliyatini boshqarish va tartibga solishga mo‘ljallangan shaharning barcha turdagi yo‘lovchi transportiga litsenziya berish va harakatlanishi muvofiqlashtirish bo‘yicha Departament aslida Toshkent shahri hokimi o‘rinbosariga hisobot beradi. U bir vaqtning o‘zida departament tomonidan boshqariluvchi tashuvchilardan birining rahbari ham sanaladi (“Toshshahartransxizmat” AJ)», - deya ta'kidlanadi qaror loyihasida.

Muammolarni bartaraf etish uchun Toshkent shahri va poytaxt viloyati hokimiyatlari departamentlarini O‘zbekiston Avtomobil va daryo transport agentligining Toshkent shahri va Toshkent viloyati boshqarmalari bilan birlashtirish mo‘ljallangan.

Mamlakat shaharlaridagi yo‘lovchi transporti bo‘yicha maxsus vakolatli boshqaruv organlari agentlikka hisobot beradi.

Toshkent shahri va viloyati departamentlari tomonidan berilgan amaldagi litsenziyalar va litsenziya kartochkalarini bepul qayta rasmiylashtirish rejalashtirilgan.

Mavzuga oid