Jakartada Paraosiyo o‘yinlarida ishtirok etayotgan yana ikki nafar o‘zbekistonlik sportchi oltin medal sohibiga aylandi.
Kamolaxon Abdullayeva uzunlikka sakrash, Aleksandr Svechnikov nayza uloqtirish bahslarida g‘olib chiqib, terma jamoa hisobiga navbatdagi oltin medallarni qo‘shib qo‘yishdi.
Ma'lumot uchun, Kamolaxon Abdullayeva Paraosiyo o‘yinlarida ayollar o‘rtasida uzunlikka sakrash bo‘yicha chempionlikni qo‘lga kiritgan dastlabki sportchi bo‘ldi.
Musobaqalarning birinchi kunida o‘zbekistonlik to‘rt nafar atlet suzish bahslarida 2 ta oltin va 2 ta kumush medallarni qo‘lga kiritishgan edi. Shu tariqa, hozirga kelib O‘zbekiston hisobidagi oltin medallar soni 4 taga yetdi.
E'tiborlisi, erkaklar o‘rtasida S13 yo‘nalishida 400 metrga erkin suzish bo‘yicha ishtirok etgan Dmitriy Xorlin barcha raqiblarini ortda qoldirish bilan birga Osiyo rekordini o‘rnatdi. U o‘z chiqishini 4 daqiqa 9,23 soniyada yakunlab, qit'a rekordini yangilagan. Bundan avvalgi rekord 4 daqiqa 26,98 sekundni tashkil etgan.