08:32 / 18.01.2021
3187

«O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan gidrometeorolog» faxriy unvoni ta'sis etiladi 

“O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan gidrometeorolog” faxriy unvonini ta'sis etish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi e'lon qilindi.

Hujjatda qayd etilishicha, prezidentning “O‘zbekiston Respublikasi gidrometeorologiya xizmati faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan Gidrometeorologiya xizmati markazi faoliyati tashkil etilgan bo‘lib, gidrometeorologiya tarmog‘ini rivojlantirish va modernizatsiyalash, axborot texnologiyalarini joriy etish, gidrometeorologiya sohasidagi ilmiy tadqiqotlarni kengaytirish va natijalarini joriy etishga alohida e'tibor qaratilmoqda. 

Bildirilishicha, qonunning qabul qilinishi gidrometeorologiya tarmog‘i rivojlanishiga munosib hissa qo‘shayotgan xodimlarni rag‘batlantirish uchun qonuniy asos yaratiladi hamda iqtisodiyot tarmoqlarini gidrometeorologik ma'lumotlar va turli ob-havo, gidrologik, agrometeorologik prognozlar bilan ta'minlovchi gidrometeorologiya tarmog‘i nufuzi ortadi.
 
Qonun loyihasida “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan gidrometeorolog” faxriy unvonini ta'sis etish hamda uni gidrometeorologiya va atrof-muhit monitoringi sohasini rivojlantirish, sohaga ilg‘or va innovatsion texnologiyalarni joriy etish, soha uchun chuqur bilimga ega kadrlar tayyorlash borasida alohida xizmat ko‘rsatgan xodimlarga berish nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan gidrometeorolog” ko‘krak nishoni tavsifi berilmoqda.

Top