O‘zbekiston | 15:52 / 17.12.2020
13299
4 daqiqa o‘qiladi

«O‘zbek amaldorlari madaniy merosga hurmatsizlik bilan munosabatda bo‘lishadi» – amerikalik tarixchi

O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish butunjahon jamiyati ilmiy kengashi a'zosi, Markaziy Osiyo va Kavkaz instituti asoschisi, amerikalik tarixchi Frederik Starr O‘zbekistonning madaniy merosini asrashdagi muammolar haqida gapirdi. 

Frederik Starr

Kun.uz muxbiri xabar berishicha, Starr nafaqat mahalliy, balki umumbashariy ahamiyatga ega bo‘lgan O‘zbekiston madaniy boyliklariga nisbatan mahalliy amaldorlar tomonidan hurmatsizlik bilan munosabatda bo‘lish holatlari uchrab turishini tanqid qilgan.

«O‘zbekistonga kelgan odam uning o‘ziga xos madaniy merosi, arxitekturasi, Buxoro, Samarqand, Xiva va boshqa shaharlardagi buyuk yodgorliklar orqali mamlakatning sharafli tarixiga tushgandek bo‘ladi.

Ammo so‘nggi bir necha o‘n yillikda mamlakatda arxitektura yodgorliklarining noto‘g‘ri, savodsizlarcha restavratsiya qilinish holatlari kuzatilmoqda. Mahalliy amaldorlarning madaniy yodgorliklarga hurmatsizlik bilan munosabatda bo‘lish holatlari kuzatiladi.

Bu xato restavratsiyalar arxitektura bo‘yicha zamonaviy bilimlarga tayanilgan holda qayta amalga oshirilishi lozim. Qurilish toshining mavjud emasligi bois O‘zbekistonning ko‘plab hududlarida qadimgi quruvchilar xom g‘ishtdan foydalanishgan. Ammo bu materialdan qilingan ko‘plab konstruksiyalar asrlar davomida cho‘kib qolgan. Arxeologlar cho‘kib borayotgan bu yodgorliklarning ayrimlarini kavlab olishganda, ularning jahon arxitekturasi durdonalari ekanligiga guvoh bo‘lishgan. Bular O‘zbekistonning yer ostidagi Parfenonlaridir», dedi tarixchi «O‘zbekiston madaniy merosi – yangi Renessans poydevori» mavzusidagi IV xalqaro kongressda.

Frederik Starr arxitektura yodgorliklarini virtual rekonstruksiya qilish taklifi bilan chiqdi.

«Biz bugun Shahrisabzda Temur saroyini tiklash haqida faqatgina orzu qilishimiz mumkin, chunki tiklash xarajatlari mislsiz darajada katta. Ammo virtual restavratsiya muzey kolleksiyalarini, turizmni boyitishda sezilarli rol o‘ynaydi. Bu kelgusi avlodning yo‘qotilgan o‘tmish bilan tanishishiga imkon yaratadi. Shuningdek, virtual restavratsiya jahon arxitekturasi o‘tmishini qayta yozish, allaqachon bu zamindan yo‘qolib ketgan qurilish san'atini tiklashga yordam beradi», dedi Starr.

Bundan tashqari, ekspert tarixiy mahallalarni o‘z holatida saqlab qolish, ularning katalogini tuzish taklifini ilgari surgan.

«Buxoro va Samarqandning qadimgi qismida aholi uylari, hatto to‘liq mahallalar ham yirik obidalardan ko‘ra ko‘proq qiziqish uyg‘otishi mumkin. Bu uylar va mahallalarni hozirgi holatida nafaqat interer, balki eksterer sifatida foydalanish kerak. Tarixiy mahallalar katalogini tuzish muhim ahamiyat kasb etadi.

O‘zbekistondagi tarixiy tumanlarni saqlashga qaratilgan qonunlar yaratilishi kerak. Shuningdek, tarixiy merosni asrash bo‘yicha faol fuqarolik harakati vujudga kelishi, ular qonunlarning ishlashini talab qilishi lozim.

Zamonaviy o‘zbek arxitektorlari o‘z ishlarida O‘zbekistonning saqlab qolingan tarixiy me'morchilik obidalari, eski mahallalar va uylarning konstruksiyasidan namuna sifatida foydalanishi mumkin», deya ta'kidladi Frederik Starr.

Tarixchi o‘z nutqida O‘zbekistonning musiqa merosini saqlash zaruratiga ham to‘xtalib o‘tdi.

«Musiqa she'rdan ko‘ra tezroq yo‘qoladi. Afsuski, musiqiy meros oxirgi bir necha o‘n yillikda sezilarli darajada yo‘qotilgan yoki noto‘g‘ri shaklda saqlanib qolgan. Xuddi raqs san'ati singari. O‘zbekistonning qadimgi musiqa madaniyati bilan faqatgina 20-asr boshida qilingan bir necha yozuvlar orqali tanisha olamiz», dedi u.

Frederik Starr tomonidan ilgari surilgan takliflar O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish butunjahon jamiyatining 2021-2025 yillar uchun mo‘ljallangan yo‘l xaritasiga kiritildi.

Mavzuga oid