Jahon | 15:39 / 16.08.2020
60050
6 daqiqa o‘qiladi

Koronavirus: 7 milliard odam qanday qilib emlanadi?

Bugun butun dunyo olimlari Covid-19’ga qarshi vaksinani ishlab chiqish uchun safarbar qilingan.

Foto: Reuters

Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson «hayotimizning birgalikdagi eng shoshilinch sa'y-harakatlari» deb ta'riflagan safarbarlik bilan bog‘liq har bir kishining aqlida bir savol tug‘iladi: 7 milliard odam koronavirusga qarshi qanday emlanadi? Amaliyotning logistikasi qanday bo‘ladi?

Angliyada emlash bo‘yicha tadqiqotlar Oksfordshirdagi sobiq RAF (Britaniya Qirollik havo kuchlari) aviabazasidagi Harwell tadqiqot kampusida davom etmoqda.

Vaksinalarni ishlab chiqarish va innovatsiyalar markazi (VMIC) direktori Metyu Dyushars emlash jarayoni haqida fikr bildirdi. «Biz vaqt jadvalini yarmiga qisqartirdik. Aslida, vaksina 2022 yil oxirigacha tayyor bo‘lishini kutayotgandik, endi u 2021 yilda tayyor bo‘ladi, deb umid qilyapmiz. Bunday vaksinalarni tez va samarali ishlab chiqarish qobiliyati nafaqat mamlakat uchun, balki butun dunyo uchun juda muhim» dedi u.

«Bu xuddi uyda tort tayyorlashga o‘xshaydi. Siz eng zo‘r tortni tayyorlash uchun ko‘p vaqt sarflashingiz mumkin. Ammo hozir siz o‘zingiz pishiradigan tortdan 70 millionta tayyorlashingiz kerak. Ularning hammasi birday mukammal bo‘lishi lozim, bu esa juda qiyin», deya qo‘shimcha qiladi mutaxassis.

Oksford universitetida vaksinatsiya tadqiqotlari uchun yetarlicha laboratoriya maydoni yaratilgan. Oxir-oqibat, insoniyat milliardlab dozalarda Covid-19 vaksinalarining bir nechta turini tayyorlashga majbur. Barchasi dunyo bo‘ylab ishlab chiqarilishi, tarqatilishi va boshqarilishi kerak.

Xalqaro vaksinalar ittifoqi (Gavi) mamlakatlarni emlash amaliyoti haqida bosh qotirishga chaqirdi. Ammo vaksinalar bo‘yicha xalqaro hamkorlikka erishish oson emas. Chunki ko‘plab boy davlatlar sehrli formula topilsa, ingrediyentlarni ta'minlash bo‘yicha farmatsevtika kompaniyalari bilan ikki tomonlama kelishuvga erishmoqda.

«Emlash millatchiligi»

Gavi bosh direktori Set Berklining aytishicha, hozirgi eng katta to‘siqlardan biri bu «emlash millatchiligi»dir.

Berkli vaksina masalasini butun dunyo miqyosida ko‘rib chiqish kerakligini ta'kidlagan.

«Toki hamma xavfsiz bo‘lmaguncha hech birimiz xavfsiz bo‘la olmaymiz», dedi u.

Uning fikricha, rivojlanayotgan mamlakatlar to‘g‘ri vaksinalardan foydalanishni ta'minlashga harakat qilishdan tashqari, dunyoda vaksina uchun flakon (shisha idish) yetarli yoki yetarli emasligi xususida ham bosh qotirishi lozim.

«Bu masalada xavotirimiz bor edi, shuning uchun biz ikki milliard dozaga yetadigan flakon sotib oldik. 2021 yil oxiriga qadar tayyor bo‘lishi umid qilinayotgan dozamiz soni ham shuncha», deya e'tirof etdi Berkli.

Muzlatkichlar masalasi muammo bo‘lishi mumkin

Aksariyat vaksinalarni past haroratda saqlash kerak. Shuning uchun muzlatgich va shisha idishlar bilan bilan bog‘liq yana bir muammo paydo bo‘ladi.

Birmingem universitetining sovuq zanjirli logistika professori Tobi Piters Gavi kabi tashkilotlarga rivojlanayotgan mamlakatlarda mavjud sovutish qobiliyatini qanday oshirish mumkinligi xususida yordam bermoqda.

Piters bu ehtimoliy muammoni quyidagicha izohladi: «Muammo nafaqat vaksina sovutkichlari bilan, balki uni samolyotlarga o‘tkazish uchun tagliklar, muayyan joyga yetkazib berish kerak bo‘lgan transport vositalari bilan bog‘liq. Bularning bari hech bir muammosiz ishlashi darkor».

Professor Piters bu ulkan loyihaga yordam berish, xususan, muzlatish zanjirli omborxonalarni sotib olish borasida global oziq-ovqat va ichimlik kompaniyalari bilan muzokaralar olib bormoqda.

Birinchi navbatda kimlar emlanadi?

Vaksinatsiyani boshqarishni osonlashtirish uchun davlatlar o‘z aholisi orasida kimga ustuvorlik berish kerakligini aniqlab olishi lozim.

Buyuk Britaniyada inson va hayvonlar salomatligi bo‘yicha tadqiqotlar olib boradigan Wellcome Trust rahbari, doktor Charli Vellerning aytishicha, mamlakatlar o‘zlariga bir necha savollarni berishga majbur bo‘lishi mumkin: «Ushbu vaksinaga kimning ehtiyoji bor? Xavf darajasi yuqori guruhlar qaysi? Birinchi navbatda kimlarni emlash kerak?».

Bir narsa aniqki, ishlab chiqariladigan ilk vaksina yetarli miqdorda bo‘lmaydi.

Sog‘liqni saqlash tizimlarining kuchi yetarli darajadami?

Haqiqiy vaksinalarni ishlab chiqarish oson bo‘lmaydi. Ushbu jarayon uchun sog‘liqni saqlash tizimlari va mamlakatlarning sog‘liqni saqlash sohasidagi mutaxassislari yetarli bo‘ladimi?

Masalan, Angliyada ovoz berish markazlaridan foydalanishga imkon beruvchi shablon mavjud. Ammo qashshoq davlatlar uchun bu yanada dahshatli.

Doktor Vellerning ta'kidlashicha, to‘g‘ri texnik ko‘nikmalarga ega bo‘lgan mutaxassislar hamda kuchli sog‘liqni saqlash tizimi belgilangan guruhlarni emlashda o‘ziga xos kalit vazifasini bajarishi mumkin.

Olimlarning fikriga ko‘ra, koronavirusga qarshi bir qancha vaksinalar yaratiladi.

Zotan, dunyo olimlari hozirda milliardlab odamlarga vaksinani o‘z vaqtida yetkazib berish uchun tunlarini bedor o‘tkazishyapti.

Mavzuga oid