O‘zbekiston | 17:40 / 03.08.2021
5389
2 daqiqa o‘qiladi

Yilning birinchi yarmida avtomobil sanoatiga 9,5 trillion so‘mlik bojxona imtiyozlari taqdim etilgan

Birinchi yarim yillikda 200 trillion so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida o‘tkazilayotgan yig‘ilishda 2021 yilning birinchi yarmi  natijalari asosida, yil oxiriga qadar hududlar va tarmoqlarda barqaror iqtisodiy o‘sishni ta'minlash bo‘yicha choralar muhokama qilinmoqda.

Ma'lum qilinishicha, o‘tgan 6 oyda yalpi ichki mahsulot 6,2 foizga o‘sgan. Bunga asosan sanoat – 8,5 foiz, investitsiyalar – 5,9 foiz va xizmatlar hajmi – 8 foizga oshgani hisobiga erishildi. Inflatsiya darajasi 10,9 foizni tashkil etdi. Ushbu davrda jami 200 trillion so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarildi.

Shundan, Navoiy kon-metallurgiya – 26 trillion so‘m, to‘qimachilik – 15 trillion so‘m, Olmaliq kombinati – 14,5 trillion so‘m, elektr energiyasi korxonalari – 11 trillion so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarilib, ularning ulushi jami sanoatda 37 foizni tashkil qildi.

Sanoatda yuqori o‘sish sur'atlari Qashqadaryoda – 26 foiz, Sirdaryoda – 23, Jizzaxda – 15, Toshkent shahrida – 14 va Namanganda – 12 foizni tashkil etdi.

«Iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlashda davlat resurslari ham hal qiluvchi omil bo‘lmoqda. Sanoat tarmoqlariga bir yarim yil davomida 50 trillion so‘mdan ziyod bojxona imtiyozlari va tarif preferensiyalari berilgan.

Birgina avtomobil sanoatiga 9,5 trillion so‘mlik, neft-gaz tarmog‘iga 2,8 trillion so‘mlik bojxona imtiyozlari taqdim etilgan.

Hududiy sanoat hajmi Sirdaryoda – 41 foiz, Xorazmda – 33 foiz, Namangan va Surxondaryoda – 24 foiz yuqori darajada o‘sgan», dedi davlat rahbari.

Mavzuga oid