18:46 / 02.08.2022
19641

O‘zbekiston uchun noodatiy maskan: 860ta tashlandiq itning zamonaviy boshpanasi

“Mehr” nomli hayvonlarga g‘amxo‘rlik maskani – O‘zbekistondagi boshpanasiz jonivorlarning ilk reabilitatsiya markazidir. Kun.uz muxbiri mingga yaqin itga boshpana bo‘lgan maskandan reportaj tayyorladi.

Markaz Toshkent viloyatining O‘rta Chirchiq tumanida joylashgan.

“Jonivorlarga qo‘limizdan kelgancha yaxshi sharoit yaratganmiz”

Yelena Lisenko, boshpanasiz hayvonlarning “Mehr” markazi direktori:

— Men O‘zbekistonda ilk marta tashkil qilingan vaqtincha boshpanasiz itlarni reabilitatsiya qilish markazi rahbariman. Bilasizmi, o‘z egasini yo‘qotgan, tashlab ketilgan yoki ko‘chada tug‘ilgan itlar qanchadir muddat ko‘chada yashashga majbur. Biz bu yerda ularga g‘amxo‘rlik qilamiz va qo‘limizdan kelgancha yaxshi sharoit yaratishga harakat qilamiz. Itlar o‘z egasini, o‘z uyini topishi kerak. Markazimizda ayni vaqt ko‘chadan olib kelingan 860 ta it boqilyapti.

Markaz Akfa Group homiyligida tashkil etilgan. 2 yildan ortiq vaqt mobaynida Yevropa va Turkiyada malaka oshirib kelgan mutaxassislarning tajribasi mana shu markazimizga moslashtirilgan. Bu yerda jonivorlarni yaxshi ko‘ruvchilar ishlaydi. Xarajatlarning deyarli barchasi Akfa Group tomonidan qoplanadi. Bu xarajatlarga oziq-ovqat va vaksinalar, 23 nafar ishchining maoshi ham kiradi.

“Undan ko‘ra odamlarga g‘amxo‘rlik qilsang bo‘lmaydimi, deyishadi”

Gulchehra Ergasheva, Hayvonlarni himoya qilish jamiyati a’zosi, volontyor:

— “Mehr” boshpanasida juda ko‘p qarovsiz jonivorlar joylashtirilgan. Bizning jamiyatimiz ham shunday faoliyat yuritadi. Biz Qonunchilik palatasi bilan ishlaymiz. 4 yil oldin odamlarning it yoki mushuklarga yomon munosabatda bo‘lgan holatlari yuzasidan organlarga yiliga 85 ta ariza tushar edi. Hozir 1,5 mingdan ko‘proq arizalar tushyapti. Bizning ham telefonlarimiz bor – hayvonlarga vahshiy va yomon munosabatda bo‘lish holatlari haqida ma’lum qilishadi.

Jonivorlarga g‘amxo‘rlik qilamiz desak, ko‘plar tushunmaydi. Undan ko‘ra odamlarga, yosh bolalarga yordam bersang bo‘lmaydimi, degan gaplarni ko‘p eshitamiz. Muhtoj odammi, hayvonmi – hammaga yordam berish kerak, deb o‘ylayman. Biz bir-birimizga mehr-oqibatli bo‘lishimiz kerak, atrof-muhit, tabiat va jamiyatimizni asrashimiz kerak, bular ham ekosistemaning bir qismi.

Ko‘rganimizdek, Nukusda itlar qabristoni topildi. Bizga bu juda achinarli va bunday hollar deyarli har kuni kelib tushadi. Menimcha, insoniyligimizni yo‘qotmasligimiz kerak. Bular beozor, Alloh yaratgan jonivorlar, insonga qaram. Tishlaydi deb qo‘rqishadi. Bolalarni yoshligidan qo‘rqitib qo‘yishadi. Bolalarini olib kelishsin, ko‘rishsin. Hozir mana kirdik, birorta it tashlanganini ko‘rmadingiz, chunki ular bu yerda mehr ko‘radi.

Markazimizda veterinar blokimiz ham bor. U barcha sharoitlar, ya’ni ultratovush tekshiruvi, rentgen apparatlari, sterilizatsiya va bioximik analiz jihozlari bilan ta’minlangan. Umuman olganda, muolajalar, jarrohlik operatsiyalarini qilishga imkoniyatimiz bor. Bu yerni bemalol veterinar klinikasi deb atay olamiz.

Joriy yilda “Mehr va oqibat” jamiyati ishtirokida 150 dan ziyod sudlarda yutib chiqildi va hayvonlarga yomon munosabatda bo‘lganlar jazosini oldi. Yana bir faoliyatimiz shuki, mahallalarga borib suhbat o‘tkazib kelamiz, volontyorlarimiz maktablarga borib bolajonlar bilan gaplashishadi. Ularga hayvonlarga yaxshi munosabatda bo‘lish borasida roliklar qo‘yib berishadi. O‘zingiz bilasiz, aksariyat bolalar it-mushuklarga tosh otadi, buni ota-onasidan ko‘radi. Afsuski, ota-onalar ham bolalariga jonivorlarni ko‘rsa, “ur, tep” deydi. Ijtimoiy tarmoqlarda ham ko‘rayotgan bo‘lsangiz kerak, hayvonlarga nisbatan jinoyatlar ko‘p.

“Hayvonlarga yaxshi qaraydigan xodimlar kerak”

Yelena Lisenko:

— Markazda 3 nafar kinolog, 2 nafar veterenar hamda qo‘riqlash xodimlari ishlaydi. Bizga hayvonlarimizga yaxshi qaraydigan xodimlar kerak. Administratsiya bo‘limida qizlarimiz bor – ular atrof-muhit tozaligiga mas’ul, shuningdek, ular itlarga ovqat tayyorlab ham berishadi. Yangi kelgan ishchilar tezroq oylik olishni xohlaydi va ishni tez tashlab ketishadi.

Statsionar bo‘limida bemor itlarimiz ham bor. Sog‘lom itlar ko‘chada yurganda bir-biriga kasal yuqmasligi uchun vaksinatsiya qilinguncha kasal itlar alohida saqlanadi.

Bizga yana xodimlar kerak, biroq moliyaviy sharoitimiz buni ko‘tarmaydi. Ammo hammasi yaxshi bo‘ladi, deb umid qilamiz.

“Hayvonlar sonini xavfsiz yo‘l bilan kamaytiramiz”

Gulchehra Ergasheva:

— Yana bir faoliyatimiz – hayvonlarning sonini sterilizatsiya va kastratsiya yo‘li bilan kamaytirish. Bu eng zararsiz yo‘li deb o‘ylaymiz. Hozircha jonivorlarni veterinarlarimiz jarrohlik yo‘li bilan sterilizatsiya qilishyapti.

Mahallalarda odamlar jonivorlarga uychalar quryapti. Aytmoqchimanki, yomon insonlarimiz bor, biroq yaxshilar ham ko‘p. Odamlar yildan yilga hayvonlarga g‘amxo‘rlik qilish kerakligini tushunib borishyapti.

Ushbu markazni Akfa Group qurib bergan bo‘lsa, shunday katta kompaniyalardan biri Coca-Cola ham mushuklarga uychalar qurib berdi. Bu boshlanishi va shundan umid qilamizki, bunaqa katta kompaniyalar shunday markazlar qurib berishadi va bundan xursand bo‘lardik. Chunki juda qiyin, volontyorlar o‘zi ishlaydi, hammasini o‘zining puliga qiladi.

Madina Ochilova Kun.uz muxbiri
Operator va montaj ustasi Abdusalim Abduvohidov

Top