14:10 / 19.11.2021
29182

Navoiylik fuqaro chorva ozuqasi yetishtiruvchi qo‘lbola uskuna yasadi

Marmarlari bilan mashhur G‘ozg‘on shahrida chorva ozuqasi yetishtirish uchun ekin maydonlari deyarli yo‘q. Hududda mayda shoxli mollar dala-dashtda boqiladi, qoramol boqish esa ancha mushkul. Fuqaro Zavqiddin Sharipov buning imkonini topdi. U qo‘lbola usulda chorva uchun ozuqa yetishtiruvchi uskuna yasadi.

Uskunada ozuqa gidroponika usulida yetishtiriladi. Suvda ivitilib, bir kun qopga solib qo‘yilgan bug‘doy va arpa maxsus joyga yoziladi hamda kuniga 3 mahal sug‘oriladi. Unib chiqqan maysalar 8-9 kunda molga berish uchun tayyor bo‘ladi. 

“Turmush o‘rtog‘im bilan internetni ko‘rib, ushbu yo‘nalishdagi texnologiyalarni o‘rganib uskunani yasadik. Har kuni 90 kg bug‘doy ivitib, uni yoyamiz. 8 kun davomida unga ishchilarimiz qaraydi. 9 kunda 90 kg bug‘doydan 450-500 kg ozuqa olamiz. Mayda shoxli mollarga arpa ivitamiz. U ham 9-10 kunda tayyor bo‘ladi. Hozirda yem qimmatligi, xashak kamligi tufayli qoramol boqish qiyin. Chorvani rivojlantirish ancha muammo bo‘lib qolyapti. Bu yasagan uskunamiz har bir xonadonga asqotishi mumkin. Har bir xonadonda ushbu uskunani kichikroq hajmda yasab, qoramollarga ozuqa yetishtirsa bo‘ladi”, — deydi xonadon bekasi Marg‘uba Sharipova.

Uskuna bir kunda qariyb 3 tonnagacha ozuqa yetishtirish quvvatiga ega. Buyerda 6 kishi ish bilan ta'minlangan.

Maysali ozuqadan yegach, sigirlar ikki barobar ko‘p sut bera boshlagan. Oila hozirda hudud aholisini sut va go‘sht mahsulotlari bilan ta'minlab kelmoqda. Yaqinda chet eldan zotdor qoramollar keltirish ham rejalashtirilgan.  

Mavzuga oid
Top