20:45 / 05.01.2019
32181

Oroldagi holatni o‘zgartiradigan ish qilmadik – Boriy Alixonov

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari Boriy Alixonov Orol muammosi haqida o‘z fikrini aytib, «pichoqqa ilinadigan, holatni kardinal o‘zgartiradigan ishlar» qilinmaganini bildirdi. U  bu haqda Xalqaro press-klubning Mo‘ynoqdagi sayyor-sessiyasi vaqtida gapirib bergan, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri. 

«Tan olish kerak, yarim asr mobaynida biz Orol fojiasini bartaraf etish bo‘yicha ko‘zga ko‘rinadigan, jaydari til bilan aytganda pichoqqa ilinadigan, holatni kardinal o‘zgartiradigan ishlarni unchalik amalga oshirganimiz yo‘q. Boz ustiga, minbarlarda, anjumanlarda biz Orol fojiasini ovoza qildik, lekin yetarli samaraga erishganimiz yo‘q», – dedi Boriy Alixonov.

Foto: Xalqaro press-klub

Alixonov «qisqa muddat davomida prezident Shavkat Mirziyoyev Orolga bo‘lgan munosabatni ham» o‘zgartirganini ta'kidlagan. 

«Qisqa muddat davomida muhtaram prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev mana shu muammoga aniq, qisqa va tezkor amaliy ishlar bilan nafaqat mamlakatimizda, balki jahon hamjamiyatida Orolga bo‘lgan ham munosabatni, ham e'tiborni, qolaversa tafakkurni o‘zgartirdi, desak to‘g‘ri bo‘ladi. Qilinayotgan ishlarning ko‘lami odamni shunday lol qoldiradiki, buni qilinayotgan ishlarning in'ikosi sifatida qabul qilishimiz darkor», – deya davom etdi u.

Spikeri o‘rinbosariga ko‘ra, prezident Orolbo‘yini ekologik innovatsiya va texnologiyalar zonasi, deb nomlash bo‘yicha bejiz taklif bermagan. 

«Orolda sodir bo‘layotgan fojiani muvaffaqiyatga aylantirish masalasini kun tartibida turgan eng asosiy va amaliy ko‘zgu sifatida ko‘rishimiz lozim bo‘ladi», – deya xulosa qildi Alixonov.

Foto: Xalqaro press-klub

Press-klubda ma'lum qilinishicha, Orol tubiga aynan saksovul ekilishiga sabab, ushbu daraxt baland bo‘lmasa-da, eniga katta joy egallagani bois qator qilib ekilsa shamolning ta'sirini kamaytiradi. Bitta saksovul daraxti 10 tonnadan, ba'zi ma'lumotlarga ko‘ra, 100 tonnagacha qumni ko‘chishdan ushlab turadi va o‘ziga tuzni yig‘ib oladi.

Hozirgi vaqtda Orol fojiasi tufayli 5,5 million gektardan ortiq maydonda Orolqum sahrosi paydo bo‘ldi. Mintaqada har yili atmosferaga 100 mln tonna atrofida qum va tuz ko‘tariladi.

Eslatib o‘tamiz, 2018 yilning 25-27 may kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatining aksariyat hududi qum va tuzli bo‘ron ostida qolgan edi.

Top