O‘zbekiston | 22:39 / 20.05.2024
7325
2 daqiqa o‘qiladi

Ehtiyojmand oilalarga quyosh panellari o‘rnatib beriladi

20 mingga yaqin ehtiyojmand oilalarga 1,5-2 kW quvvatga ega quyosh panellari bepul o‘rnatib beriladi, deya ma’lum qildi energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov. Uning aytishicha, panellar quvvati asosiy elektr energiyasiga bo‘lgan bazaviy miqdor – 200 kW·hgacha bo‘lgan ehtiyojni qoplashga yetadi.

Foto: Kun.uz

O‘zbekistonda ehtiyojmand oilalar uchun quyosh panellarni bepul o‘rnatib berish rejalashtirilmoqda. Bu haqda energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov UzReport telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

«Biz hozir dastur tayyorlayapmiz. Yozda uy xo‘jaliklarining iste’moli ortadi. Agar bitta yoki ikkita konditsionerga ega kam ta’minlangan oila bo‘lsa, ularga 1,5-2 kW quvvatga ega quyosh panellarini o‘rnatishni rejalashtirganmiz. Bu borada hamkorlarimiz bilan ish boshladik», – dedi u.

Energetika vazirining qo‘shimcha qilishicha, Saudiyaning ACWA Power kompaniyasi bilan birgalikda ijtimoiy muassasalarda quyosh batareyalari o‘rnatilyapti. Endi bu amaliyot kam ta’minlangan oilalar uchun ham joriy qilinadi.

Bunda 20 mingga yaqin ehtiyojmand oilalar ro‘yxati «mahalla yettiligi» hamda Ijtimoiy himoya agentligining restri asosida shakllantiriladi. Panellar quvvati asosiy elektr energiyasiga bo‘lgan bazaviy miqdor – 200 kW·hgacha bo‘lgan ehtiyojni qoplashga yetadi.

Mavzuga oid