21:29 / 18.06.2020
10517

«Prezident maktablarining aksariyat xorijlik muallimlari karantin davrida ham O‘zbekistonda qolib dars o‘tishdi» – Sarvar Boboxo‘jayev

Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi direktori Sarvar Boboxo‘jayev Kun.uz muxbiri bilan suhbatda pandemiyaning ta'lim sohasiga ta'siri, nima uchun imtihonlar keyingi yilga qoldirilgani, galdagi rejalar haqida so‘z yuritdi.

– Mamlakatda kuzatilayotgan epidemiologik vaziyat tufayli Prezident maktablariga imtihonlar qoldirilgani ma'lum qilindi.. Ularni onlayn o‘tkazish yoki shunga o‘xshash boshqa muqobil variant topish mumkin emasmidi?

– Agentlik o‘z faoliyatini o‘tgan yil sentabr oyidan boshlagan. Shu davrdan boshlab, Toshkent, Nukus, Namangan va Xiva shaharlarida jami 4 ta Prezident maktabi o‘z faoliyatini boshladi. Bu maktablar uchun imtihonni tashkillashtirishdagi eng asosiy mezon shaffoflikdan iborat. Va ularning imtihonlarini o‘tkazish jarayoniga xorijdan malakali mutaxassislar jalb etiladi.

O‘tgan yilgi qabulda Prezident maktablarida o‘qish istagini bildirgan 28 mingdan ortiq o‘quvchi hujjat topshirgan. Va biz 4 maktabning har biriga 144 nafardan o‘quvchini saralab oldik.

O‘rtacha hisobda Toshkent shahridagi Prezident maktabida bir o‘ringa 49 nafar da'vogar to‘g‘ri kelgan. Namangan viloyatida bu ko‘rsatkich undan ham yuqori bo‘lgan: 1 o‘rin uchun 120 nafar.

Birinchi yilgi imtihonlardan keyin ham xalqaro hamkorlar bilan, shuningdek, Cambridge assessment tashkiloti bilan hamkorlik ishlari to‘xtagani yo‘q.

Pandemiya esa nafaqat O‘zbekiston, balki butun dunyoga salbiy ta'sir o‘tkazdi. Uning qachon tugashi haqida hech kimda aniq ma'lumot ham qo‘q. 120 dan ortiq mamlakatda test imtihonlarini o‘tkazishga ixtisoslashgan Cambridge assessment tashkiloti faoliyati ham pandemiya sababli zarar ko‘rdi. Shu tufayli imtihon uchun aniq sanalarni rejalashtirish imkoni yo‘q. Sababi, imtihonlarda shaffoflik birinchi mezon hisoblanadi.

Siz aytganingizdek, onlayn imtihon o‘tkazish haqida ham o‘ylab ko‘rildi. Biroq bu shaklda adolatli imtihon o‘tkaza olish borasida yetarli darajada izlanishlar olib borilmagan.

Masalan, o‘tgan yilgi imtihonlar katta sig‘imli pavilonlarda tashkillashtirildi va har birida 1000 ga yaqin ishtirokchi qatnashdi. Ularning har biri uchun kuzatuvchilar qo‘yildi, bundan tashqari, jurnalistlar va blogerlar ham imtihon jarayonlariga taklif qilingan edi.

Ota-onalar ham har bir holatni videokuzatuv moslamalari orqali kuzatish imkoniga ega bo‘lishdi. Shulardan kelib chiqqan holda aytish mumkinki, ehtimol, kichik sonli ishtirokchilar qatnashadigan imtihonlarni onlayn tashkillashtirish mumkindir, biroq bu kabi ko‘p sonli ishtirokchilar bilan o‘tkaziladigan imtihonlarni onlayn o‘tkazish qiyin.

Sarvar Boboxo‘jayev

Eng asosiy sabab – Cambridge Assessment tashkilotining imtihon o‘tkazish sanalari noma'lum ekanligi.

Lekin pandemiya sharoitida ham chet ellik va mahalliy o‘qituvchilar Prezident maktablari o‘quvchilari bilan onlayn muloqotda bo‘lishdi, darslar davom etdi. Hozir bu maktablarda 40 nafarga yaqin xorijlik muallimlar ishlaydi va ularning aksar qismi karantin davrida ham O‘zbekistonda bo‘lib, bolalarga Google Classroom va Moodle kabi platformalar orqali dars o‘tishda davom etdi.

– Joriy yil 5 ta hududda - Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Samarqand va Farg‘ona viloyatlarida Prezident maktablari ochilishi rejalashtirilgan edi. Bu yil imtihonlar o‘tkazilmasligi sababli ularda ham qabul keyingi yilga qoldirilgan. Maktablarning qurilish jarayonlari ham kechikmaydimi?

– Yo‘q. Qabul kechiktirilgani qurilish muddatlariga ta'sir qilmaydi. Ochilishi rejalashtirilgan har bir viloyatda Prezident maktablari qurilishi davom etyapti. Bu bo‘yicha tegishli tashkilotlar, jumladan, agentlik nazorat ishlarini olib bormoqda.

Bundan tashqari, pandemiya bilan bog‘liq vaziyatning o‘nglanishiga qarab kelasi yil uchun imtihonlar, ehtimol, muddatidan oldinroq o‘tkazilishi ham rejalashtirilishi mumkin.

– Prezident maktablari boshqa maktablar uchun lokomotiv vazifasini bajarishi kerakligi aytilgan edi. Ularda to‘plangan tajriba qachondan boshqa umumta'lim maktablarida qo‘llana boshlanadi? Bu yil maktablarda to‘planayotgan tajribani ommalashtirish, kadrlarni mahalliylashtirish borasida qanday ishlar amalga oshirilyapti?

– Hozir Prezident maktablarida 40 nafarga yaqin xorijlik o‘qituvchilar dars berayotgani haqida aytib o‘tdim. Toshkent shahri misolida aytadigan bo‘lsam, ularning har biri mahalliy maktablarga ham biriktirildi: ular umumta'lim maktablariga borib mahorat darslari o‘tishdi.

Hozir Xalq ta'limi vazirligi bilan yangi loyiha ustida ham ishlanmoqda. Unda o‘qituvchilar malakasini oshirish nazarda tutilgan.

Bundan tashqari, pandemiya davrida Xalq ta'limi vazirligi tomonidan «onlayn maktab» loyihasi taqdim etildi. Unda 60-70 nafar mahalliy o‘qituvchilarimiz ham dars o‘tishdi. Bu ham tajriba almashish uchun yaxshi vosita bo‘ldi.

Hozir Prezident maktablarida Cambridge publishing, Oxford publishing kabi nufuzli nashriyotlar kitoblaridan foydalanilmoqda. Albatta, bu kitoblardan ham foydalanish mumkin.

Darslik yoki uslubiy tajriba almashish kabi hamkorlik ishlari doimiy olib borilmoqda. Hozir yoz fasli buning uchun qulay fursat. Negaki, may oyida Xalq ta'limi vazirligi tasarrufidagi maktablarda o‘quv yili tugadi. Prezident maktablarida esa iyun oyida ham darslar davom etdi. Endi darslardan bo‘shayotgan va O‘zbekistonda bo‘ladigan xorijlik muallimlar bilan hamkorlikda ishlash mumkin.

Keyinchalik esa har bir hududda ochiladigan Prezident maktablari o‘sha hudud ta'limi uchun tayanch bo‘lishi ham rejalashtirilgan.

– Agentlik nafaqat Prezident maktablari, balki ixtisoslashtirilgan va ijod maktablari bilan ham ishlaydi. Darsliklar – hozirda O‘zbekiston ta'lim tizimidagi eng og‘riqli masala. Prezident maktablarida turli xorijiy nashriyotlarning sinovdan o‘tgan nashrlaridan foydalanilayotgan bo‘lsa, ixtisoslashtirilgan va ijod maktablarida darsliklar bilan bog‘liq holat qanday?

– Prezident va ijod maktablarini rivojlantirish bo‘yicha alohida hukumat qarori tasdiqlangan. Unga ko‘ra, ijod maktablari uchun yangi darsliklar ishlab chiqish vazifasi topshirilgan. Hozir bu bo‘yicha O‘zbek tili va adabiyoti universiteti bilan hamkorlikda ish olib borilmoqda va darsliklar ishlab chiqish boshlandi.

Ixtisoslashtirilgan maktablarda ham xorij nashrlaridan foydalanish, mahalliy mutaxassislarning eng yaxshi darsliklaridan foydalanish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi. Bu borada ham ishlar boshlangan.

– Prezident, ijod va ixtisoslatirilgan maktablarida o‘rinlar soni cheklangan. Keyinchalik bu maktablarda ham qo‘shimcha binolar qurish va boshqa usullar bilan qamrovni oshirish imkoni bormi?

– Bitta narsani hamma tushunishi kerak: Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarda cheklangan sonli bolalar bevosita ta'lim olayotgan bo‘lsa-da, ularda to‘plangan tajriba Xalq ta'limi tizimidagi barcha maktablarga ommalashtirilishi ko‘zda tutilgan. Nafaqat Prezident maktablari sonini oshirish bo‘yicha ishlar qilinyapti, balki turli metodlarni aprobatsiyadan o‘tkazish, darsliklar bo‘yicha turli yondashuvlarni o‘rganish ishlari ham qilinyapti.

Bundan tashqari, Xalq ta'limi tizimida ham yangi maktablar barpo etilyapti. Ular bilan ham hamkorlik o‘rnatish va to‘plangan ijobiy tajribani tatbiq etish rejalashtirilgan.

Suhbatni to‘liq shaklda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Jamshid Niyozov suhbatlashdi

Top