11:13 / 26.07.2019
13966

Majburiy tibbiy sug‘urta uch bosqichda joriy etiladi

Foto: 123RF

Tajriba 2021 yilda Sirdaryo viloyatida o‘tkaziladi, 2023 yildan Qoraqalpog‘iston, Toshkent, Samarqand, Navoiy, Surxondaryo va Farg‘ona viloyatlarida, 2025 yildan esa butun mamlakat bo‘ylab joriy etiladi, deb yozmoqda Norma.

 Vazirlar Mahkamasi huzurida Majburiy tibbiy sug‘urta jamg‘armasi tashkil etiladi. Qoraqalpog‘iston, viloyatlar va Toshkent shahrida uning hududiy boshqarmalari barpo etiladi. Jamg‘armaning asosiy vazifasi mablag‘larni boshqarish va fuqarolarni majburiy sug‘urtalash, sug‘urtalangan shaxslarni hisobga olish va harakatlanish mexanizmlarini joriy qilishdan iborat.

 Jamg‘armaga quyidagi mablag‘lar kelib tushadi:

• bazaviy majburiy tibbiy sug‘urta uchun davlat budjetidan olingan mablag‘lar;

• tamaki mahsulotlari, alkogol, tarkibida shakar, transyog‘lar yuqori darajada bo‘lgan mahsulotlar va sog‘liq uchun zararli bo‘lgan boshqa mahsulotlarga aksiz solig‘idan maqsadli ajratmalar;

• sud qarorlari ijrosi bo‘yicha kompensatsiya to‘lash uchun davlat budjetidan olingan mablag‘lar;

• ixtiyoriy badallar hamda yuridik va jismoniy shaxslarning hadya shartnomalari bo‘yicha tushumlar;

• xalqaro tashkilotlar grantlari;

• xayriya jamg‘armalaridan, xalqaro tashkilotlar va xorijiy fuqarolardan keladigan mablag‘lar;

• milliy qonunchiligimizga zid bo‘lmagan boshqa daromadlar.

Bunda turli yordamlarni ko‘rsatish uchun ularning xususiyatlarini hisobga olgan holda quyidagi to‘lov usullari joriy etiladi:

• birlamchi tibbiy-sanitariya yordami – hududlarning xususiyatlari, muassasalar turi, aholi zichligi va boshqa omillarni, ko‘rsatilgan tibbiy xizmatlar sifati natijalarini hisobga oluvchi toifalangan tuzatish koeffitsiyentlariga ega yagona jon boshiga to‘g‘ri keladigan normativiga asosan haq to‘lashning kombinatsiyalangan usuli;

• ixtisoslashtirilgan /ikkilamchi ambulatoriya yordami – ixtisoslashtirilgan ambulator xizmatlar uchun haq to‘lash usuli;

• statsionar yordam – respublika, viloyat va tuman (shahar) davolash-profilaktika muassasalarida hajm strategik cheklangan holda klinik-xarajat guruhlari bo‘yicha «har bir davolangan holat» uchun haq to‘lash usuli.

 Taqdim etilgan 2019-2025 yillarda O‘zbekiston Respublikasida sog‘liqni saqlashni moliyalashtirish strategiyasi loyihasida majburiy tibbiy sug‘urtani joriy etishdan kutilayotgan natijalar keltirilgan.

Bundan tashqari, shu oyning boshida muhokamaga qo‘yilgan va saytimizda yoritilgan «Majburiy tibbiy sug‘urta to‘g‘risida»gi qonun loyihasi takroran joylashtirildi. Qonun loyihasi matniga doir sharh, izoh va takliflar bo‘lsa, 5 avgustgacha QHTBT portalida qoldirish mumkin.

 Eslatib o‘tamiz, Prezidentning 7.12.2018 yildagi PF-5590-son Farmonida 2021 yil 1 yanvardan majburiy tibbiy sug‘urtani bosqichma-bosqich joriy etish nazarda tutilgan.

Loyiha o‘zgartirilishi, unga qo‘shimcha kiritilishi yoki bekor qilinishi mumkin.

Top