21:16 / 09.02.2021
9673

Sherzod Shermatov Amerikadan kelgan o‘qituvchilar olib boradigan ishlar haqida ma'lumot berdi

Bugun, 9 fevral kuni Xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatov va AQSh elchisi Deniyel Rozenblyum Toshkent shahridagi 295-maktabda O‘zbekistondagi ta'lim muassasalarida dars berish uchun Amerikadan tashrif buyurgan 27 nafar ingliz tili o‘qituvchilarini kutib olishdi. Kun.uz muxbiri vazir Sherzod Shermatovdan olgan intervyusida o‘tgan asrning 90-yillarida ham Amerikadan O‘zbekistonga o‘qituvchilar kelgani va o‘rta ta'limga dars berishga jalb qilinganini eslab, bu safar ham shu kabi amaliyot qaytarilishi ehtimoli qanchalik ekani haqida so‘radi.

«90-yillardan xabarim yo‘q, men u paytlar umuman ta'lim tizimida ishlamaganman. Hozir biz nima qilayotganimiz haqida gaplashsak. 

Prezidentimiz murojaatnomada bu yilgi ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida xorijiy tillarini o‘rganish ekanini aytdi. Xorijiy tillardan dunyoda eng ko‘p ishlatiladigani – bu ingliz tili hisoblanadi. Dunyoda American English, ya'ni Amerikaning ingliz tili kengroq tarqalgani va soddaroq bo‘lgani sababli hamkorlik doirasida Amerikadan 27 nafar o‘qituvchi keldi.

Bu o‘qituvchilarning vazifalari 14ta hududiy malaka oshirish markaziga borib, u yerlardagi mahalliy ingliz tili o‘qituvchilarining malakasini oshirish hamda ma'lum bir maktablarda ingliz tilidan dars berishdan iborat. Shu bilan birgalikda, onlayn maktablarimizda 1-11-sinflarga faqat native speaker dars beriladi. Chunki ingliz tilida bizning eng katta muammoimiz - bolalardagi aksentda. Agar darsni amerikalik o‘qituvchilar o‘tadigan bo‘lsa, bizning bolalarning ham talaffuzi haqiqiy amerikalikniki kabi bo‘ladi. 

Biz ikkita katta loyiha qilganmiz. Birinchisi English Speaking Nation, ya'ni har bir bolamizni ko‘proq ingliz tiliga o‘rgatish, ikkinchisi esa IT nation, ya'ni maktablarda ko‘proq axborot texnologiyalarini o‘rgatish. Mana shu loyihalarimiz bo‘yicha bolalarimiz ko‘proq ingliz tili va IT sohasini bilib chiqadigan bo‘lishsa, ularning hayotda muvaffaqiyatga erishish imkoniyati ko‘proq bo‘ladi. Bizning maqsadimiz ham bolalarimiz kelajakda raqobatbardosh bo‘lib, yaxshi daromad keltiradigan ishlarda ishlashiga imkoniyat va sharoit yaratish.

Biz Amerikadan ingliz tili o‘qituvchilarini olib kelishga harakat qilmoqdamiz yoki Rossiya tomoni bilan gaplashib, rus tili o‘qituvchilarini olib keldik. Ya'ni har bir davlatning o‘zidan ekspert olib kelmoqdamiz. Chunki ulardan yaxshiroq biladigani yo‘q. Ularda o‘zining tilini o‘rgatish bo‘yicha ko‘p yillik tajriba va kuchli ekspertlari mavjud. Shu ekspertlarni jalb qilib, ham o‘rganmoqdamiz, ham darsliklarni qaytadan ishlab chiqarish ustida ishlamoqdamiz, ham metodologiyani yaxshilab, uni ko‘proq targ‘ib qilish ustida ishlamoqdamiz», degan vazir Kun.uz muxbiriga bergan intervyusida.

Top