21:46 / 17.08.2019
35965

Mutaxassis: elektr hisoblagichlar ko‘p hisoblagani aniqlansa, xarajatlar qoplab beriladi

17 avgust kuni «Hududiy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati tomonidan Mirobod tuman elektr ta'minoti korxonasida elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimining joriy etilishi bo‘yicha OAV vakillari ishtirokida press-tur o‘tkazildi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar berdi.

O‘zbekiston Prezidentining 2018 yil 23 oktyabrdagi  «Elektr energetikasi tarmog‘ini jadal rivojlantirish va moliyaviy barqarorligini ta'minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga asosan 2020 yil yakunigacha respublika bo‘ylab 7 milliondan ortiq iste'molchining barchasi elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimiga ulanishi mo‘ljallangan.

Toshkent shahar Elektr tarmoqlari korxonasi moliya va iqtisod masalalari bo‘yicha direktori Davrbek Imomovning Kun.uz muxbiriga ma'lum qilishicha, joriy yil yakuniga qadar poytaxtda elektr hisoblagichlar to‘liq almashtirilishi kerak va hozirgacha 240 mingga yaqin elektr hisoblagich almashtirib bo‘lingan.

Tadbirda zamonaviy elektron hisoblagichlar «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ tomonidan bepul o‘rnatilayotgani va har bir hisoblagich korxona uchun 770 ming so‘mga tushayotgani aytildi. Shuningdek, ushbu qurilmaning qator afzalliklari ma'lum qilindi.

— Mazkur yangi hisoblagichlar qabul qilish bilan birga uzatish xususiyatiga ham ega. Ya'ni kelajakda muqobil energiya manbai hisoblangan quyosh panellari orqali olingan elektr energiyasini davlatga sotishi ham mumkin bo‘ladi. Bundan tashqari, elektron hisoblagichga tashqi ta'sirning oldi olinadi. Bu bilan inson omili ta'siri kamayib, noreal qarzdorlik kabi noxush holatlar yo‘qotiladi, — deydi Davrbek Imomov.

Mutaxassisning ta'kidlashicha, ushbu hisoblagichlar har o‘n yilda bepul ko‘rikdan o‘tkaziladi. Agar iste'molchi qurilmani ko‘p hisoblayapti deb muddatidan avval standartlashtirish ko‘rigidan o‘tkazsa va uning da'vosi to‘g‘ri chiqsa, u ishlatgan elektr energiyasi qayta hisob qilib beriladi. Shuningdek, metrolog ko‘rigidan o‘tkazish xarajatlari elektr energiya ko‘rinishida qaytariladi. 

 

Mavzuga oid
Top