08:12 / 07.02.2020
0
16354

Cotton Campaign O‘zbekistonga e'lon qilgan «boykot»ni bekor qiladimi?  

O‘zbekistonda majburiy mehnat va paxta yetishtirish, uni terib olish bilan bog‘liq ijobiy o‘zgarishlar bor. Biroq, Cotton Campaign xalqaro koalitsiyasi vakili Bennett Freeman so‘zlariga ko‘ra, hali qilinadigan ishlar ko‘p. U Kun.uz muxbiri bilan suhbatda shular haqida so‘z yuritdi.

-        Cotton Campaign xalqaro koalitsiyasining paxta mehnati bilan bog‘liq sharoitlarni yaxshilash uchun O‘zbekiston hukumatiga tavsiyalari nimalardan iborat?

-        Cotton Campaign xalqaro koalitsiyasi 2018 iyun oyida o‘zining quyidagi 3 asosiy masalaga doir qarashlari va tavsiyalarini qamrab olgan islohotlar «yo‘l xaritasi»ni ishlab chiqdi va o‘zbek hukumatiga taqdim etdi. Bular, birinchidan paxta bilan bog‘liq tizimli majburiy mehnat holatlariga barham berish; ikkinchidan, majburiy mehnatga barham berishda zarur bo‘lgan tuzilmaviy islohotlarni kuchaytirish hamda uchinchidan, paxta yig‘im-terimi paytida majburiy mehnatni monitoring qilishda fuqarolik jamiyatlarini qo‘llab-quvvatlash bilan birga, ularning islohotlar jarayoniga ochiq va erkin tarzda bevosita jalb qilinishiga imkoniyatlar yaratishdir.

Shunday qilib, biz dastlabki ikki sohada, majburiy mehnatga barham berishda sezilarli yutuqlarni ko‘rdik. Bugungi kunda Xalqaro Mehnat Tashkiloti tomonidan o‘tkazilgan monitoring natijalari sezilarli yutuqlarga erishilganini ko‘rsatmoqda. Cotton Campaign xalqaro koalitsiyasining muhim hamkori bo‘lgan O‘zbekiston-Germaniya forumi tomonidan shu haftaning boshida chop etilgan dastlabki natijalar, to‘liq bo‘lmasa-da, bu sohadagi muhim taraqqiyotni ko‘rsatib turibdi. Shunga qaramay, Xalqaro Mehnat Tashkiloti hisoboti ham muammolar mavjudligini tasdiqlaydi.

Shunday qilib, majburiy mehnatni yanada qisqartirish va butunlay yo‘q qilish kerak, yashirin majburiy mehnat, shu jumladan, klasterlarda ham bo‘lmasligi kerak. Ammo biz kecha kechqurun prezident tomonidan qabul qilingan va bugun qishloq xo‘jaligi vaziri tomonidan 2020 yilda paxta yetishtirish bo‘yicha davlat buyurtmasi bo‘lmasligiga doir juda muhim bayonotni eshitdik. Bu juda ijobiy, juda konstruktiv qaror.

Biz uchun ko‘proq rivojlantirishimiz kerak bo‘lgan fuqarolik jamiyatida nafaqat paxta bilan bog‘liq jarayon muhim, balki fermerlarga, ishchilarga, mustaqil kasaba uyushmalariga, hokimlar va ish beruvchilarga mustaqillik berish ahamiyatlidir.

Bu yerda katta muammo bo‘lgan mehnat huquqlari va inson huquqlari sohasida faoliyat yurituvchi NNT va boshqa guruhlarni ko‘rishni xohlaymiz. Ammo, Cotton Campaign xalqaro koalitsiyasidagi mening hamkasblarim singari islohotlarning rivojlanishi davom etishiga umid qilaman va biz mas'uliyatli manbalar, mas'uliyatli investitsiyalar va mas'uliyatli biznesni qo‘llab-quvvatlamoqchimiz, bu esa, O‘zbekistonda yoshlarga ish va imkoniyatlar yaratadi.

-        Cotton Campaign xorijiy investorlar, tadbirkorlarga O‘zbekistonga kelishni tavsiya qiladimi?

-        Avvalambor, biz, odamlar «boykot» deb ataydigan kelishuv haqida ba'zi qarorlarni qabul qilishimiz kerak va yaqin orada, bir necha oy ichida ba'zi qarorlarni qabul qilamiz.

Biz bu yerda chet el biznesini, chet el investitsiyalarini rag‘batlantiradigan, nafaqat ish o‘rinlarini yaratish va iqtisodiy rivojlanishni qo‘llab-quvvatlaydigan, balki mehnat huquqlari, inson huquqlari va fuqarolik jamiyatini qo‘llab-quvvatlaydigan jamiyat bo‘lishini xohlaymiz.

Bu O‘zbekiston uchun shunchaki muhim vazifa emas, bu global miqyosda hal etilishi kerak bo‘lgan vazifa aslida. Investorlar va kompaniyalar qonun ustuvorligini, mas'uliyatli boshqaruvni, fuqarolik jamiyatini hurmat qilishni, huquq himoyachilari uchun imkoniyatni ko‘rishni xohlamoqda.

Ammo, O‘zbekiston bir vaqtning o‘zida ikkita muammo, ikkita qiyinchilikni yengishi kerak. Birinchisi, sovet davri va hatto undan oldinroq ham kuzatilgan merosni yengish bo‘lsa, ikkinchisi, 21-asr standartlari va umidlari bilan hamnafas bo‘lgan holda jahon hamjamiyatining to‘laqonli a'zosi bo‘lishdir. Ishonchim komilki, O‘zbekiston har ikki jarayonni ham muvaffaqiyatli ortda qoldiradi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top