16:10 / 30.11.2020
43731

1 dekabrdan Toshkentda nafaqa tayinlashning yangi tizimi ishga tushadi

2020 yilning 1 dekabridan boshlab Toshkent shahrida nafaqa tayinlash «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimi orqali amalga oshiriladi. Bu haqda Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari pensiya jamg‘armasining Toshkent shahar Chilonzor tuman bo‘lim boshlig‘i Gulnora Murodova Kun.uz muxbiriga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

Gulnora Murodova

«Shu yilning 4 avgustidagi prezident qaroriga asosan, 2020 yil 1 dekabrdan boshlab Toshkent shahrining barcha tumanlarida oilalarga beriladigan 2 yoshgacha, 14 yoshgacha, onaga bolani parvarishlash uchun hamda kam ta'minlangan oilalarga beriladigan nafaqalar pensiya jamg‘armalari tomonidan yagona ijtimoiy himoya reyestri asosida tayinlanishi va to‘lanishi belgilab berildi.

Bunga asosan fuqaro o‘zining yashash joyidagi MFYga hujjatlarni taqdim etadi. Avvallari buning uchun fuqarodan ish joyidan, oila a'zolari, oylik ish haqi haqidagi jami 20ta hujjat so‘ralgan. Bugungi kunda faqat 4ta hujjat yig‘iladi. Ya'ni ariza beruvchining pasport nusxasi, bolalarining tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomalar, ariza va nikoh to‘g‘risidagi guvohnoma beriladi.

Mahalla idoralari ushbu hujjatlarni pensiya jamg‘armasiga belgilangan reyestr asosida taqdim etishadi. Pensiya jamg‘armalari ushbu hujjatni maxsus elektron dasturga kiritadi. Fuqaroga nafaqa tayinlash yoki uni rad etish bo‘yicha belgilangan tartibda qaror chiqariladi. Qarorni albatta o‘sha dasturning o‘zi chiqaradi.

Hozirgi kunda nafaqani tayinlash 9ta idoraviy tashkilotlar bilan bog‘langan bo‘lib, bunda o‘zaro axborot almashinuvi ishlaydi. Dastur fuqaro nomida mashina borligi, ikki yoki undan ortiq uy-joy borligi yoki oila oyiga qancha daromad topayotgani to‘g‘risida ma'lumot berib turadi va mazkur ma'lumotlar asosida o‘sha fuqaroga nafaqa berish mumkinmi yoki yo‘qligini kompyuter bazasi aniqlab beradi.   

Ushbu tajriba Sirdaryo viloyatida bir yil davomida qo‘llandi va ijobiy xulosaga kelindi.

Inson omili bu yerda umuman ahamiyatga ega bo‘lmaydi. Faqatgina elektron tarzda va axborot almashinuvi orqali nafaqalarni tayinlash belgilab beriladi.

Oldin bu mahalla fuqarolar yig‘ini zimmasida bo‘lgan. Idoralar daromadiga qarab nafaqalar tayinlanar edi. Bu borada qiyinchiliklar bo‘lardi. Fuqaro 20ta hujjat yiqqach, nafaqa masalasini komissiya ko‘rib chiqishi kerak bo‘lardi. Komissiya bir necha kishidan iborat va ularning ko‘p vaqti ketardi. Hatto hujjatlarni uyiga borib tekshirishga to‘g‘ri kelardi. Bu mahallaga judayam og‘irlik qilardi. To‘g‘ri nafaqa tayinlash imkoniyati kam edi.

Misol keltirsam, bir fuqaro kam ta'minlanganlik bo‘yicha nafaqa olish uchun hujjat topshiryapti. Erini nomida ikkita mashina bor. Biz so‘raganimizda bu tog‘asi va amakisini mashinasi ekanini aytib «bu xo‘jayinimning nomida edi» deb turibdi. Vaholanki, u mashinalar qimmatbaho.

Shunday ekan, unda amakilari yordam berishi kerak ularga. Moliyachi sifatida fikrim shundayki, o‘sha mashina uning nomidami, albatta boshqa joylarda daromadlari bor.

Mazkur tizim mana shunday holatlarni aniqlashda va nafaqa oluvchini to‘g‘ri belgilashda muhim ahamiyatga ega», dedi jamg‘arma xodimi.

Ma'lumot uchun, 2020 yil 4 avgustda «Aholiga davlat ijtimoiy xizmatlari va yordam taqdim etish tartib-taomillarini avtomatlashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi prezident qarori qabul qilingan. Hujjatda respublikaning barcha hududlarida ijtimoiy nafaqalarni tayinlash to‘g‘risidagi arizalarni ko‘rib chiqish va ularni tayinlash jarayoniga «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimini bosqichma-bosqich joriy etish belgilangan.

Mavzuga oid
Top