18:10 / 14.06.2019
11453

Blogerlik faoliyati himoya ostida - Bosh prokuratura soliqchilar telefonini olib qo‘ygan bloger bo‘yicha munosabat bildirdi

Bugun, 14 iyun kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi anjumanlar zalida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi mutasaddilari ishtirokida «2019 yilning dastlabki 5 oyi mobaynida prokuratura organlari faoliyati» mavzusida brifing bo‘lib o‘tdi.

Brifingda jurnalistlar tomonidan coliq organlari tomonidan bloger Azizbek Ashurboyevning telefoni hamda uning «Instagram» ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasi olib qo‘yilgani holati yuzasidan ham savol berildi.

Bosh prokuror o‘rinbosari Erkin Yo‘ldoshev mazkur masala yuzasidan fikr bildirib, ushbu holat Bosh prokuraturaning alohida nazoratiga olingani, bugungi kunda Departament tomonidan davlat idoralari xodimlarining bloger Azizbek Ashurboyevga nisbatan sodir etgan xatti-harakatlariga huquqiy baho berish maqsadida tergovga qadar tekshiruv tayinlangani haqida ma'lumot berdi.

Shuningdek, Bosh prokuror o‘rinbosari bugungi Xalqaro blogerlar kuni munosabati bilan yurtimizda faoliyat olib borayotgan barcha blogerlarni mazkur sana munosabati bilan tabrikladi.

«Shu o‘rinda Bosh prokuratura O‘zbekiston blogerlarini doimo qo‘llab-quvvatlashi va ularning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilishga tayyor ekanligini ma'lum qiladi», deyiladi bosh prokuratura xabarida.

12 iyun kuni telegramdagi «Qo‘shni mahalla» kanalida «Blogerni tunagan qaroqchilar» sarlavhasi ostida post qoldirilgandi. Unda «Instagram»da 300 minglik auditoriyaga ega sahifa egasi bloger Aziz Ashurbayev 8 iyun kuni kanalida reklama joylashtirish bo‘yicha uchrashuvga borib, reklama uchun 400 ming so‘mni olgan vaqtida begona shaxslar yetib kelishgani, ular o‘zlarini soliqchilar sifatida tanishtirib, telefonini olib qo‘yishgani, «Instagram»dagi sahifasining parollarini o‘zgartirib, sahifasiga ega chiqishgani, ijtimoiy tarmoqdagi boshqa sahifalaridagi yozishmalarini ham kuzatishayotganidan shikoyat qilgandi.

13 iyun kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiya agentligi direktori Komil Allamjonov o‘zining tvitterdagi sahifasida Davlat soliq qo‘mitasiga murojaat qilib, bloger Aziz Ashurbayev bilan bog‘liq holatni o‘rganib chiqilib, inspektorning xatti-harakati qonunga zidligi aniqlansa unga nisbatan chora ko‘rilishini so‘radi.

Davlat soliq qo‘mitasi raisi birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev blogerdan uzr so‘radi.

Top