01:05 / 17.03.2019
49485

Yangi Zelandiyaning yuqori martabali politsiyachisi teraktdan so‘ng ko‘z yoshini yashirmadi

Foto: FACEBOOK/NZ POLICE

Yangi Zelandiya politsiyasining yuqori martabali xodimi Noila Hassan Kraystcherchda yuz bergan terakt oqibatida halok bo‘lgan musulmonlarni xotirlab, ko‘z yoshlarini yashirmadi. 2018 yilda o‘zining musulmon ekanini ommaviy e'lon qilgan politsiyachi Oklend shahri markazidagi maydonda yig‘ilgan olomon qarshisida “musulmon va Yangi Zelandiya politsiyasi yetakchilaridan biri” ekanligidan faxrlanishini yana bir marta takrorladi.

15 mart kuni Kraystcherch shahridagi ikkita masjidda odamlar o‘qqa tutilgan. Oqibatda 50 kishi halok bo‘lgan. 

Voqeadan ikki kun o‘tib, musulmon politsiyachi Noila Hassan omma oldida nutq irod etdi. U so‘zlarini Allohga hamd, Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomga salovatlar aytish bilan boshlagan.

"Men jamoatimizning tinchligi va xavfsizligini ta'minlash uchun qo‘limizdan kelgan barcha imkoniyatlarni ishga solishimizni bildirmoqchiman. Bilaman, bu musulmon jamoati uchun og‘ir, ayni paytda barcha uchun qayg‘uli payt", - deydi u.

Hassan xonimning ta'kidlashicha, masjidlar atrofida nozirlar soni ko‘paytirilgan. Undan so‘ng nutq qilgan mahalliy musulmonlar jamoati yetakchisi politsiya tomonidan ko‘rsatilayotgan e'tibor uchun minnatdorchilik bildirgan.

Bu voqeaga O‘zbekiston Musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov ham munosabat bildirib, 17 mart kuni mamlakatning barcha masjidlarida teraktda halok bo‘lganlar haqqiga Qur'oni karim tilovati va duolar qilishni tavsiya etgan.

"Butun dunyo mo‘min-musulmonlari, ulamolari, din va davlat arboblari ushbu uyushtirilgan terrorchilik oqibatida halok bo‘lganlarning oila a'zolariga chuqur hamdardlik bildirmoqda”, – deyiladi muftiyning murojaatida.

Mavzuga oid
Top