14:39 / 15.11.2019
0
38955

Turkiya 82 nafar o‘zbekistonlikni deportatsiya qiladi

Foto: Hurriyet

Turkiya IShID terrorchilik tashkilotining 959 nafar a'zosini deportatsiya qiladi, ular hozirda vaqtincha saqlash markazlaridadir. Bu haqda Hurriyet nashri xabar qildi.

Qayd etilishicha, deportatsiya qilinadigan shaxslar orasida 82 nafar o‘zbekistonlik, 10 nafar qozog‘istonlik, 23 nafar qirg‘izistonlik, 6 nafar turkmanistonlik va 99 nafar rossiyalik bor. 

Nashrning yozishicha, vaqtincha saqlash markazidagi 959 nafar shaxsning 147 nafari yosh bolalardir. Bolalarning aksariyati Suriyadagi mojaro vaqtida ota-onasini yo‘qotgani aytiladi.

Shuningdek, deportatsiya qilinuvchi xorijiy fuqarolar orasida 17 germaniyalik, to‘rt ukrainalik, uch niderlandiyalik, ikki fransiyalik, 29 nafar ozarboyjonlik, 13 misrlik, 11 afg‘onistonlik, to‘qqiz falastinlik, olti pokistonlik hamda boshqa davlatlardan fuqarolar bor.

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an IShIDning ikki yarim mingga yaqin a'zosi Turkiya qamoqxonalarida ekanini ma'lum qilgandi. Mamlakat Ichki ishlar vazirligining rahbari Sulaymon Soylu so‘zlariga ko‘ra, Turkiya «IShID a'zolari uchun mehmonxona emas». U qamoqxonalarda saqlanayotgan jangarilarni vatanlariga deportatsiya qilishni boshlash haqida va'da berdi.

Turkiya Ichki ishlar vazirligi 11 noyabr kuni AQSh fuqarosi deportatsiya qilingani haqida xabar berdi. 14 noyabr kuni yetti nafar Germaniya fuqarosi deportatsiya qilindi. Shuningdek, 11 fransiyalik va IShIDning Irlandiya hamda Daniyadan sobiq jangarilari deportatsiyaga tayyorlanmoqda.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 11 oktabr kuni rasmiy Toshkent Iroqdan O‘zbekiston fuqarolarining 64 nafar farzandini qaytargan edi.

2019 yil may oyida ham xuddi shunday gumanitar operatsiya doirasida O‘zbekiston 156 fuqarosini Yaqin Sharqdagi mojarolar hududidan qaytardi.

Yaqin Sharqdagi jangovar harakatlar zonasidan o‘z fuqarolarini qaytarish bo‘yicha gumanitar operatsiyalar Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Gruziya va boshqa davlatlar hukumatlari tomonidan ham amalga oshirilmoqda.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top