13:12 / 30.04.2018
12524

«O‘zbekiston havo yo‘llari» navbatdagi Boeing-787-8 Dreamliner samolyotini qachon olishi ma'lum

Foto: O‘zbekiston havo yo‘llari

«O‘zbekiston havo yo‘llari» Milliy aviakompaniyasi hamda Boeing korporatsiyasi navbatdagi Boeing-787-8 Dreamliner yo‘lovchi samolyotini yetkazib berish bo‘yicha shartnomani imzoladi. Ushbu qo‘shimcha samolyotni hisobga olgan holda, O‘zbekistonning milliy aviatashuvchisi 2020 yilgacha o‘z parkida ushbu turdagi oltita samolyotga ega bo‘ladi. Bu haqda MAK axborot xizmati xabar qilmoqda.

Joriy yilning may oyi o‘rtalarida yetkazib berilishi kutilayotgan uchinchi Dreamliner MAK aviaparkida mavjud bo‘lgan avvalgi ikkita Boeing-787-8 Dreamliner’dan yo‘lovchi o‘rindiqlarining soni oshiqligi - umumiy soni 270 (biznes klassda 24ta, iqtisod klassda 246ta) va ekipaj dam olishi uchun alohida bo‘linma tashkil etilganligi bilan farqlanadi.

Ushbu samolyotda ham aviakompaniyaning boshqa Boeing-787 Dreamliner havo kemalaridagi kabi yonilg‘i tejash samaradorligini oshirish, shovqin darajasini pasaytirish va atmosferaga CO2  ajrab chiqishini kamaytirish imkonini beruvchi GE Aviation kompaniyasining GEnx-1B dvigatellari o‘rnatilgan.

Bugungi kunda MAK Boeing-787 Dreamliner’larida Nyu-Yorkka to‘g‘ridan-to‘g‘ri parvozlar va boshqa xalqaro yo‘nalishlardagi qatnovlar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. 

 

Top