21:31 / 18.09.2018
7019

Xitoy Amerikaning qator mahsulotlariga nisbatan bojlarni oshiradi

Foto: AFP 2018 / Johannes Eisele

Xitoy 24 sentabrdan Amerikaning 60 milliard dollarlik mahsulotlariga savdo bojlari miqdorini oshiradi, deyiladi Xitoy moliya vazirligi xabarida.

Yangi bojlar 5200 nomdagi Amerika mahsulotlariga nisbatan joriy etiladi. Bu AQSh tomonidan Xitoy mahsulotlariga nisbatan savdo bojlari kiritilishiga javob chorasi bo‘ladi.

Xitoy mahsulotlariga bojlar kiritilishi

AQSh prezidenti Donald Tramp Xitoyning 200 milliard dollarlik mahsulotlariga 10% miqdorida boj to‘lovi joriy etilishini e'lon qildi. Bu qaror 24 sentabrdan kuchga kiradi, 1 yanvardan esa tariflar 25%ga oshadi.
Shu bilan birga Amerika yetakchisi agarda Xitoy javob choralarini ko‘radigan bo‘lsa, 267 milliard dollarlik mahsulotlarga boj joriy etishning uchinchi bosqichi boshlanishi  mumkinligini bildirdi.  
Xitoy tijorat vazirligi bu holatdan taassuf bildirdi hamda Pekin Vashingtonga javob qaytarishga majbur ekanligini ma'lum qildi.

Saylovlarga ta'sir o‘tkazishga urinish

Tramp o‘z qarorini izohlar ekan, Xitoy bojlar orqali AQShdagi saylovlarga ta'sir o‘tkazishga urinayotganligini qayd etdi.

"Xitoy bizning fermerlarimiz, ranchodagi ishchilarimiz va sanoatdagi ishchilarimiz menga xayrixoh bo‘lishgani uchun ularga hujum qilish orqali saylovlarimizga ta'sir o‘tkazish va o‘zgartirishga astoydil urinayotganini ochiqchasiga bildirdi. Ammo Xitoy bu odamlar u uzoq yillar davomida AQShdan foydalanib kelganini tushunadigan ajoyib vatanparvarlar ekanligini tushunmayapti. Shuningdek, ular buni to‘xtata oladigan yagona inson men ekanligimni ham bilishadi", — deb yozdi Tramp Twitter’da.

Amerika rahbari Xitoyning bunday harakatlariga nisbatan "ulkan va tezkor iqtisodiy ta'sir bo‘lishini" va'da qildi.

Jahon iqtisodiyotiga tahdid

Xitoyning Rossiyadagi elchisi Li Xuey o‘z navbatida savdo urushlari global iqtisodiy o‘sishga tahdid qilishini bildirdi.
U AQSh "uzoq yillardan buyon barqaror davom etib kelayotgan" xalqaro savdo tartibini buzib Xitoy bilan savdo urushini "qo‘zg‘atganini" va "bu bilan jahon hamjamiyatida global iqtisodiyot istiqboli borasida tashvish uyg‘otganligini" aytdi.
"AQSh unilateralizm to‘qmog‘ini (bir tomonlama harakatlar) silkitib ko‘plab mamlakatlarga nisbatan sanksiyalar joriy etdi va savdo urushlarini keltirib chiqardi, bu global iqtisodiy o‘sishga tahdid uyg‘otadi va hududlar iqtisodiyotini izdan chiqaradi", — dedi diplomat.

Top