O‘zbekiston | 08:12 / 30.08.2021
18277
3 daqiqa o‘qiladi

Hokim o‘rinbosarlariga shaxsiy javobgarlik yuklanadi

Foto: Pixabay

Prezidentning «Mahalliy ijroiya hokimiyati organlari rahbarlari o‘rinbosarlarining ularga yuklangan vazifalarni bajarishda shaxsiy mas'uliyatini kuchaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Prezidentning 10.02.2021 yildagi PF-6166-son farmoniga muvofiq, qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarning o‘z vaqtida va sifatli ijrosini ta'minlashda ijro intizomini mustahkamlash bo‘yicha yagona va uzluksiz «texnologik zanjir»ning yangicha ta'sirchan tizimi joriy etildi.

Mahalliy hokimliklar rahbarlari o‘rinbosarlari o‘zlari mas'ul bo‘lgan yo‘nalishlar bo‘yicha tuman va shaharlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasini baholashning reyting ko‘rsatkichlari natijalari uchun shaxsan javobgar ekanliklari belgilandi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining o‘rinbosarlari faoliyatini baholash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Belgilanishicha, mahalliy hokimliklar rahbarlari o‘rinbosarlarining faoliyati har chorak yakuni bo‘yicha mahalliy vakillik hokimiyati organlari yig‘ilishlarida tanqidiy muhokama qilinadi hamda baholanadi. Bunda mahalliy hokimliklar rahbarlari o‘rinbosarlari tomonidan samaradorlik ko‘rsatkichlari ijrosi 70 foizdan kam ta'minlanganda «qoniqarsiz», 71 foizdan 90 foizgacha – «qoniqarli», 91 foizdan 99 foizgacha – «yaxshi», 100 foiz va undan yuqori bo‘lganda – «a'lo» deb baholanadi.

Mazkur baholash tizimi 2021 yil yakuniga qadar eksperiment tariqasida amalga oshiriladi.

Vazirlar Mahkamasiga manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda o‘tkazilgan eksperiment yakunlariga ko‘ra 2022 yil 1 fevralga qadar baholash tizimini takomillashtirish, muammolarni bartaraf etish bo‘yicha takliflar kiritish topshirildi.

2021 yil 1 noyabrga qadar mahalliy hokimliklar rahbarlari faoliyatini baholash natijalari va dinamikasi haqidagi ma'lumotlarning real vaqt rejimida idoralararo elektron almashinuvini ta'minlaydigan elektron axborot tizimi ishlab chiqilib, amaliyotga joriy etiladi.

Mavzuga oid