20:10 / 17.01.2021
30000

Olis hududlarga borib ishlaydigan xodimlarga qo‘shimcha to‘lovlar qay tartibda to‘lanadi?

Olis hududlardagi budjet tashkilotlariga malakali mutaxassislarni jalb qilish yuzasidan tushuntirishlar berildi, deya xabar qilmoqda Kun.uz muxbiri.

Yangi tartib prezident qarori asosida 1 yanvardan kuchga kirdi. Unga ko‘ra, olis hududlarda joylashgan budjet tashkilotlariga boshqa hududlardan ishlash uchun kelgan oliy ma'lumotli mutaxassislarga:

  • 50 BHM (1 fevraldan – 12 250 000 so‘m) bir martalik boshlang‘ich yordam puli;
  • uy-joylarni ijaraga olganlik uchun 2 BHM (1 fevraldan – 490 000 so‘m) har oylik pul kompensatsiyasi beriladi.

«Bundan maqsad – olis hududlardagi budjet tashkilotlarida aholiga ko‘rsatiladigan xizmatlarning sifatini oshirish», – dedi Moliya vazirligi departament direktori Adham Eshjonov 15 yanvar kungi matbuot anjumanida.

Adham Eshjonov

Tibbiyot xodimlariga yordam puli ko‘proq

Endilikda tibbiy OTMni oxirgi 3 yil ichida tamomlagan va boshqa hududda yashovchi tibbiyot xodimi olis va chekka hududlarda joylashgan oilaviy shifokor punktlari va oilaviy poliklinikalarga ishga qabul qilinganda, ularga kamida 3 yil ishlab berish sharti bilan:

  • 30 million so‘m bir martalik boshlang‘ich yordam puli;
  • uy-joyi bo‘lmaganlarga esa 3 yil davomida xizmat uy-joylari yoki 2 BHM (1 fevraldan – 490 000 so‘m) har oylik pul kompensatsiyasi beriladi.

«Olis hududlardagi aholi malakali tibbiy xizmatdan foydalanishda qator muammolarga duch keladi. Qaror bilan shu muammolarni hal qilish, chekka hududlarga malakali tibbiy xizmat yetib borishini ta'minlash rejalashtirilyapti», – dedi Moliya vazirligi departament direktori Otabek Fozilkarimov.

Otabek Fozilkarimov

Olis hududlarda yashab, ishlayotganlarga taalluqli emas

Bu qaror olis hududlarda yashab, ishlayotganlar maoshiga ustama belgilash uchun chiqarilmagan, deydi Xalq ta'limi vazirligi moliya departamenti direktori Ilhom Sirojov.

«Bu qaror ta'lim sifati past va biror o‘quvchisi OTMga kirolmagan o‘qituvchilarning maoshini ko‘tarish uchun emas. Xalq ta'limi vazirligi mas'ul vakili sifatida aytishim mumkinki, maqsad O‘zbekistondagi maktablarda ta'lim sifatini oshirish. Bu kimnidir ish bilan ta'minlash uchun ham qilinmayapti.

Vazirlar Mahkamasi tomonidan olis hudud sifatida belgilab berilgan joylar bor. Qayd etilgan qaror ilovasidagi hududlar olis va chekka hududlar deb hisoblanadi. Ilovada 242 ta qishloq, mahalla va ovullar sanab o‘tilgan. Qarordagi imkoniyatlardan o‘sha hududga borgan budjet xodimigina foydalanishi mumkin.

Shuningdek, qarorga binoan, qayd etilgan hududlarda ishga qabul qilingan malakali mutaxassislarga beriladigan bir martalik boshlang‘ich yordam puli hamda har oylik kompensatsiya soliq to‘lovchining jami daromadiga kiritilmaydi va bu puldan daromad solig‘i olinmaydi», – dedi Ilhom Sirojov.  

Ilhom Sirojov

Pedagoglarga qanday talablar qo‘yiladi?

Adham Eshjonovga ko‘ra, to‘lovlar aynan qanday toifadagi pedagoglarga to‘lanishi bo‘yicha uchta asosiy ko‘rsatkich bor:

  • oliy yoki birinchi toifali bo‘lishi;
  • boshqa hududdan kelib ishlashi (tumandan boshqa tumanga, viloyatdan boshqa viloyatga);
  • oxirgi maktabida bir yil davomida ishlagan bo‘lishi kerak. Ya'ni «qizil» hududga jalb qilinayotgan o‘qituvchi «yashil» hududdagi maktabda oxirgi bir yilda ishlagan bo‘lishi talab qilinadi.

Qolgan talablarni Xalq ta'lim vazirligi ishlab chiqadi.

Pedagoglar uchun ustamalar ham bor

2021 yil 1 martdan boshlab, «qizil» maktablarda dars berish uchun boshqa hududlardan jalb qilingan pedagoglarga quyidagi miqdorda maxsus ustamalar to‘lanadi:

  • bir ma'muriy-hududiy birlik doirasida boshqa tuman va shahardan kelib ishlayotgan o‘qituvchi-pedagoglarning bazaviy tarif stavkalariga 50 foiz;
  • boshqa ma'muriy-hududiy birlikdan kelib faoliyat yuritayotgan o‘qituvchi-pedagoglarning bazaviy tarif stavkalariga 100 foiz.

Ta'lim darajasi yuqori bo‘lmagan («qizil») maktablar ro‘yxatini XTV va Ta'lim inspeksiyasi tuzadi. Ro‘yxat vazirlik saytida e'lon qilinadi.

Boshqa hududlardan jalb qilingan pedagoglarga maxsus ustamalar ular borgan maktab «qizil» toifadan chiqqan yildan keyingi yil uchun ham to‘lanadi.

Shifokorlarga qanday talab bor?

O‘qituvchilardan farqli ravishda, tibbiyot xodimlari uchun toifasi bo‘yicha shartlar qo‘yilmagan. Tibbiyot yo‘nalishidagi OTMni bitirgan kadrlar olis hududlarga borib ishlaganda, o‘qish shaklidan qat'i nazar (kunduzgi, sirtqi, kechki) kompensatsiya to‘lab beriladi.

«Ammo ular OTMni oxirgi uch yil ichida bitirgan bo‘lishi kerak», – dedi Otabek Fozilkarimov.

Sharoit yaratish – hokimliklar zimmasida

«Qarorda hokimiyatlarga ham topshiriq ketgan. Olis hududga boshqa hududdan kelib ishlaydigan barcha budjet tashkilotlari xodimlariga uy-joy bo‘yicha sharoitlar yaratishi zarur», – dedi Ilhom Sirojov.

Olis va chekka hududlarda joylashgan budjet tashkilotlarida kadrlarga bo‘lgan ehtiyoj bo‘yicha bo‘sh ish o‘rinlari yuzasidan ma'lumotlar har oy yakuni bo‘yicha keyingi oyning 5-kuniga qadar rasmiy saytlarga joylashtirib boriladi.

Olis va chekka hududlardagi budjet tashkilotlariga boshqa hududlardan kelib ishlovchi mutaxassislarga tegishli hududlardagi zaxira yerlarlaridan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda uy-joy qurilishi uchun yer uchastkalari ajratiladi.

Top