Jahon | 19:39 / 07.04.2020
21041
4 daqiqa o‘qiladi

«Go‘yo harbiy zonadamiz...» – amerikalik tibbiyot xodimi o‘zi ishlayotgan shifoxonadagi vaziyat haqida

San-Fransiskodagi shifoxonalarning birida tibbiy birodar («medbrat») bo‘lib ishlovchi Entoni Nikele Skype orqali yo‘llagan videosida kasalxonadagi vaziyat haqida so‘zlab berdi. Uning Current Time'da e'lon qilingan hikoyasini Kun.uz o‘zbek tilida taqdim etadi.

 

«Bu yerda bo‘layotgan ishlarni ko‘rsangiz, esingiz og‘adi»

– Men San-Fransiskodagi shifoxonaning reanimatsiya bo‘limida ishlayman. Bu yerda bo‘layotgan ishlarni ko‘rsangiz, esingiz og‘adi. Men sal kam har tun shu yerda ishlayapman. Kasallarga yordam berish uchun va o‘z xavfsizligimiz uchun zarur narsalar yetishmayapti. O‘ylaymanki, mamlakatning hech bir shifoxonasida tibbiy uskunalar yetarli emas. Men mana bu himoya tasmali maskani bir haftadan beri ishlataman. Shu maskada men COVID-19ga chalingan og‘ir kasallarga qarayapman.

Shu kunlarda o‘zim ham virusga chalinganimga shubham yo‘q. Mamlakatimizda virus tarqalishini kech nazoratga olishgani sabab endi hamma yo virus tashuvchisiga aylanadi, yoki kasal bo‘lib yaxshi bo‘ladi.

Men og‘ir kasallarga qarayapman. Ularga o‘pkani sun'iy ventilyatsiya qiladigan apparatlar kerak. Mening vazifam bemorlarga davolanib omon qolishdek yo‘lni bosib o‘tishda, yangi kunni ko‘rishda yordam berish. Yoki, agar ular vafot etadigan bo‘lsa, ularning yonida bo‘lish. Men oxirigacha shu yerda bo‘laman, bu ishlar tugamaguncha.

«Bu yerdagilarning ko‘pi – karantin qoidalariga bepisand bo‘lganlar»

– COVID-19 insonni qo‘qqisdan chaladi. Bu yerdagi ko‘plar – karantin qoidalariga bepisand bo‘lganlar. Ular hech narsa bo‘lmagandek yashaganlar. Keyin isitmalari chiqqan, terlash va ich og‘rig‘i paydo bo‘lgan. Keyin yurayotganlarida havo yetishmayotganini payqashgan.

Agar inson shu bosqichda o‘pkani ventilyatsiya qilish uskunasisiz tuzalayotgan bo‘lsa, biz unga uyda karantinda o‘tirishni tavsiya qilyapmiz. Biz shifoxonaning hatto operatsiya qilish xonalariga sun'iy nafas oldirishga muhtoj bemorlarni yotqizganmiz.

Mashina turargohimizda esa palatkalar turibdi – ular hali sun'iy nafas uskunalariga muhtoj bo‘lmaganlar uchun. Biz go‘yo harbiy zonadamiz.

Foto: Videodan kadr

«Uyda qoling! Yangi kasallarni qabul qilolmay qolishimiz mumkin»

– Men uchun eng qiyini – odamlarning yolg‘izlikda o‘layotganini ko‘rib turish. Men uchun doim muhim bo‘lib kelgan narsa – bemor o‘layotganida uning yonida yaqinlari bo‘lishi edi. Kishi yolg‘izlikda o‘layotganini ko‘rsam, qalbim tilka-pora bo‘lib ketardi. Aynan shu narsa hozir dunyo bo‘ylab yuz beryapti.

Uylaringizda qoling! Zero mamlakatimiz tibbiyoti yangi kasallarni qabul qila olishiga amin emasmiz. Bunga jiddiy qarang!

«Koronavirusdek qotilni ko‘rmadim»

– Men bunaqa holatga hali guvoh bo‘lmaganman. 10 yildan beri men o‘q yegan, avtohalokatga duchor bo‘lgan, og‘ir jinoyatlar qurboni bo‘lganlarga qarab kelyapman. Ammo mana bu koronavirusdek qotilni ko‘rmadim. 

Odamlar bizni juda qo‘llashyapti; ovqatlar, maktublar va videoxabarlar jo‘natishyapti. Bugun mahalliy salon gigiyenik vositalar jo‘natdi, biz bu yerda ishimizni davom ettira olishimiz uchun.

Men bu yerda yaqinlarimdan judolikdaman, faqat odamlarning qo‘llovi yordam beryapti. Aks holda, bilmayman, qanday qilib bunga chiday olardim.

Mavzuga oid