«Orol Orzusi» loyihasi mualliflari jahon hamjamiyati e'tiborini Orolbo‘yi muammosiga qaratish rejasi haqida ma'lum qildi
O‘zbekistondagi taniqli ELeKTROOKO guruhi mamlakat tarixidagi eng ta'sirchan musiqiy videolardan birini taqdim etdi. «Ertangi kun» deb nomlangan mazkur klip Orol dengizining qaytishi haqida bo‘lib, u keng qamrovli loyiha – «Orol orzusi»ga start berdi.
Klip taqdimoti bugun, 30 avgust kuni Turizm va sport vazirligi binosida bo‘lib o‘tdi.
Ssenariy muallifi, rejissyor va prodyuser – jurnalist Nikita Makarenko. Loyiha O‘zbekiston Milliy kinokomissiyasi bilan hamkorlikda amalga oshirildi.
«Biz bu ishga barcha mavjud kuch va resurslarni sarfladik: Orolbo‘yi muammosi, iqlim o‘zgarishi va mintaqamizda suvni asrab qolishning ahamiyatiga maksimal darajada e'tibor qaratish uchun jonli, soxtalikdan yiroq san'at asari yaratishni istadik. Dunyo bo‘ylab ko‘proq odamlarda betakror Qoraqalpog‘iston, uning xalqi va madaniyatiga qiziqish uyg‘onishi hamda ularda bu yerlarni ko‘rish istagi tug‘ilishiga umid qilib qolamiz», deydi Nikita Makarenko.
Loyiha tashkilotchilariga ko‘ra, musiqiy video O‘zbekistonning barcha aholisi uchun mamlakat mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan o‘ziga xos sovg‘a bo‘lishi va BMT Bosh Assambleyasining 2021 yilda Orolbo‘yi mintaqasini «Ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasi» deb e'lon qilish haqidagi rezolyutsiyasini qo‘llab-quvvatlaydi.
Mualliflar uchun O‘zbekistonning kosmopolitligini namoyish etish maqsadida musiqada bir necha tillardan iborat polifoniya yaratish muhim ahamiyatga ega edi. Kelajakda g‘arb «yulduzlari »dan biri ishtirokida klipning ingliz tilidagi versiyasini yaratish rejalashtirilgan.
Musiqiy videorolik Nikita Makarenko va O‘zbekiston Milliy kinokomissiyasining keng qamrovli «Orol orzusi» loyihasining boshlanishi hisoblanadi. Shuningdek, mualliflar va hamkorlar Orolbo‘yi muammolarini jahon ommaviy madaniyati sahnasiga olib chiqish, shuningdek, mintaqaning madaniy va intellektual rivojlanishiga har tomonlama ko‘maklashish maqsadida xuddi shu nomdagi notijorat tashkilotini ta'sis etishmoqda.
«Orol Orzusi» loyihasi kelgusida ham Orolbo‘yi muammolarini nafaqat O‘zbekiston, balki jahon miqyosida ham ko‘tarishda davom etmoqchi. Xususan, Nukusda bir necha yo‘nalishda bo‘lib o‘tadigan rang-barang festivallar, Igor Savitskiy nomidagi Qoraqalpoq Davlat muzeyida o‘tkaziladigan «Suv haqidagi xotiralar» ko‘rgazmasi, AQShda o‘tkaziladigan xayriya bali, «Orol orzusi» mangasini chop etish va boshqa loyihalar rejalashtirilgan.