Jahon | 09:32 / 28.07.2021
19338
2 daqiqa o‘qiladi

Bolgariyada aholini emlashdagi xatolar 10 ming kishining o‘limiga sabab bo‘lgani aytildi

Foto: Global Look Press

Bolgariyada aholini koronavirusga qarshi emlashning noto‘g‘ri tashkillashtirilgani 10 ming kishining hayotiga zomin bo‘ldi. Bu haqda ekspertlar bergan ma'lumotlarga tayanib, Bolgariya sog‘liqni saqlash vaziri vazifasini bajarayotgan Stoycho Katsarov ma'lum qildi.

Uning ta'kidlashicha, hukumatning bundagi eng katta xatosi emlash dasturida katta yoshlilar va surunkali kasalliklarga ega kishilarga ustuvorlik berilmagani hisoblanadi.

“Mutaxassislarning fikricha, bu pandemiyaning ikkinchi to‘lqini vaqtida 10 mingga yaqin o‘limga olib keldi. Bu hayotlar saqlab qolinishi mumkin edi, chunki virusdan vafot etganlarning 80 foizi keksa yoshlilar bo‘lgan. Shu sababli barcha davlatlarda, Bolgariyadan tashqari, emlashda ustuvorlik keksa yoshli aholiga berilmoqda”, deb ta'kidlab o‘tgan Katsarov.

Vazir hukumat yo‘l qo‘ygan ikkinchi xato emlash uchun tanlangan vaksina ekanini aytgan. U respublikada Yevropa ittifoqida qo‘llash uchun ruxsat berilgan Pfizer, Moderna va Janssen kompaniyalari vaksinalari o‘rniga AstraZeneca vaksinasi ma'qul topilganini yana bir xato sifatida ta'kidlab o‘tgan. Ushbu vaksinani yetkazishdagi kechikishlar sababli mamlakat fevral oxirigacha bor-yo‘g‘i 200 ming kishinigina emlay olgan. 

Katsarovning ta'kidlashicha, uchinchi xato esa vaksinani yetkazishda yomon tashkillashtirilgan logistika hisoblanadi. U emlash dasturidagi xatolarni hayallamay to‘g‘rilash kerakligini aytgan. “Bolgariya katta yoshli aholini qurbon keltirdi. 5 oy davomida biz asosan yoshlarni va faol odamlarni emladik. Aholining eng zaif guruhlarini himoyalash jarayoni esa to‘liq to‘xtab qoldi”, deb aytgan vazir.

Bolgariyada ayni vaqtda aholining 16 foizi emlangan. Mamlakat bu ko‘rsatkich bo‘yicha Yevropa ittifoqida oxirgi o‘rinni egallamoqda.

Mavzuga oid