O‘zbekiston | 16:38 / 17.09.2023
40470
4 daqiqa o‘qiladi

Chinozda yuk mashinasi tiqilib qolishi ortidan ko‘prik buzildi. Zararni kim qoplaydi?

Toshkent viloyatining Chinoz tumani hududida qozog‘istonlik haydovchi boshqaruvidagi yuk mashinasi ko‘prik ostiga tiqilib qoldi. Buning oqibatida katta talafot ko‘rgan ko‘prikning bir qismi mashinalar qatnoviga xavf tug‘dirmaslik uchun buzib tashlandi.  

15 sentabr kuni soat 11:00lar atrofida M-39 xalqaro avtomobil yo‘lining Chinoz tumani hududidan o‘tgan qismida Sirdaryo yo‘nalishi bo‘ylab harakatlanib borayotgan yuk mashinasi ko‘prik ostiga tiqilib qolgan. Buning oqibatida ko‘prikka jiddiy zarar yetgan.

Aslida, ko‘prikning Toshkent-Chinoz yo‘nalishi bo‘yicha harakatlanish qismida uni himoyalash maqsadida arka ko‘rinishida temir to‘siq o‘rnatilib, ko‘prik balandligi 4,5 metr ekanligini ko‘rsatuvchi yo‘l belgilari o‘rnatilgan. Ammo dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, aylanib o‘tishi kerak bo‘lsa-da qozog‘istonlik haydovchi yuk mashinasini YHX xodimlarining maxsus avtotransport yordamidagi kuzatuviga bo‘ysunmagan holda o‘zboshimchalik bilan ko‘prik ostidan haydagan. Oqibatda yuk mashinasi ko‘prikning 22 metrlik temir beton balkalariga kelib urilgan.

Chinoz tumani yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi direktori Mirvohid Abdullayevning Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, transport vositasida olib kelinayotgan yukning balandligi 5,3 metrni tashkil etgan, ko‘prikning balandligi esa 4,5 metr. Haydovchi shunday bo‘lsa ham hududda mavjud bo‘lgan aylanma yo‘l orqali harakatlanmagan va mazkur holat yuzaga kelgan.

Holat zudlik bilan tegishli mas’ullar ishtirokida joyiga borib o‘rganilgan hamda dalolatnoma rasmiylashtirilgan.

Yuk mashinasi yetkazgan zarar tufayli ko‘prikning bir qismi yaroqsiz va qatnov uchun xavfli bo‘lib qolgan. Hozirda yo‘l o‘tkazgichning bu qismi buzilib, to‘sinlar olib tashlanmoqda.

 Kecha tushga yaqin yuk mashinasining katta tezlikda kelib urilishi oqibatida M-39 yo‘lidagi ushbu ko‘prikka shikast yetkazildi. Shu sababli mashinalar harakatiga xavf tug‘dirmaslik uchun kechaning o‘zidayoq demontaj ishlarini boshlab yubordik. Jarayonga o‘ndan ortiq maxsus transport vositalari jalb etildi. Hozirda mashinalar harakati aylanma yo‘l orqali amalga oshirilmoqda. Yaqin soatlarda ko‘prikning shikast yetgan tomonini buzish ishlarini yakunlaymiz hamda yo‘lning bu qismida qatnov tiklanadi, deydi Toshkent ko‘priklardan foydalanish unitar korxonasi bo‘lim boshlig‘i Davron Serkaboyev.

Chinoz tumani yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi direktori Mirvohid Abdullayevning qo‘shimcha qilishicha, yetkazilgan zarar haydovchi tomonidan qoplanadi hamda ko‘prikning buzilgan qismi qayta quriladi. Zarar miqdori maxsus mutaxassislar tomonidan xulosa olinib, loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilgandan so‘ng ma’lum bo‘ladi. 

Ruslan Saburov,
Kun.uz.
Tasvirchi va montaj ustasi – Javohir G‘ayratov. 

Mavzuga oid