10:22 / 22.03.2019
17874

Bugun O‘zbekiston milliy va olimpiya terma jamoalari Urugvay va Hindistonga qarshi maydonga tushadi

Foto: Getty Images

22 mart kuni O‘zbekiston milliy va olimpiya terma jamoalari 2019 yildagi ilk o‘yinlarini o‘tkazishadi.

Ektor Kuper qo‘l ostidagi milliy terma Xitoyning Nanning shahrida o‘tayotgan «China Cup-2019» xalqaro turniri doirasida Urugvay terma jamoasiga qarshi maydonga tushadi. Uchrashuv Toshkent vaqti bilan soat 16:35da boshlanadi.

Urugvayga qarshi o‘yinni «Sport» telekanali soat 21:00dan boshlab yozib olingan holda efirga uzatadi.

Kecha mezbon Xitoy termasi Tailand bilan o‘yinda 0:1 hisobida yutqazdi. Natijada O‘zbekiston–Urugvay o‘yini g‘olibi finalda Tailandga qarshi o‘ynaydigan bo‘ldi. Uchinchi o‘rin uchun bahs va final uchrashuvi 25 martga belgilangan.

O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi esa Lyubinko Drulovich murabbiyligidagi ilk rasmiy uchrashuvini o‘tkazadi. Osiyo chempionati U-23 saralashining «F» guruhi bahslari Toshkentda bo‘lib o‘tadi, ilk uchrashuv O‘zbekiston va Hindiston olimpiyachilari o‘rtasida kechadi.

Bahs «Paxtakor» stadionida soat 17:00da boshlanadi. O‘yinga kirish bepul.

O‘zbekiston OTJ keyingi o‘yinini 26 martda Tojikistonga qarshi o‘tkazadi. Undan avval 24 mart kuni tojik va hind olimpiyachilari o‘zaro o‘yin o‘tkazishadi. Guruh g‘olibi 2020 yil Tailandda bo‘lib o‘tadigan Osiyo chempionatiga yo‘llanmani qo‘lga kiritadi; shuningdek, 11ta guruhda eng yaxshi ko‘rsatkichga ega ikkinchi o‘rin sohiblaridan 4tasi ham final bosqichiga chiqadi.

Top