11:25 / 15.07.2020
130581

IIV ikki xodim o‘limi haqida xabar berdi. Ular koronavirusdan vafot etgani aytilmoqda

So‘nggi ikki kunda ikki nafar ichki ishlar organi xodimi koronavirus tufayli vafot etgan. Kun.uz manbasining xabar berishicha, bu pandemiya boshlangandan beri koronavirus sababli ro‘y bergan uchinchi o‘lim holatidir.

13 iyul kuni Toshkent shahar IIBB Axborot texnologiyalari, aloqa va axborotni himoyalash bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari mayor A'loxon Abzalovich Shamahmudov 36 yoshida hayotdan ko‘z yumdi.

14 iyul kuni esa Ichki ishlar vazirligi Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasi bo‘limi boshlig‘i podpolkovnik Shavkat Nasirovich Nafasov 48 yoshida vafot etdi.

Ichki ishlar vazirligi, shuningdek, Toshkent shahar IIBB rahbariyati va shaxsiy tarkibi marhumlarning qarindosh va yaqinlariga ta'ziya izhor etgan. Lekin bu xodimlarning o‘limi sababi keltirilmagan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi ma'lumotlarida ham bu o‘lim holatlari qayd etilmagan. Manbaning xabar berishicha, bu xodimlar koronavirusdan vafot etgani oshkor qilinmayapti. Rasmiy qaydlarda ularning o‘limi sabablari sifatida boshqa kasalliklar ko‘rsatilgan.

Manbaning ta'kidlashicha, pandemiya davridan beri uch nafar ichki ishlar xodimi koronavirus infeksiyasini yuqtirish oqibatida hayotdan ko‘z yumgan. Ichki ishlar tizimidagi ilk o‘lim holati ham hujjatlarda koronavirus tufayli yuz bergani ko‘rsatilmagan. Marhumda ko‘plab hamroh kasalliklar bo‘lgani uchun o‘lim sababi sifatida shunday kasalliklar ko‘rsatilgan.

Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i Nurmat Otabekov 13 iyul kuni AOKA huzuridagi shtabda bo‘lib o‘tgan brifingda O‘zbekistonda koronavirusdan vafot etayotganlarning soni yashirilmayotgani ta'kidlagan edi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top