08:40 / 13.01.2019
61115

Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosarlari o‘zgardi

Prezidentning Samarqand viloyatiga tashrifi davomida viloyat hokimining ikki o‘rinbosari o‘zgardi.

Viloyat hokimi matbuot xizmati xabar qilishicha, Jamshid Rajabovich O‘roqov viloyat hokimining iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan. U Past Darg‘om tumani hokimligiga o‘tkazilgan Shunqor Farmonovich Xudoyberdiyev o‘rnida ish boshlagan. Shunqor Xudoyberdiyev 2016 yilning noyabridan buyon viloyat hokimi o‘rinbosari edi.

Jamshid O‘roqov Rajabovich

Jamshid O‘roqov 1972 yili Samarqand shahrida tug‘ilgan, iqtisod fanlari nomzodi. 2009-2014 yillarda ham Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari sifatida ishlagan. 2015-2017 yillarda Savdo-sanoat palatasining Samarqand viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i bo‘lgan, 2017 yildan hozirgacha palata raisining o‘rinbosari sifatida ishlab kelayotgandi.

Shuningdek, Oybek Erkinovich Xodjayev viloyat hokimining investitsiyalar, innovatsiyalar, xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan. U bu lavozimda 2018 yil fevralidan buyon ishlab kelgan Otabek Burxonovich Boboyev o‘rnini egallagan.

Oybek Erkinovich Xodjayev

2018 yilning avgustida ham Samarqand viloyati hokimining uch o‘rinbosari o‘zgargandi. Viloyat hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari vazifasida ishlab kelgan Kamoliddin Qurbonov o‘rniga Abdumajid Alibekovich Nurqulov hokim o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi etib tayinlangandi.

1 avgust kunidan Akmal G‘ayratovich Shukurov viloyat hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari vazifasini bajaruvchisi sifatida ish boshlagan, Samarqand viloyati hokimining turizmni rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan Munis Voseyev o‘rnida Botirjon O‘tkirovich Nurullayev ish boshlagandi.

O‘tgan yilning dekabrida esa hokimning yana bir o‘rinbosari o‘zgardi. Samarqand viloyati xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Hamrotosh Norboyevna Shodiyeva o‘rniga Gavhar Zayirovna Alimova yangi rais etib saylandi.

Shu tariqa, viloyat rahbarligiga Erkinjon Turdimov kelganidan buyon hokim o‘rinbosarlarining 6 nafari o‘zgardi, faqat ikkisi o‘z joyida qolmoqda. Bular 2011 yildan hozirgi vaqtgacha Samarqand viloyati hokimining jamoat va diniy tashkilotlar bilan aloqalar bo‘yicha o‘rinbosari vazifasida ishlab kelayotgan Shuhrat Do‘stmuratovich Kulmatov hamda 2018 yil 16 apreldan buyon Samarqand viloyati hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari vazifasida ishlab kelayotgan Rustam Rajabboyevich Qobilovdir.

Mavzuga oid
Top