Janubiy Koreyada yangi prezident, yordam markazlariga kelganlarni otayotgan Isroil va qurol arsenalini to‘ldirayotgan AQSh – kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

G‘azoda humanitar yordam olayotgan odamlar yana o‘qqa tutildi
Isroil harbiylari G‘azo sektori janubidagi Rafah shahrida yordam tarqatish punkti yaqinida o‘t ochdi. Hamas nazoratidagi anklav sog‘liqni saqlash vazirligi 24 kishi halok bo‘lganini ma’lum qildi. Isroil mudofaa armiyasi harbiylar ogohlantiruvchi o‘qlarga javob bermagan shubhali odamlarga qarata o‘q uzganini ma’lum qilgan.
G‘azo sektori fuqarolik mudofaasi xizmati vakili Mahmud Bassalning ta’kidlashicha, isroillik harbiylar gumanitar yordam kutayotgan falastinliklarga tank va dronlardan o‘q uzgan. Yakshanba kuni Hamas nazorati ostidagi sog‘liqni saqlash vazirligi xuddi shu joyda Isroil zarbalari oqibatida 31 kishi halok bo‘lgani va 200 ga yaqin kishi jarohatlanganini ma’lum qilgandi.
O‘shanda TsAXAL harbiylar falastinliklarga qarata o‘q uzganini rad etib, askarlar ularga yaqinlashib kelayotgan odamlar tomonidan tahdidni sezganlarida ogohlantiruvchi o‘t ochganini aytgandi. Endi esa Isroil mudofaa kuchlari harbiylar yordam tarqatish punktidan taxminan yarim kilometr uzoqlikda «shubhali shaxslar» aniqlaganidan so‘ng o‘t ochganini aytmoqda.
Sanad – faktlarni tekshiruvchi agentlik tomonidan tasdiqlangan videoda ko‘plab yaradorlarning shifoxonaga olib kelingani aks etgan. G‘azo hukumati axborot xizmati Isroilni «qo‘rqinchli, ataylab takrorlanayotgan jinoyat»da aybladi. Isroil ochlikdan azob chekayotgan falastinliklarni humanitar yordam markazlariga chorlab, keyin ularga o‘q uzayotganini bildirdi. Ushbu markazlar Isroilning 11 haftalik to‘liq blokadasidan keyin ochilgan bo‘lib, BMT va boshqa humanitar tashkilotlardan yordam tarqatish vazifasini deyarli to‘liq o‘z zimmasiga olgan.
Ularning ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi kunlarda yordam tarqatish nuqtalarida o‘ldirilganlarning umumiy soni 102 kishiga, yaralanganlar esa 490 kishiga yetgan. BMT 2 iyun kuni G‘azoda yordam izlab kelganlarga o‘q uzilishlar bo‘yicha mustaqil tergov o‘tkazilishini talab qildi.
«Odamlarning oziq-ovqat uchun hayotini xavf ostiga qo‘yishi — bu qabul qilib bo‘lmaydigan holat. Men bu voqealarni zudlik bilan mustaqil tergov qilishni va aybdorlarni javobgarlikka tortishni talab qilaman», — dedi BMT bosh kotibi Antonio Guterrish.
Holatga guvoh bo‘lgan Al Jazeera muxbiri seshanba kungi otishmalar haqida shunday dedi:
«Guvohlar bu yerda to‘liq tartibsizlik bo‘lganini aytishdi. Isroil kuchlari tasodifiy ravishda falastinliklarga o‘q uzgan, kvadrokopterlar va jangovar o‘qlar ishlatilgan. Xuddi oldingi ikki kun kabi yana qon to‘kildi, yordam markazlari atrofida doimiy tartibsizlik hukm surmoqda. Hech qanday tizim yo‘q. Oziq-ovqat olish uchun shunchaki birinchi bo‘lib yugurish kerak».
Tramp Putin va Zelenskiy bilan sammitga tayyor
AQSh prezidenti Donald Tramp Turkiyadagi to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralarning uchinchi raundi doirasida Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Ukraina yetakchisi Volodimir Zelenskiy bilan uchrashishga tayyor. Bu haqda Vashingtonda Oq uy matbuot kotibi ma’lum qildi.
Tramp «agar gap bu narsa (sammit) haqida ketsa, bunga ochiq, biroq (birinchi navbatda) u bu ikki yetakchi va har ikki tomonning muzokaralar stoliga o‘tirishini istaydi», — deb ta’kidladi u. Avvalroq Rajab Toyyib Erdo‘g‘an – Putin, Zelenskiy va Trampga iyun oyi oxirida Turkiyada uchrashishni taklif qilgandi.
Turkiya vazirlar mahkamasi yig‘ilishidan so‘ng so‘zlagan Erdo‘g‘an bunday uchrashuv uning «eng katta orzusi» bo‘lishini aytdi. «Hatto Trampni taklif qilmoqchiman», — deya Turkiya rahbarining so‘zlarini keltiradi Anadolu. Turkiya yetakchisining qo‘shimcha qilishicha, agar yetakchilar Turkiyada yig‘ilsa, u «ular bilan ham shu formatda uchrashadi», «Istanbulni dunyoning markaziga aylantira olamiz».
Janubiy Koreyada yangi prezident saylandi
Muxolif «Toburo» demokratik partiyasi nomzodi Li Chje Myon Janubiy Koreyaning yangi prezidentiga aylanadi.
Yonhap agentligining xabar berishicha, byulletenlarning 100 foizini qayta ishlash natijalariga ko‘ra, fuqarolarning 49,4 foizi Li Chje Myonga ovoz bergan. Konservativ partiyadan unga raqiblik qilgan nomzod Kim Mun Su esa saylovchilarning 41,5 foiz qo‘llab-quvvatlovini to‘pladi.
Kim Mun — allaqachon «xalq tanlovini itoatkorlik bilan qabul qilishi»ni aytib, raqibini tabrikladi.
Li xalq oldida ilk nutqida Pxenyan bilan hamkorlik va muloqot orqali xavfsizlik, tinch-totuv yashashni ta’minlash, shuningdek Koreya yarimorolidagi qo‘shnisini harbiy jihatdan tiyib turishga va’da berdi.
Shuningdek, yangi prezidentining rejalari qatorida mehnat qonunchiligini isloh qilish, pensiya yoshini oshirish va ota-onalar uchun ijtimoiy soliq chegirmalari bor.
Janubiy Koreyada prezidentlik saylovlari muddatidan oldin o‘tkazildi. U oldingi davlat rahbari Yun Sok Yol davlat to‘ntarishini amalga oshirishga urinib, mamlakatda harbiy holat e’lon qilgan va parlament vakolatlarini to‘xtatib qo‘ygandi. O‘z navbatida parlament harbiy holatni bekor qildi va impichment jarayonini boshladi.
Dekabrda parlament Yun Sokni lavozimdan chetlatdi. 2025 yil 4 aprelda esa ushbu qarorning qonuniyligi Konstitutsiyaviy sud tomonidan tasdiqlandi. Hozirda Koreyaning sobiq prezidenti Yun Sok Yol tergov ostida.
AQSh qurol arsenallarini misli ko‘rilmagan darajada to‘ldirmoqda
AQSh prezidenti Donald Tramp Vashington o‘zining qurol-yarog‘ arsenalini misli ko‘rilmagan darajada to‘ldirayotganini ta’kidladi.
«Harbiy yetakchilarimiz bilan hozirgina ajoyib suhbat bo‘ldi. Bu bizda mavjud bo‘lgan eng kuchli armiya, jumladan, qurol-yarog‘ni mamlakatimiz hech qachon ko‘rmagan darajada to‘playotganimizga aloqador», deb yozadi AQSh yetakchisi o‘z ijtimoiy tarmog‘ida. «Umid qilamanki, biz ularni hech qachon ishlatishimiz shart bo‘lmaydi!» — deya qo‘shimcha qildi u.
May oyida Nyu-Yorkdagi AQSh harbiy akademiyasida chiqish qilgan Tramp – gipertovushli raketalar ishlab chiqilgani va ularni «katta miqdorda» ishlab chiqarish boshlanganini aytgandi. 2024 yil 12 dekabrda esa Pentagon - AQSh armiyasi yadroviy zaryadsiz gipertovushli raketa muvaffaqiyatli uchirilganini xabar qilgan.
AQSh Suriyadagi 7 ta harbiy bazasini yopadi
Vashingtonning Anqaradagi elchisi va Suriya bo‘yicha maxsus vakili Tomas Barrak AQSh Suriyadagi harbiy ishtirokini qisqartirayotganini tasdiqladi. Amerika hukumati mamlakatdagi sakkizta harbiy bazadan faqat bittasini saqlab qolishni rejalashtirmoqda.
«Sakkizta bazadan beshtaga o‘tdik, keyin esa uchtaga. Oxir-oqibat bittaga o‘tamiz», — deydi Barrak. So‘nggi haftada AQShning 500 nafarga yaqin askari Suriyadan olib chiqilgan. Fox News’ning amerikalik amaldorlarga tayanib yozishicha, bazalarning uchtasi «Suriya demokratik kuchlari»ga berilgan yoki yopilgan.
Suriyada rejim almashib va Ahmad ash-Shar’a hokimiyat tepasiga kelgach, AQSh prezidenti Donald Tramp Vashington Damashq bilan munosabatlarni yaxshilash niyatida ekanini ma’lum qildi. U Suriyaga «buyuklik uchun imkoniyat» berish maqsadida mamlakatga qarshi sanksiyalarni bekor qilishni buyurdi. 29 may kuni Damashqda 13 yillik tanaffusdan keyin AQSh elchisining qarorgohi yana ish boshladi.
YeI va AQSh Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalarni muhokama qildi
Yevropa Komissiyasi (YeK) raisi Ursula fon der Lyayyen Berlinda amerikalik senator Lindsi Grem bilan Rossiyaga qarshi sanksiyalarni yanada kuchaytirish masalasini muhokama qildi. Bryusseldagi idora rahbari «tez orada» u «sanksiyalar va bu masala bo‘yicha AQSh bilan hamkorlikda kelishilgan narsa» haqida xabar berishiga umid qilmoqda.
Fon der Lyayyenning – hozirda Yevropa Ittifoqi to‘rt yildan beri Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli urush olib borayotgan Rossiyaga qarshi 18-sanksiyalar paketini tayyorlayotganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu «qattiq sanksiyalar, jumladan, Rossiya xom neftining maksimal narxini pasaytirish»ni nazarda tutadi. Bundan tashqari, «Shimoliy oqim» gaz quvuri infratuzilmasi va Rossiya bank sektoriga oid chora-tadbirlar muhokama qilinmoqda.
«Agar bu qadamlar AQSh choralari bilan birgalikda amalga oshirilsa, bu bizning sanksiyalarimizning umumiy ta’sirini keskin oshiradi. Rossiyaga bosim ishlayapti, chunki Kreml boshqa hech narsani tushunmaydi», deb ta’kidladi u. AQSh senatori Grem kelasi hafta yangi sanksiyalar to‘g‘risidagi qonun loyihasini Senatga taqdim etish niyatida. YeIning avvalgi sanksiyalar paketi may oyida kiritilgan va boshqa narsalar qatori Rossiyaning «soyadagi» flotiga qarshi choralarni ham o‘z ichiga olgan edi.
Mavzuga oid

14:25
Husiylar bilan zarbalar almashgan Isroil, “America Party” tuzmoqchi bo‘lgan Mask va milliardlab zarar ko‘rayotgan Rossiya aeroportlari – kun dayjesti

14:59 / 05.07.2025
Sulhga “ijobiy” javob bergan Hamas, Yevropaga boj qo‘llagan Xitoy va «Katta ajoyib» qonunni imzolagan Tramp – kun dayjesti

13:34 / 04.07.2025
Isroil bilan iqtisodiy aloqalarni uzishga chaqirgan BMT rasmiysi, rasman tan olingan «Tolibon» va Putin bilan qo‘ng‘iroqlashgan Tramp – kun dayjesti

13:50 / 03.07.2025