13:24 / 19.05.2022
36653

«G‘alaba vatan uchun jon berishga tayyorlar tomonida bo‘ladi» – Rossiya davlat kanalida Ukraina armiyasi ustunligi haqida gapirildi

16 may kuni «Rossiya 1» telekanalidagi «60 daqiqa» teleko‘rsatuvida kutilmagan so‘zlar efirga ketdi. Rossiya mediasidagi asosiy propagandachilardan bo‘lgan Olga Skabeyeva muallifligidagi ko‘rsatuvga taklif qilingan iste’fodagi polkovnik, «Gazeta.ru» tahlilchisi Mixail Xodaryonok bundan keyin Rossiya armiyasi uchun ahvol yomonlashib borishi, bu holatdan chiqish kerak ekanini ta’kidladi.

Iste’fodagi polkovnikning Rossiya davlat kanali efirida mamlakat armiyasidagi kamchiliklar haqida gapirgani Ukraina va G‘arb nashrlarining e’tiborini tortdi. Xususan, quyidagi sarlavhalar bilan:

  • Newsweek: «Rossiyaliklar Ukrainadagi urush kutilganidek ketmayotganini davlat telekanali efirida bilib olishdi».
  • The Telegraph: «Butun dunyo bizga qarshi»: Iste’fodagi rus polkovnigi Kremlning urush mashinasiga qarshi gapirdi»
  • «Obozrevatel»: «Taslim bo‘lish imkonsiz»: Rossiya propagandachilari yo‘nalishni o‘zgartirishdi, Skabeyevada yangi so‘z topilmadi»
  • Reuters: «Yakkalangan Rossiya uchun Ukrainadagi holat yomonlashib boradi, deb aytdi Rossiya telekanali efirida tahlilchi»

Iste’fodagi polkovnik nima dedi o‘zi?

Mixail Xodaryonok Rossiya propagandasi bilan shug‘ullanuvchi «60 daqiqa» ko‘rsatuvining doimiy mehmonlaridan hisoblanadi. Bu ko‘rsatuv urush boshlangandan buyon kuniga ikki marta efirga uzatilmoqda. 16 may kuni efirga ketgan ko‘rsatuvda iste’fodagi polkovnik shunday dedi:

«Ukraina 1 million odamni qurollantirishi mumkin. Ular uchun 1 million odamni jalb qilish muammo bo‘lmaydi. Gap buncha odamni qurollantirishda qoladi. Tabiiyki Ukraina o‘z qurollari bilan bunday qila olmaydi. Lekin [AQSh e’lon qilgan] lend-liz tez orada kuchga kirishi, Yevropa yordamni kuchaytirishi hisobiga Ukraina yaqin vaqtlar ichida million nafar qurolli kuchga ega bo‘lishini kutsa bo‘ladi. Buni tezkor-strategik rejalarda inobatga olish kerakki, bu borada ahvol biz uchun endilikda faqat yomonlashadi».

Xodaryonokning bu so‘zlarini boshlovchi Skabeyeva hayrat bilan qarshi oldi va unga qarshi fikr ham aytolmadi. Dunyo geosiyosiy makonidagi holatni ham tahlil qilgan ekspert Rossiya butunlay yakkalanib qolayotganini aytdi.

«Bizning ishimizda (harbiy sohada) asosiysi shuki, doim harbiy-siyosiy real holatni esdan chiqarmaslik kerak. Agar mana shu doiradan chiqib ketadigan bo‘lsangiz, haqiqiy holat baribir bir kun qansharingizga shunday musht tushiradiki...

Finlandiya tomonga qarata raketalarni ko‘rsatish shart emas, bu juda g‘alati. Bilasizmi bizning harbiy-siyosiy holatimizdagi eng jiddiy muammo nima? Har qancha tan olishni istamasak ham, butun dunyo bizga qarshi. Siz Hindiston va Xitoy bizni qo‘llayotganini aytyapsiz, lekin bu ochiqchasiga ko‘rinayotgani yo‘q. Bizga qarshi 42 ta mamlakatdan iborat koalitsiya tuzilganini normal holat deb bo‘lmaydi. Bizning harbiy va texnik imkoniyatlarimiz esa cheklangan, bu holatdan chiqish kerak», dedi ekspert va sobiq harbiy.

Olga Skabeyeva Xodaryonokning chiqishiga shunday munosabat bildirdi: «Hozir bo‘layotgan voqealarni hech kim normal holat deyotgani yo‘q, ammo yana bir bor takrorlayman: bu majburiy chora, o‘rtada bizning mavjudligimiz turibdi. Taslim bo‘lish yoki bizning yo‘q bo‘lib ketishimizni istayotganlar bilan til topishish imkonsiz. Yagona chora – oxirigacha borish».

«Informatsion tinchlantiruvchi ichib olish kerak emas»

Ekspert Xodaryonok Ukrainada bo‘layotgan voqealarni boricha qabul qilish va «axboriy tinchlantiruvchi» ichish kerak emasligini ta’kidladi: «Bo‘layotgan voqealarga real harbiy-strategik nuqtayi nazardan qarash kerak, «informatsion tinchlantiruvchi» ichib olish shart emas. Ukraina harbiylari orasida ruhiy tushkunlik borligi haqida gaplar tarqalmoqda, ba’zi bo‘linmalarda muammo bo‘lishi mumkin, ammo umumiy holat shunday deb qabul qilib bo‘lmaydi. Qisqasi, bu haqiqatga to‘g‘ri keladigan gaplar emas».

Ekspertning ta’sirli chiqishini bo‘lib qo‘ygan Skabeyeva uning million nafar ukrainalik askar qurollantirilishi haqidagi so‘zlariga «Ularning qanchasi professional, mobilizatsiya qilinganlar shunchaki oddiy odamlar-ku?» degan savol bilan murojaat qildi.

Xodoryonok esa professional harbiy iborasi urush holatida boshqacha talqin qilinishini aytdi.

«Har qanday armiyaning professionalligini undagi harbiylar shartnoma bo‘yicha xizmat qilayotgani belgilab bermaydi. Asosiysi shaxsiy tarkibni o‘qitish hamda vatan uchun jon berishga tayyor holatdagi motivatsiyaga ega bo‘lish. Aynan mana shu ruhiyat armiya professionalligini belgilab beradi. Shu sabab chaqiruv yordamida to‘ldirilgan armiya ham yaxshigina professional bo‘lishi mumkin.

Ba’zi siyosatchilarimizning miyasida bir noto‘g‘ri fikr qotib qolgan: kim armiyada shartnoma bilan xizmat qilayotgan bo‘lsa u – professional bo‘lishi haqida. Bo‘lmagan gap. Vatan uchun jonini berish, hozir Ukraina askarlarida uchrayotgan holat, bu jiddiy narsa», dedi ekspert.

Olga Skabeyeva yana uning so‘zlarini bo‘lib «O‘lib ketish istagini professionallik deyapsizmi?», deb so‘radi. Xodaryonok shunday javob berdi: «Bu professionallik emasdir, lekin aynan vatan uchun jon berish istagi armiyaning jangovarligini belgilaydi. Marksizm va leninizm g‘oyalari targ‘ibotchilari bo‘lmish klassiklar aytganidek, jang maydonida g‘alaba o‘zi kurashayotgan g‘oya uchun jon berishga tayyor jangovar shaxsiy tarkib tomonida bo‘ladi», dedi ekspert.

Rossiya propagandachi kanallarida urush haqidagi negativ chiqishlar e’lon qilinishi yangilik hisoblanadi. Xodaryonokning chiqishi jonli efir vaqtida kutilmaganda sodir bo‘lgan «ogohlik qo‘ng‘irog‘i»mi yoki rus jamiyatini jang maydonidan kelajakda yomon xabarlar kelishiga tayyorlash uchun atay qilingan chiqishmi – aniq emas. BBC bu borada ekspert Xodaryonokning o‘ziga savol bilan murojaat qilgan, ammo iste’fodagi ekspert javob berishni istamagan.

Ammo shunisi aniqki, Mixail Xodaryonok urushdan avval Ukrainani bir zumda mag‘lub etish imkonsiz ekani haqida maqola yozgan. O‘sha maqolada ekspert Kreml Ukraina bilan mojaroda G‘arbdan qurol yetkazib berilishi ssenariysiga tayyor emasligi, umuman, Ukraina bilan urush Rossiyaning milliy manfaatlariga kirmasligini yozgandi.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top