O‘qituvchilarning maoshiga ulangan «quvurlar» qachon olib tashlanadi?
So‘nggi yillarda byudjyetdan maosh olib ishlaydigan soha ishchi-xodimlarining yelkasiga juda og‘ir yuklar ortilganiga ko‘p guvoh bo‘lganmiz. Ular majburiy obuna ko‘rinishida matbuotni, majburiy mehnat ko‘rinishida paxta yig‘im-terim kampaniyasini, temir-tersak to‘plab, og‘ir sanoatni, makulatura yig‘ib, yengil sanoatni «sudrab» kelishayotgandi. Bunday holatga chek qo‘yish maqsadida hukumat tomonidan ko‘plab qat'iy chora-tadbirlar ko‘rildi, qonunlar qabul qilindi.
Afsuski, vaziyat haligacha o‘zgarmagan.
Hali ham turli xil jamiyat va tashkilotlar byudjyetdan maosh olib ishlovchi ishchi-xodimlar maoshiga, ularning peshona teri evaziga topgan mablag‘iga ko‘z tikmoqda. «Byudjyetchilar» nafaqat o‘z oilasi, o‘z farzandlarini, balki mana shunday sohalarni ham «boqish»ga majburligi achinarli hol.
Xorazm viloyati, Urganch shahridagi umumta'lim o‘rta maktablarining ishchilari, pedagog xodimlari maoshidan (diqqat!) Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish federatsiyasi va Qizil yarim oy jamiyati uchun pul ushlab qolingani aniqlandi.
Vaziyatga oydinlik kiritish uchun Urganch shahar Xalq ta'limi boshqarmasidan izoh so‘radik, buxgalteriya bo‘limida hujjatlar bilan tanishdik. Natijada, Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish federatsiyasiga har oyda (!) eng kam ish haqining 2 foizi miqdorida (4 055 so‘m) va Qizil yarim oy jamiyati uchun eng kam ish haqining 5 foizi miqdorida (10 136 so‘m) bir martalik mablag‘ ushlab qolingani ma'lum bo‘ldi.
Hujjatlarga ko‘ra, bu tadbir shahar hokimligining tavsiyasi (esda tutaylik) va ushbu tashkilotlarning iltimosnomasiga asosan tashkil qilingan. Shundan so‘ng, barcha maktablarda bu mavzularda yig‘ilish o‘tkazilib, hamma bir ovozdan buni ma'qullagan. Bayonnomalar rasmiylashtirilib, o‘qituvchilar, ishchi-xodimlarning imzosi yig‘ilgan. Ha, hujjatlarga e'tiroz bildirib bo‘lmaydi.
Ammo bunday majlislarning qanday o‘tkazilishi, bayonnomalarning qanday rasmiylashtirilishi, qarorlar qanday qabul qilinishini soha xodimlari juda yaxshi biladi. Gapning lo‘ndasini aytadigan bo‘lsak, rahbarning taklifi va tavsiyasi ma'qullanadi, unga hech kim e'tiroz bildirmaydi (bildirolmaydi ham), qaror bir ovozdan qabul qilinadi.
Urganch shahrining o‘zida 3 mingga yaqin pedagog xodimlar ishlashini inobatga olsak, bunga Xorazm viloyati tumanlaridagi o‘qituvchilar sonini ham qo‘shadigan bo‘lsak, soha xodimlarining maoshiga «quvurini ulab olgan» jamiyatlar yaxshigina mablag‘ to‘plab olishi mumkin - «toma-toma ko‘l bo‘lur», degan dono ajdodlarimiz.
Urganch shahar hokimligi xatida bu tashkilotlarning faoliyatini mablag‘ bilan ta'minlashda faol ishtirok etish tavsiya qilingan. Ha, aynan tavsiya! Ammo, tavsiya keyinchalik hayron qolarli tarzda ko‘rsatma va majburiyatga aylanib qolishi hech kimga sir emas.
Shu o‘rinda, xalq ta'limi sohasi xodimlarini bunday majburiyatlardan himoya qilishga qaratilgan chora-tadbirlar belgilanganini, qarorlar qabul qilinganini eslatib o‘tmoqchimiz.
O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2018 yil 17 iyul kuni umumiy o‘rta ta'lim tizimini isloh qilish va rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi. Unda o‘qituvchilarning jamiyatdagi mavqeini oshirish masalalari muhokama qilindi.
Xususan, Xalq ta'limi vazirligi tizimi xodimlarini ularning vazifasiga kirmaydigan ishlarga (tozalash ishlari, shanbaliklar, obodonlashtirish ishlari, turli yig‘ilish va majlislarda bo‘lish, kommunal xizmatlar to‘lovi va ko‘rsatkichlarni tekshirish bilan bog‘liq xizmatlarga) jalb qilishni taqiqlash, bundan tashqari, o‘qituvchilar maoshidan turli maqsadlarda (gazeta va jurnallarga majburiy obuna, avans kommunal to‘lovlar, turli tadbirlar chiptalariga va boshqalar) majburiy ravishda olib qolishni ham taqiqlash haqida ko‘rsatma berildi. Keyinchalik, bu chora-tadbirlar avgust oyida qabul qilingan «Yoshlarni ma'naviy-axloqiy va jismoniy barkamol etib tarbiyalash, ularga ta'lim-tarbiya berish tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident qarorida ham o‘z aksini topdi.
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatov 17 iyul kuni o‘tkazilgan yig‘ilishni «xalq ta'limi sohasida inqilobiy o‘zgarishlarga sabab bo‘ladigan tarixiy voqea» deb atadi. U o‘z Facebook sahifasida shu haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashgan edi.
«Bundan buyon endi barcha davlat idoralari maktab va o‘qituvchilar faoliyatiga xalaqit qilishi emas, balki ko‘maklashishi kerak! Aks holda Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan yangi siyosatga qarshi chiqqan bo‘ladi!», - deb yozdi u.
Vazirning ma'lum qilishicha, prezident tomonidan berilgan shuncha topshiriqlardan keyin ham joylarda xalq ta'limi tizimi xodimlariga tazyiq o‘tkazish holatlari kuzatilsa, O‘zbekiston Respublikasi bosh prokuroriga bunday holatlarga juda qat'iy chora ko‘rish topshirilgan.
«Shuning uchun barcha darajadagi rahbarlardan Prezidentimizning xalq ta'limi tizimi xodimlarini o‘z funksional vazifalaridan boshqa ishlarga jalb etmaslik bo‘yicha topshiriqlarini so‘zsiz ijrosini ta'minlashlarini kutib qolamiz», deb yozgan edi Sherzod Shermatov.
Qiziq, Iste'molchilar huquqini himoya qilish federatsiyasi va Qizil yarim oy jamiyatining Xalq ta'limi vazirligi xodimlari faoliyatiga qanday aloqasi bor ekan? Nima uchun ular Xalq ta'limi vazirligi xodimlarini to‘plab, yig‘ilish o‘tkazishi, pul yig‘ib olishi kerak? Yana qaysi tashkilotlar, jamiyatlar o‘qituvchilarning, byudjyet sohasi xodimlarining maoshiga ko‘z tikib, o‘z «quvurini ulab olishni» ko‘zlayapti? Bunday muammolarga barham berishda nega kasaba uyushmalari faollik qilmayapti?
Xalq ta'limi muassasalari xodimlarini moddiy rag‘batlantirishni va ijtimoiy muhofaza qilishni yaxshilash, ularning samarali ishlashi uchun munosib sharoitlarni yaratish – hukumat tomonidan xalq ta'limi tizimini isloh qilishning asosiy yo‘nalishlaridan biri etib belgilandi.
Endi bu haqdagi qarorlar va farmonlarning amalda bajarilishini, xususan, xalq ta'limi sohasi xodimlarining huquq va erkinliklari, qadr-qimmati nafaqat so‘zda, balki amalda ham himoya qilinishini istar edik.
Nurmuhammad Said
Mavzuga oid
19:00 / 24.10.2024
Davlat mehnat inspeksiyasiga majburiy mehnatga oid 283 ta murojaat kelib tushdi
18:02 / 10.10.2024
Shahrisabzda aholini paxta terishga majburlagan mahalla raisi salkam 19 mln so‘m jarimaga tortildi
10:15 / 10.10.2024
“Mas’ullarning faoliyatiga huquqiy baho beriladi” – Senat paxta terimiga majburlash holatlariga munosabat bildirdi
19:45 / 09.10.2024