12:30 / 17.03.2019
33790

Namangan viloyatining sobiq prokurori qamoqqa olingani haqida xabarlar tarqaldi. Bosh prokuratura bu xabarlarni rad etmoqda

Xorijiy nashrlarda va ijtimoiy tarmoqda Namangan viloyatining sobiq prokurori Ulug‘bek Toshev qamoqqa olingani haqida xabarlar tarqaldi.

«Qodirovni tergov qilgan prokuror ham qamoqqa olindi»  mazmunida tarqalgan xabarlarda 4 mart kuni ishdan olingan Ulug‘bek Toshev 8 mart kuni yuqori lavozimdagi amaldorga katta miqdorda (50 ming dollar) pora beraëtgan paytda Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan qo‘lga olingani aytilgan.

Bosh prokuratura matbuot xizmatida esa Ulug‘bek Toshev ushlangani haqida ma'lumot yo‘q.

Matbuot xizmatining Kun.uz’ga bergan izohida Toshev ishda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar uchun ishdan olingani ta'kidlanib, u pora berayotgan vaqtda qo‘lga olingani haqidagi xabarlar asossizligini ma'lum qilindi.

Eslatib o‘tamiz, Ulug‘bek Toshev Prezident Shavkat Mirziyoyevning Namanganga tashrifidan so‘ng ishdan olingandi.

Ma'lumotlarga ko‘ra, Ulug‘bek Toshev 2015 yilgacha Samarqand viloyati prokurori o‘rinbosari bo‘lib ishlagan. O‘z vaqtida sobiq bosh prokuror Rashidjon Qodirov bilan «yaqin bo‘lgani» aytiladigan Toshev 2016 yilning aprelida Toshkent shahri, Yakkasaroy tumani prokurori lavozimidan olingandi. Shundan keyin u ma'lum vaqt Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumani prokurori lavozimida ishlagan.

Tasdiqlanmagan ma'lumotlarga ko‘ra, Ulug‘bek Toshev 2017 yilda ma'lum vaqt davomida sobiq bosh prokuror Rashidjon Qodirov ishi bo‘yicha tergov guruhiga rahbarlik qilgan.

U 2018 yil aprelida Namangan viloyati prokurori sifatida ish boshlagandi.

OAV ma'lumotlariga ko‘ra, «Qodirov ishi» doirasida 21 kishi hibsga olingan, ularning aksari prokuratura tizimining sobiq vakillaridir.

Eslatib o‘tamiz, 11 mart kuni Bosh prokuratura matbuot xizmati prokuratura tizimidagi xodimlarga pora berishga urinish bilan bog‘liq holatlar haqida ma'lumot bergandi. Unga ko‘ra, 2018 yilda mazkur holatlar yuzasidan 82 nafar shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari, 16 nafar shaxslarga nisbatan esa ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi ishlar qo‘zg‘atilgan.

Top