Jahon | 22:19 / 02.11.2021
14543
4 daqiqa o‘qiladi

Lagosda 22 qavatli bino quladi. Qutqaruvchilar omon qolganlarni qidirmoqda

Nigeriyadagi yirik shaharlardan biri Lagosda «lyuks» toifasidagi kvartiralar joylashishi ko‘zda tutilgan ko‘p qavatli bino qulab tushdi. 22 qavatli osmono‘par bino qurilishi hali davom etayotgandi, uni keyingi yili foydalanishga topshirish rejalashtirilgandi. Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, kamida besh kishining o‘limi tasdiqlangan, o‘nlab kishilar bedarak ketgan hisoblanmoqda, qutqaruvchilar omon qolganlarni qidirishda davom etishmoqda.

Foto: Getty Images

Lagosda kuchli yomg‘irlar davom etmoqda, ammo qutqaruvchilar va mahalliy aholi tun bo‘yi chiroqlar yorug‘ida hududni beton qoldiqlari va armaturalardan tozalash ishlarini olib borishgan. Ular xarobalar ostidan yetti kishini chiqarib olishga muvaffaq bo‘lishgan.

Halokat vaqtida binoda bo‘lganlarning qarindoshlari xavotir bilan o‘z yaqinlarining taqdiri haqidagi ma'lumotlarni kutishmoqda. Bino qurilishida qancha odam ishlagani haqida aniq ma'lumot yo‘q, ammo guvohlarning ma'lumotiga ko‘ra, bino qulagandan keyin 100dan ortiq kishi bedarak yo‘qolgan deb hisoblanmoqda.

Mahalliy rasmiylar ko‘ngilsiz hodisa sabablarini o‘rganishga kirishgan va tekshiruvlar yakunida barcha ma'lumotlar e'lon qilinishini bildirgan.

«Lyuks» toifasidagi kvartiralar o‘rin olishi kerak bo‘lgan, nufuzli Ikoyi tumanida qurilayotgan hashamatli turar joy binosi dushanba kuni tushdan keyin qulab tushgan. U ko‘plab apartamentlar, penthauslar va taunhauslarni o‘z ichiga olgan 360 Degrees Towers majmuasining bir qismi bo‘lgan; u yerdagi eng arzon kvartira narxi 1,2 mln dollarga baholangan. Bu turar joylar butun dunyo bo‘ylab, Buyuk Britaniya va AQShdan tortib Janubiy Afrika va Nigeriyaga qadar bo‘lgan hududlarda qurilish loyihalarini amalga oshirib keladigan developer saytida reklama qilingan. Hozirda bu sayt ochilmayapti.

Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra bino qulashi bosqichma-bosqich ro‘y bergan, bir qavat ortidan boshqasi qulab tushavergan

Quruvchi Erik Tetexning Associated Press jurnalistiga aytishicha, bino qulab tushgan chog‘da uning jamoasi ekskavator kelishini kutib turgan bo‘lgan. «Men va akam tirik qoldik, ammo u yerda odam ko‘p edi, yuzdan ortiq», deya xabar qilgan u.

O‘z navbatida, qurilayotgan binolar ro‘parasidagi ofisda bo‘lgan guvohlar BBC bilan suhbatda kuchli shovqin ovozini eshitishgani, oynadan tashqariga qarab, bino qanday qulab tushganiga guvoh bo‘lishganini aytib berishgan.

Jurnalistlarning qayd etishicha, voqea joyiga Lagos meri o‘rinbosari Femi Xamzat kelganida uni g‘azablangan odamlar guruhi qarshi olgan, ular rasmiylarni qutqaruv amaliyoti boshlanishini paysalga solishda ayblashgan.

Ayrim xabarlarga ko‘ra, qulagan bino loyihadagidan bir necha qavat yuqori qilib ko‘tarilgan.

Lagosda so‘nggi yillarda binolar qulab tushishi bilan bog‘liq bir necha holat kuzatilgan. 2019 yilda maktab binosi qulashi tufayli 10 kishi halok bo‘lgandi. 2014 yilda taniqli yevangelist tomonidan o‘tkazilgan marosim vaqtida olti qavatli bino qulashi oqibatida 116 kishi halok bo‘lgan.

Nigeriyada qurilish ishlari sifati past bo‘lib kelgan, yaqinda Lagos hukumati qurilish sohasi uchun sertifikatlashning yangi, qat'iy tizimini yo‘lga qo‘ygandi.

Mavzuga oid