12:12 / 05.05.2023
23827

«Garmoshka»lar Toshkent yo‘llarida harakatlanishga qiynalmoqda – muammo nimada?

Poytaxt yo‘llarida yangi olib kelingan «garmoshka» avtobuslar bilan bog‘liq muammolar kuzatilyapti. Xususan, Yunusobod tumanida harakatlanuvchi avtobuslardan ikkitasining tomidagi qoplamasi daraxtga tegib, qo‘porilib tushdi. Ayrim «garmoshka»lar esa birgina belgilangan joylardan qayrilib olish uchun 3 daqiqadan 15 daqiqagacha vaqt sarflamoqda.

O‘zi nima gap?  

1 may kuni tarmoqlarda Toshkentga olib kelingan yangi «garmoshka» avtobuslardan ikkitasining tom qismi qo‘porilib tushgani haqida xabarlar tarqaldi. Ma’lum bo‘lishicha, holat Yunusobod tumanida harakatlanayotgan 24- hamda 93-yo‘nalishdagi avtobuslar bilan sodir bo‘lgan. «Toshshahartransxizmat» AJ hodisalardan biriga izoh berib, avtobusning tom qismidagi gaz ballonlarining himoya qoplamasi qo‘porilib tushgani, bu esa yo‘lning qatnov qismiga qarab o‘sgan daraxtga tegish natijasida sodir bo‘lganini bildirdi.

2 may kuni jurnalist va bloger Aziza Qurbonova Twitter’dagi sahifasida «garmoshka»lardan biri 15 daqiqadan beri qayrilolmayotgani haqida post qoldirdi.

Twitterʼda e’lon qilinggan surat, Bog‘ishamol 160 A manzilida «garmoshka» avtobus qayrilolmayapti / Foto: Aziza Qurbonova

«Garmoshkali avtobuslar yo‘llarda qiynalyapti. 15 daqiqacha urindi qayrilolmay», – deyiladi post izohida. 

Qurbonovaning Kun.uz muxbiriga ma’lum qilishicha, bu holat 38-avtobus yo‘nalishi bilan «Davlat belgisi» davlat unitar korxonasi («Monetnyy dvor») yaqinida yuzaga kelgan. U taqdim qilgan yana bir suratda shu yo‘nalishdagi boshqa bir avtobus bilan bo‘lgan holatni ko‘rish mumkin. 

Bog‘ishamol 160 A manzilida «garmoshka» avtobus qayrilolmayapti, odamlar avtobusni itarishmoqda / Foto: Aziza Qurbonova

Qurbonovaga ko‘ra, transportning qayrila olmaganiga asosiy sabab yo‘llarning torligi emas, balki avtomobillarning yo‘l bermagani bo‘lishi mumkin.

«Guvohlarning aytishicha, 1-«polosa»ni haydovchilar band qilgan, undan qochaman deb 2-«polosa»dan «razvorot» qilmoqchi bo‘lgan. Keyin bekatga tiqilgan. Orqaga qaytay desa, harakatdagi avtomobillar yo‘l bermagan. Shundan keyin bitta Spark bilan YTH bo‘lgan», deydi u.

Bu borada avtobus haydovchilari nima deydi?

Kun.uz yuz berayotgan holatlar bo‘yicha «garmoshka» haydovchilari bilan suhbatlashdi. Ularning aytishicha, poytaxt yo‘llarida 18 metrli avtobuslarda harakatlanishi oson emas.  

«Yo‘llarda maxsus yo‘laklar qilingani hisobiga avtobuslar o‘ng tomondan yurishi kerak bo‘ladi. O‘ng tomonda esa daraxtlarning shoxlariga urilib harakatlanib qolyapmiz. Buning ustiga oldingi avtobuslar, masalan, eski MAN rusumlilari bunchalik baland emasdi. Yangilarining baland ekani hisobiga ham shoxlarga urilib, gaz ballonining qoplamasi ajralib qolmoqda», – deydi shaxsi ochiqlanishini istamagan haydovchi. 

«“Garmoshka”lar kelganida avtobuslarning yo‘llarda harakatlanishi qiyin bo‘lishini aytgandim. Yo‘llarimiz talabga javob bermaydi. «Garmoshka»ning tom qismi daraxtlarga tegib qolyapti. Endi alohida ajratilgan yo‘laklarni 45 sm chap tomonga surib berisharkan. Bu samara beradimi yoki yo‘q bilmayman. 

Qo‘yliq-Do‘stlik metrosi yo‘nalishining 5-bekatidan bir «garmoshka» harakatlanadi, avtobus shu 5-bekat tomondan qayrilishga qiynaladi. Bitta harakatda burila olmaydi. Qayrilib olish uchun 3-4 daqiqa sarflanadi», – deydi boshqa haydovchi. 

Bundan tashqari, suhbatlashgan yana bir avtobus boshqaruvchilaridan biri bu jarayonda xodimlarning tajribasi ham ahamiyatli ekanini bildirdi. 

«Avtobuslar yetib keldi degani hamma yoq tezda izga tushib, ishlab ketadi degani emas»

Shaharsoz Iskandar Soliyevning aytishicha, «garmoshka»lar Toshkentga bemalol moslasha oladi. «Ko‘chalar keng. Faqatgina avtobus yo‘llarini to‘g‘ri loyihalash kerak», – deydi u. 

Shuningdek, Soliyev «garmoshka»larning bir yo‘lakdan boshqa yo‘lakka qayrilib olishi uchun 12 metr yetarli bo‘lishini, bu yerda boshqa muammolar borligini aytmoqda. 

«Menimcha bu yerda muammolar aralash, ya’ni haydovchilarning ko‘pchiligi hali yangi avtobuslarga ko‘nikkani yo‘q, jamoat transporti uchun alohida yo‘laklar to‘g‘ri tashkil qilinmadi.

Avval ham aytganman, avtobuslar yetib keldi degani hamma yoq tezda izga tushib, ishlab ketadi degani emas. Tizimni to‘liq yo‘lga qo‘yish uchun ancha vaqt kerak. Hattoki, bitta marshrutni hisoblab, analitik izlanishlar olib borib, modelini yasab, simulyatsiyadan so‘ng ishonch hosil qilib ko‘rishga kamida 6-8 oy kerak bo‘ladi. Hali bu muammolar tugamaydi. Va bunga shoshilmasdan tizimli yechim bilan yondashish zarur. Adashmasam, bu muammolar ustida hozirda Transport vazirligi hamda «Toshshahartransxizmat» ishlashmoqda. Bilmadim, qanchalik ularni hal qilishadi. Lekin hal qilmasdan boshqa iloji yo‘q. Yo‘qsa, ertaga ko‘chalarimiz Bombeyga aylanadi», – deydi shaharsoz.

Mutaxassis tez orada bu muammolarga barham berilishiga ham umid bildirmoqda.  

Muammo mablag‘dami?

8 aprel kuni Toshkentga Xitoydan olib kelingan yangi avtobuslar taqdimotida transport vaziri Ilhom Mahkamov ham infratuzilma borasida gapirib o‘tgandi. Xususan, u jarayonda bekatlarni moslashtirish, piyodalar o‘tishi uchun alohida ko‘priklar yoki yerosti o‘tish yo‘lagini qurish kerakligi, bu borada vazirlik tezkor yechimlarni berish bilan shug‘ullanayotganini aytgandi. 

«Bu infratuzilma ustida ham Toshkent shahar hokimligi, IIV, Transport vazirligi hamkorlikda loyiha ofisini tashkil qilganmiz. Poytaxtda 34 ta yirik koridor bo‘lsa, mana shu loyiha ofisi bilan birgalikda 13 ta koridorni tanlab oldik. 2023 yilda 13 ta koridorning hammasida chorrahadan o‘tuvchilik qobiliyati, o‘ng tarafga ketish, yo‘llarda jamoat transportiga ustuvorlik berish bo‘yicha ishlanyapti», – degandi Mahkamov. 

Shuningdek, vazirlikning Toshkent shahar transport tizimini kompleks rivojlantirish loyiha ofisi direktori Murod Obidov ham bekatlar 18 metrli avtobuslar uchun moslashmaganini, «garmoshka»larning old tomonidagi 3 ta eshigi bekatda qolayotganini, oxirgi eshigi esa ariqning oldida ochilib qolayotganini aytgandi. 

«Mana shunday holatlar uchun hokimiyat, YHXBB o‘rganish ishlarini olib bormoqda», – deya ta’kidlagandi u. 

Kun.uzʼning Transport vazirligidagi manbasiga ko‘ra, jamoat transportini rivojlantirishdagi muammolarni mablag‘ yetishmasligi bilan baholadi.

Manba bu jarayonda shaxsiy transport jozibadorligini kamaytirish, avtobuslar uchun maxsus yo‘laklarni tashkil etish, yo‘laklarda joylashgan bekatlar, yengil transportdan bekatga keluvchilarni tushirish-chiqarish maydonchalari, tartibga solingan piyodalar yo‘laklari, svetoforlarni boshqarish tizimini joriy etish kerakligini, buning uchun esa mablag‘ ajratilmayotganini aytmoqda.

«Belgilab olingan ishlarni amalga oshirish moliyalashtirishga bog‘liq. Afsuski, bu jihatlar shahar budjetining asosiy parametrlarida ko‘zda tutilmagan.

Shu kabi muhim bo‘lgan jarayonlarni hal qilish uchun tegishli rahbarlardan iborat ishchi guruh tashkil etilgan. Uning bir nechta yig‘ilishi ham bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda aynan infratuzilma obektlarini talab darajasiga keltirish – kechiktirib bo‘lmaydigan ishlardan biri ekani ta’kidlandi. Shuningdek, barcha ishlarni amalga oshirish uchun kerakli mablag‘larning manbalari ham belgilab olingandi.

Ishlar belgilangan tartibda amalga oshirilishi uchun bir qancha bosqichlardan o‘tishi, ya’ni joyida o‘rganilishi, loyiha uchun talab shartlarini shakllantirish, loyihachi tashkilotni elektron tender orqali aniqlash, loyiha tayyor bo‘lganida uni ekspertizadan o‘tkazish, keyin quruvchi tashkilotni ham elektron tenderlar orqali bilib olish va qurilish ishlarini texnik nazorat ostida amalga oshirish kerak bo‘ladi. Pulning o‘zi yo‘q bo‘lganidan keyin bu ishlarning birortasi boshlangani ham yo‘q, hammasi to‘xtab-to‘xtab shunday holat bo‘lib yotibdi. 

O‘tgan yilgi qarorlarda ham aynan shunday topshiriqlar berilgandi, lekin yana masala moliyalashtirishga kelganda to‘xtab qolavergan. Ishlarning asosiy buyurtmachisi shahar hokimligi bo‘lishi kerak, buyurtmachi tomonidan sohaga yo‘naltirilishi kerak bo‘lgan mablag‘lar budjet parametrlarida ko‘zda tutilmasa, bu ishlarni amalga oshirish deyarli imkonsiz», – deydi Kun.uz manbasi. 

Manba moliyalashtirish tizimining to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmagani ortidan jamoat transportida anchadan beri yuzaga kelayotgan muammolar haqida ham gapirdi. 

«Masalan, jamoat transportining eskirib borishi, avtobuslarning xavflilik darajasi oshib borishining asl sababi boshqa, uning tagida katta muammo bor. Afsuski, bu haqda hech kim gapirmaydi, jim yuraverishadi. Avtobuslarning oylik xarajat narxlari bor. Yo‘lovchi tashish xarajat narxi tarifimizdagi 1 ming 400 so‘mdan qimmatroqqa, taxminan, 2 ming 800 so‘mga tushadi. Yilning boshida har oy uchun qancha xarajat ketishi va qoplanishi kerak bo‘lgan summa hisoblab chiqiladi, buni yilning boshida budjetning asosiy parametrlariga kiritish kerak. 

Parametrga kiritilayotgan vaqtda birinchi navbatda kerakli ehtiyot qismlari va yoqilg‘ining narxi oshishini pasaytirib yozishadi, ya’ni shu narsalarning narxi qimmatlashishi inobatga olinmaydi. Keyin haydovchilarni yil boshida tarifinglar oshirib beriladi deb aldashadi, shu bilan bu ish ham bajarilmaydi. Shunday qilib yarim yilga yetganda, ajratilgan mablag‘ tugab qoladi. Avtobuslar ehtiyot qism olmaganidan keyin yo‘nalishlarga chiqmay yotaveradi. Shu bilan zanjir aylanib ketaveradi. Agar moliyalash ishi yaxshi yo‘lga qo‘yilganda edi, shu ishlar ham to‘g‘ri ketardi.

Brutto-shartnoma tizimini joriy etish haqida gapirishyapti. Menimcha, mana shu tizim shaffoflikka olib keladi. Mazkur tizimni joriy etish uchun ham avvalo shaffof tarif tizimi yo‘lga qo‘yilishi kerak.

Hammasi bir-biriga uzviy bog‘liq. Yo‘lni ochib, tarif uchun ruxsat berishsin, bugundan ish boshlab yuboriladi. Bizga bog‘liq bo‘lmagan narsalarni bo‘ynimizga ilib tashlashyapti-da, moliyaviy masalani hal qilmay, faqat aybdor qidirilyapti. Minimal ishlarimiz uchun ham pul ajratilmayapti», – deydi manba.

Toshkent shahar transport va yo‘l-transport infratzulmasini rivojlantirish bosh boshqarmasining xabariga ko‘ra, 5 maydan ayrim avtobus yo‘nalishlarida xizmat ko‘rsatish brutto-shartnoma tizimiga o‘tkazilmoqda. Poytaxtda harakatlanuvchi 5-, 11-, 18-, 19-, 37-, 44-, 67-, 77-, 83-, 136-, 139-, 142-, 72- va 81-sonli avtobuslarda bugundan boshlab «plan» bajarish bekor qilinadi.

Ma’lumot uchun, prezidentning 2023 yil fevraldagi 59-sonli qaroriga ko‘ra, 15 apreldan Toshkent shahri yo‘lovchi tashish tizimi bosqichma-bosqich brutto-shartnomaga o‘tkazilishi belgilangan. Transport vaziri Ilhom Mahkamov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda 15 maydan poytaxtdagi barcha jamoat transporti brutto-kontraktga o‘tishini aytgandi.

Top