O‘zbekiston | 21:53 / 31.05.2024
6710
6 daqiqa o‘qiladi

Farg‘ona uzumlari AQShda sotiladi va taqchilligi oshgan budjet - 31 may dayjesti

O‘zbekistonda budjet taqchilligi va davlat qarzi oshdi, narxlar ko‘tarilgach, odamlar kamroq energiya iste’mol qila boshladi, Farg‘ona uzumlari AQShga yuboriladigan bo‘ldi, Shavkat Mirziyoyev Buxoroga bordi. 31 mayda O‘zbekistonda sodir bo‘lgan shu va boshqa mahalliy yangiliklar bilan doimgidek kundalik dayjestimizda tanishtirishda davom etamiz.

Davlat qarzi 35 mlrd dollardan oshdi

Joriy yil 1 aprel holatida davlat qarzi 35,3 mlrd dollar yoki YaIMga nisbatan 38,3 foizni tashkil etgan. O‘tgan yilda tashqi qarzga xizmat ko‘rsatish xarajatlari 2,82 mlrd dollarga yetgan. Davlat qarzining 93 foizdan ortiq qismi xorijiy valutada jalb qilingan. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi ma’lum qildi.

Vazirlik hisobotiga ko‘ra o‘tgan yil davomida 5,7 milliard dollar qarz mablag‘lari jalb qilingan. Xususan, 2023 yilda davlat tashqi qarzi 3,7 milliardga oshib, 29,6 milliard dollarni tashkil etgan. Ichki qarz esa 2 milliard dollarga oshib, 5,3 milliard dollarga yetgan.

Davlat qarzining mamlakat YaIMiga nisbati 2022 yil oxiridagi 36,4 foizdan 2023 yil oxirida 38,4 foizgacha oshgan.

Hozirda davlat qarzining eng yirik miqdori Jahon banki va Osiyo taraqqiyot banki hissasiga to‘g‘ri keladi. O‘zbekiston tashqi qarzidagi bu ikki bankning ulushi umumiy 13 milliard dollarga teng.

Budjet taqchilligi oshdi

Iqtisodiyot va moliya vazirligi e’lon qilgan hisobotga ko‘ra, 2024 yilning 1-choragida davlat budjeti daromadlari 52,6 trln, xarajatlari esa 70,3 trln so‘mni tashkil etib, taqchillik 17,7 trln so‘mga yetgan. Bu – bir yil oldingi ko‘rsatkichdan 1,5 barobar, ikki yil oldingi ko‘rsatkichdan 18 barobar ko‘p degani.

Budjet daromadlari 2023 yilning mos davriga nisbatan 5,3 trln so‘mga yoki 11,3 foizga oshgan. Budjet xarajatlari esa 2023 yilning mos davriga nisbatan 11,3 trln so‘mga yoki 19,2 foizga o‘sgan.

Raqamlar 1-chorakda defitsit 17,7 trln so‘m bo‘lganini ko‘rsatadi. O‘tgan yilning mos davrida defitsit 11,7 trln so‘m, 2022 yil esa 1 trln so‘mni tashkil etgan.

1-chorakdagi xarajatlarning 48,2 foizi yoki 34 trln so‘mga yaqini ijtimoiy sohaga ajratilgan.

Narx oshgach, elektr va gaz iste’moli kamayibdi

Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudovga ko‘ra, mamlakatda gaz va elektr narxi oshirilgach, aholining energiya iste’moli kamaygan. Vazirning aytishicha, 1-29 may kunlari o‘zbekistonliklar o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 324 million kVt/soat kamroq elektr energiyasi ishlatgan.

Mirzamahmudov «O‘zbekiston 24» telekanaliga bergan intervyusida hozirgacha quyosh va shamol elektr stansiyalarida 970 million kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarilgani, bu esa o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 700 million kVt/soatga ko‘p ekani haqida ham gapirgan.

«Xuddi shu tendensiyani gaz bo‘yicha ham ko‘rish mumkin. Umumiy abonentlar sonining o‘sishi bilan bir qatorda may oyining 29 kunida iste’mol 125 million kub metrga kamaydi. Kundalik iste’molga e’tibor qaratilsa, issiqlik elektr stansiyalari rejadagidan 5-6 million kub metr gaz, 2 barobar kam ko‘mir yoqmoqda», deb qo‘shimcha qilgan energetika vaziri.

Darvoqe, O‘zbekistonda energiya iste’moli reytingi joriy etilishi mumkin. Energetika vazirligi energiya sig‘imi eng yuqori va eng past bo‘lganlarning «10 taligi»ni yuritib, ommaviy axborot vositalarida yoritib borishni rejalashtirmoqda. Vazirlik bu taklifni prezident Mirziyoyevga taqdim etgan.

Prezident energiya tejashga qaratilgan shu va boshqa takliflarni aloqador vazirlik va idoralar bilan birgalikda puxta ishlab chiqish, ko‘rsatkichlarni xalq deputatlari mahalliy kengashlari muhokamasiga kiritish maqsadga muvofiqligini aytgan.

Farg‘ona uzumlari AQShga yetkazib beriladi

Farg‘ona viloyati hokimi Xayrulla Bozorov AQShning oziq-ovqat va logistika bozorlarida xizmatlarni taklif etuvchi Natars NY Food korporatsiyasi vakillarini qabul qildi. Uchrashuvda Farg‘ona viloyatida yetishtirilgan va ishlab chiqarilgan mahsulotlarning AQShga eksporti ko‘lamini kengaytirish masalasi muhokama qilindi.

2023 yil dekabr oyida Oltiariq uzumlarini AQSh bozoriga olib kirishga vositachi bo‘lgan ushbu kompaniya vakillari, viloyat meva va sabzavotlariga Qo‘shma Shtatlarda yetarli talab borligi, shuningdek, quritilgan mevalar, konservalangan mahsulotlar, meva sharbatlari, holva va boshqa milliy shirinliklarni ham amerikalik iste’molchilarga sinov tariqasida taqdim etish ustida ish olib borayotganliklarini ma’lum qilgan. Uchrashuv davomida 2024 yilda Farg‘ona uzumlari ham katta miqdorda Amerikaga yetkazib berilishi va bu masalada hozirdan barcha tayyorgarliklar ko‘rilayotgani aytib o‘tildi.

Shavkat Mirziyoyev Buxoroga bordi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Buxoroga bordi. Tashrif Bahouddin Naqshband maqbarasini ziyorat qilishdan boshlandi. Keyinroq prezident «Qorako‘l» erkin iqtisodiy zonasi hududidagi metall quvur ishlab chiqarishga ixtisoslashgan zamonaviy «Enpipe» korxonasi faoliyati bilan tanishdi.

Shundan so‘ng Shavkat Mirziyoyev Buxoro viloyatida ishlab chiqarilayotgan sanoat mahsulotlari ko‘rgazmasi bilan tanishdi. Investorlar va tarmoq rahbarlari yangi loyihalarni taqdimot qilishdi.

Mavzuga oid