00:26 / 21.08.2019
22756

Koutino «Bavariya»ga «qochdi». U nega katalonlarga to‘g‘ri kelmadi?

Myunxenliklar Filippe Koutinoni 8,5 million yevroga bir mavsum uchun ijaraga olishdi. Endi kataloniyaliklar undan Neymarni transfer qilishda foydalana olishmaydi. «Sport-Ekspress» nashri ushbu transfer haqida maqola e'lon qildi.

Neymarning merosxo‘ri
2017 yil yozida Neymar shov-shuvli tarzda «Pari Sen-Jyermen» safiga o‘tgach, «Barsa» rahbariyati ushbu transferdan tushgan 222 million yevroni nimaga sarflashga bilmay qolgandi. Klub prezidenti Xosep Bartomeu bu pulni Koutino va Dembele uchun sarflashga qaror qildi. O‘shanda Filippe «Vissel Kobe»ga yo‘l olgan Inestani ideal darajada almashtirishi, Dembele esa Neymarning merosxo‘ri bo‘lishi kutilgandi.

Amalda esa barchasi boshqacha bo‘lib chiqdi: o‘tgan ikki yil davomida Dembele o‘z salohiyatini ko‘rsata olmadi, u doimiy ravishda jarohat oldi va mashg‘ulotlarga kechikib, yirik miqdorlarda jarimalar to‘ladi. Koutino esa bir yarim mavsumda (u jamoaga 2018 yil 6 yanvarida qo‘shilgan) barcha turnirlar doirasida 21 gol urib, 11 golga uzatma berdi, ammo bu statistika uning o‘yini kuchli bo‘lganini anglatmaydi. Braziliyalik futbolchi umuman Ernesto Valverde tuzgan jamoada o‘z o‘rnini topa olmadi, u goh hujumkor yarimhimoyachi, goh chap qanot hujumchisi rolida sinab ko‘rildi, zaxira futbolchisiga aylangach uni mish-mishlarda goh «PSJ»ga, goh «Tottenhem»ga jo‘natishdi, hatto«Liverpul»ga qaytarishdi — qayerga ketsa ketsin, muhimi «Barselona»dan uzoqda bo‘lsin.

«Barsa» bonus to‘lashni istamaydi

Ko‘k-anorranglilar rahbariyati avval ham amalda Filippening transferi xato bo‘lganini tan olishgandi. Hozirda katalonlar klub tarixidagi eng qimmatbaho xarid klubga kerak emasligini rasman tasdiqlashdi: Koutino bir mavsumni «Bavariya»da ijara asosida o‘tkazadi. Myunxenliklar klubi «Barsa»ga 8,5 million yevro to‘laydi va keyingi yil yozida Koutinoni sotib olishi mumkin bo‘ladi. Kataloniyada Messi va Suaresdan keyin eng ko‘p maosh oluvchi uchinchi futbolchi bo‘lmish bu braziliyalik (yiliga 13,5 million yevro) futbolchini nemislar o‘z safida olib qoladimi yo‘qmi, vaqt ko‘rsatadi. «Barsa» esa nafaqat maydonda ortiqchalik qilayotgan Koutinodan, balki xarajatlar smetasida ham muammo tug‘dirayotgan Koutinodan xalos bo‘lishdi. Qolaversa, 120 million yevroga sotib olingan futbolchi bir yarim yil o‘tib ijaraga berilishi — «Barselona» rahbariyatining jiddiy xatosi sifatida eslab qolinadi.

«Barsa» xarajatni qisqartirishga harakat qilmoqda: Filippe ijaraga berilishi tufayli, klub «Liverpul»ga beriladigan puldan 25 million yevro tejab qolishi mumkin. Koutino «Barselona»ga o‘tganida, shartnomada futbolchi yangi klubida 100ta o‘yin o‘tkazsa, mersisaydliklarga qo‘shimcha 20 million yevro to‘lab berishi (braziliyalik 76 o‘yinda ko‘k-anorranglilar futbolkasida maydonga tushishga ulgurdi) va Chempionlar ligasida g‘alaba qozonilsa, yana 5 million yevro miqdorida bonus mablag‘lari o‘tkazilishi belgilangandi. Agar «Barsa» 25 million yevroni saqlab qolishni istasa, keyingi yilda uni kimga bo‘lsa ham sotishiga to‘g‘ri keladi, Koutino Myunxenda qolishi ehtimoli juda past. «Bavariya» behuda pul sarflaydigan jamoa emas. Klubning tajribali rahbarlari keyingi yilda 28 yoshda bo‘ladigan futbolchi uchun 120 million yevro to‘lashiga ishonish qiyin.

Koutino va Valverdening futboli
Bunday vaziyatdan eng ko‘p jabr ko‘radigan — futbolchining o‘zi bo‘ladi. Koutino — aqlli va yaxshi driblingga ega bo‘lgan texnar yarimhimoyachi, uning uzoq masofalardan yo‘llaydigan kuchli va aniq zarbalari ham har qanday darvozabonni shoshirib qo‘yadi. «Barsa» azaldan bunday sifatlarga ega futbolchilarni qadrlab kelgan, ammo Valverdening hozirgi o‘yin uslubida braziliyalik futbolchi mutlaqo xira yulduzga aylandi. Maydonda erkin ijodkor Messi bo‘lishi va Suares himoyaga qaytishda erinchoqligi qolgan 8 futbolchi doimiy ravishda mudofaa ishlari bilan mashg‘ul bo‘lishini talab etadi. Ammo Ispaniya chempionatining 2018/19 yilgi  mavsumida Filippe har o‘yinda o‘rtacha 0,5 marta raqib hujumini to‘xtatgan (taqqoslash uchun: Amerika Kubogida Braziliya terma jamoasi safida uning bu boradagi ko‘rsatkichi 2,8taga teng bo‘ldi). La ligada bunday ko‘rsatkich faqat Suaresda, undan kamrog‘i Messida (bir o‘yinga o‘rtacha 0,4). Qolgan yarimhimoyachilarda sezilarli darajada yuqori ko‘rsatkichlar: Rakitich Koutinodan ikki barobar ko‘p marta raqibdan to‘pni olib qo‘ygan, Vidal va Busketsda yanada ko‘proq (2,4 va 2,6 marta). Bunday statistika bilan Filippega «Barselona»ning asosiy tarkibida joy topilmasligi mantiqdan, qolaversa, u odatda jamoaning o‘yini qovushmay turganida maydonga chiqardi. Bu Koutino «Liverpul»da o‘tkazgan davrlardan butkul farqli, o‘shanda hujum chizig‘i robotdek ishlaydigan Mane, Roberto Firmino va Salohdan iborat bo‘lar, maydon markazida esa Milner va Vaynaldum kabi mehnatkashlar o‘z ishlarini ortig‘i bilan uddalardi. «Bavariya» Koutinoga reabilitatsiya uchun imkon taqdim etishi mumkin, agar braziliyalik futbolchi bu yerda o‘zining eng yaxshi sifatlarini namoyish eta olsa, bundan barcha yutadi.

Endi Neymar kelmaydimi?
Koutinoning ijaraga berib yuborilishi Neymarning «Barselona»ga qaytish yo‘liga qo‘yilgan g‘ov bo‘ldi. Bungacha Filippe braziliyalik vatandoshi transferi doirasida «PSJ»ga o‘tib, ushbu transferning bir qismiga aylanishi kutilayotgandi. Endi «Barselona» Neymar uchun Rakitich, Yumtiti va Semeduni taklif qilmoqda, shayxlar esa pul va Dembeleni so‘rashmoqda. O‘z navbatida, bu futbolchilarning hech biri Kataloniyadan ketishni istashmaydi, ayniqsa boshqa bir futbolchi transferi doirasida. Shunday ekan, Neymar «Barsa»ga qaytishi ehtimoli kundan-kunga ozaymoqda. Ayniqsa, unga «Real» va «Yuventus» kabi grandlar ham da'vogar bo‘lib turganida. Lekin, agar«Barselona» Ispaniya chempionatida yana bir necha o‘yinni boy bersa, Bartomeu «PSJ»ga ular istaganidek taklif berib qolishi ham mumkin. Lekin bu transfer «Barselona»ga foydadan ko‘ra zarar keltirishi ehtimoli ham yo‘q emas.

Top