21:43 / 09.07.2021
57403

Afg‘oniston: Toliblar Eron bilan chegaradagi asosiy nazorat punktini egalladi, turkmanlar evakuatsiya ishlariga kirishgan

Siyosatchilar va afg‘on xalqining amerikaliklar kontingenti Afg‘onistondan ketishi oqibatlari bilan bog‘liq eng yomon prognozlari amalga oshmoqda: toliblar butun mamlakat bo‘ylab hujumlarni davom ettirmoqda. Juma kuni ular Afg‘oniston-Eron chegarasidagi asosiy nazorat-o‘tkazuv punktini egallab olishdi. Turkmaniston bilan chegara hududida otishma ovozlari eshitilgan, chegara hududdagi aholini evakuatsiya qilish ishlari boshlangan.

Foto: Reuters

Turkmen.News nashri o‘z manbasiga tayangan holda Sarhadobod shahri aholisi otishma ovozlarini eshitgani, ovozlar chegaraning Afg‘oniston tomondagi Turgundi posyolkasidan kelgani haqida xabar berdi.

Ayrim manbalarga ko‘ra, bir kun oldin chegara tomonga harbiy yuk mashinalari va turkman armiyasi kontingenti yo‘l olgan.

Turkmen.News manbasi ma'lumotlariga ko‘ra, turkman zobitlari o‘z oilalarini chegara hududidan evakuatsiya qilishga kirishgan.

Afg‘on-turkman chegarasidagi «Akina» nazorat-o‘tkazuv punkti bir necha kundan buyon yopiq turibdi. Turkmaniston hukumati chegaraning Afg‘oniston tomonidagi hududlar toliblar nazoratiga o‘tayotgani munosabati bilan shunday qaror qabul qilgan.

«Akina» punkti orqali Turkmanistondan Afg‘onistonga oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berilardi, shu tufayli chegara zonasidagi afg‘onlar oziq-ovqat mahsulotlari yetishmovchiligi muammosiga duch kelmoqda.

Rasmiy Dushanbe ham ommaviy safarbarlik e'lon qilgan. Zaxiradagi 20 ming kishi Tojikiston va Afg‘oniston chegarasiga yo‘naltirilgan.

Shuningdek, internetda toliblar Eron bilan chegaradagi «Islom-Qal'a» nazorat-o‘tkazuv punktidan afg‘on bayrog‘ini yechib olayotgani tasvirlangan video tarqaldi.

Bu punkt orqali yuklar o‘tkazilishi Afg‘oniston xazinasiga o‘rtacha 20 million dollar keltirardi.

Shu vaqtgacha toliblar asosan chekka tumanlarni jangsiz egallab kelishayotgandi, endi esa harakat a'zolari mamlakatning ikkinchi yirik shahri Qandahorni egallash uchun hujum boshlagan. 

Toliblar mamlakat hududining 85 foiz qismini nazorat qilishayotganini ma'lum qilishgan, ammo bu ma'lumotni mustaqil manbalar orqali tekshirishning imkoni yo‘q.

Boshqa ma'lumotlarga ko‘ra, ular mamlakatning uchdan bir qismini nazorat qilmoqda, ammo asosiy hududlarni - G‘arbda Eron bilan chegara hududlardan Sharqda Xitoy bilan chegara hududlargacha.

Toliblar ilgarilashda davom etmoqda
Afg‘onistondagi vaziyat keskinlashuvi AQSh kontingenti butunlay ketayotgani bilan bog‘liq, bu jarayon 2021 yilning 11 sentyabriga qadar - Afg‘oniston kampaniyasi boshlanishiga sabab bo‘lgan Nyu-York teraktlarining 20 yilligiga yakunlanadi.

Toliblar va AQSh o‘rtasidagi amerikalik harbiylarni Afg‘onistondan butunlay olib ketish to‘g‘risidagi kelishuv Donald Tramp ma'muriyati davrida imzolangandi.

Amerikaliklarning bu mamlakatdagi 20 yillik mavjudligi AQSh tarixidagi eng uzoq vaqtga cho‘zilgan xalqaro harbiy kampaniya bo‘ldi.

Toliblar Vashington o‘z harbiylarini hujumga uchramasdan va qon to‘kilmasdan olib chiqishini kafolatlagan, ammo amerikaliklarning ketishini o‘z g‘alabasi sifatida e'lon qilgan.

Amerikaliklar ketar ekan, toliblar mamlakat ichkarisi tomon faol harakatlanishdi va endilikda hukumat kuchlari NATO harbiylari qo‘llab-quvvatlovisiz mamlakatdagi nazoratni tutib tura olmasligi oydinlashmoqda.

Afg‘oniston hukumati ma'lumotlariga ko‘ra, «Tolibon» bilan ziddiyat tufayli ikki milliondan ortiq afg‘onlar qochqinlarga aylanib bo‘lishgan.

Moskvadagi muzokaralar

Toliblar delegatsiyasi Moskva mehmonxonasidagi matbuot anjumaniga kirib kelmoqda
DIMITAR DILKOFF/AFP

«Tolibon» harakati Rossiyada terrorchi tashkilot sifatida e'lon qilingan va bu harakat mamlakatda taqiqlangan, ammo ayni vaqtda toliblarning siyosiy qanoti delegatsiyasi Moskvada bo‘lib turibdi.

Tashrifdan maqsad - Rossiya tomoni bilan Afg‘onistondagi hozirgi vaziyatni muhokama qilish ekani ma'lum qilingan. Moskva Rossiya bilan chegaradosh bo‘lgan Markaziy Osiyodagi mamlakatlardagi vaziyat izdan chiqishidan xavotir olmoqda.

Rossiya TIV saytida, Markaziy Osiyo davlatlari chegarasi daxlsizligi ta'minlanishi bo‘yicha kelishuvga erishilgani ma'lum qilindi.

Shuningdek, Kreml Afg‘onistondan narkotrafik o‘sishidan ham xavotirlanmoqda. Delegatsiya rahbari Shahobiddin Dilovar rossiyaliklarni toliblar narkotiklar kontrabandasiga qarshi qattiq kurash olib borishiga ishontirgan.

Taqiqlangan tashkilot maqomida bo‘lishiga qaramay, bu toliblarning Moskvaga ilk tashrifi emas. 2018 yilda harakat a'zolari Rossiya TIV rahbari Sergey Lavrov tomonidan shaxsan qabul qilingandi.

Mavzu
AQShning Afg‘onistondan ketishi
AQSh Afg‘onistonda 20 yil davom etgan harbiy kampaniyasini tamomlamoqda. Toliblar esa mamlakat hududlarini birin-ketin egallab olmoqda.
Barchasi
Top