17:10 / 31.07.2019
68363

O‘zbekiston prezidentligiga sobiq nomzod Abdulhafiz Jalolov vafot etdi

Foto: Jalolovlar oilasi arxivi

O‘zbekiston Respublikasi prezidentligiga sobiq nomzod Abdulhafiz Jalolov vafot etdi. Bu haqda «Daryo» muxbiri Azizbek Abduvaliyev xabar berdi.

Abdulhafiz Jalolov 1947 yilda Namangan viloyatining Yangiqo‘rg‘on tumanida, Birlashgan qishlog‘ida tug‘ilgandi. 1969 yili Toshkent davlat universitetini tamomlagan. 1976 yilda falsafa fani bo‘yicha nomzodlik, 1992 yili doktorlik dissertatsiyalarini yoqlagan.

1971 yildan e'tiboran ilmiy-pedagogik faoliyat bilan shug‘ullangan. ToshDU falsafa kafedrasi o‘qituvchiligidan Falsafa va huquq instituti direktorligigacha (1993 yildan) bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tgan. 1994 yilda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy kengashi birinchi kotibi etib saylangan.

2000 yil yanvarida bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovida Islom Karimovga yagona muqobil raqib bo‘lgandi. Jalolov mazkur saylov payti amaldagi davlat rahbari uchun ovoz berganini bildirgan.

2001 yilda Falsafa va huquq instituti direktorligi, 2003 yilda XDP Markaziy kengashi birinchi kotibligidan ozod etiladi. Shundan so‘ng Yuristlar malakasini oshirish markazi hamda Oliy pedagogika instituti professori lavozimlarida ishlaydi.

Abdulhafiz Jalolov 2019 yil 29 iyul kuni Namangandagi o‘zi tug‘ilib-o‘sgan qishloqda dafn etildi.

Kun.uz tahririyati marhumning oila a'zolariga chuqur ta'ziya bildiradi.

Top