O‘zbekiston | 17:40 / 06.05.2021
6808
3 daqiqa o‘qiladi

Xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish agentligi tashkil etiladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Vazirlar Mahkamasi huzurida Xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish agentligi tashkil etilishini ma'lum qildi. Ta'lim muassasalari tarmoqlar va hududlar ehtiyojidan kelib chiqib, kamida 10ta chet tilini (ingliz, rus, nemis, fransuz, xitoy, koreys, yapon, turk, arab, fors) o‘rgatish tashkillashtiriladi.

«Vazirlar Mahkamasi huzurida Xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish agentligi tashkil etiladi. Agentlik, eng avvalo, dunyoda samarali natija bergan o‘qitish metodikalari, dastur va darsliklarini bog‘cha, maktab, litsey, oliygoh va o‘quv markazlarida joriy etib, xorijiy tillarni mukammal o‘zlashtirishga ko‘maklashadi.

Bunda, ta'lim muassasalari, tarmoqlar va hududlar ehtiyojidan kelib chiqib, kamida 10ta chet tilini (ingliz, rus, nemis, fransuz, xitoy, koreys, yapon, turk, arab, fors) o‘rgatishni tashkillashtiradi.

Shuningdek, bolalikdan xorijiy tillarni puxta o‘rganish ko‘nikmalarini shakllantiradigan ommabop kontentlarni ishlab chiqadi.

Bundan tashqari, agentlik vazirlik, idora va boshqa ish beruvchilar bilan birga, xizmatchilarning kasbiy faoliyatini xorijiy tillarda to‘liq amalga oshirish imkoniyatini beradigan metodikalarni ishlab chiqib, sharoitga moslagan holda, amaliyotga joriy etadi.

Shu bilan birga, davlat tilidan xorijiy tillarga va aksincha bir necha xorijiy tillardan davlat tiliga professional tarjima qilish metodikalarini yaratish ham agentlikning asosiy vazifalaridan biri bo‘ladi.

Agentlik maktablar, oliygohlar, tuman, shahar va viloyatlar, tarmoq va davlat idoralarida xorijiy tillarni bilish reytingini ham yuritadi. Chet tili o‘qituvchilari uchun malaka talablari va baholash mezonlarini ishlab chiqadi hamda malaka toifalarini beradi.

Bir so‘z bilan aytganda, agentlik «bog‘cha – maktab – oliygoh – korxona» uzluksiz zanjiri orqali, aholining barcha qatlamiga mos bo‘lgan til o‘rganish metodika, tavsiya va darsliklarini ishlab chiqishni tashkil etadi hamda ularning amalga oshirilishiga ko‘maklashadi.

Jahon tillari va Sharqshunoslik universitetlari, Samarqand chet tillari instituti bilan bir qatorda, har bir viloyatda bittadan universitet chet tillari bo‘yicha tayanch oliygoh sifatida belgilanadi.

Viloyat, tuman va shahar hokimlari hududlarda chet tillarini o‘rgatish muhitini shakllantirish, bunga tashkiliy va moliyaviy sharoit yaratishga shaxsan mas'ul bo‘ladilar», degan prezident chet tillarini o‘rganish masalasi muhokama qilingan videoselektor yig‘ilishida.

Mavzuga oid