01:45 / 26.10.2018
12898

Xorijlik vatandoshlarga soddalashtirilgan tartibda O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligi taqdim etiladi

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan hamkorlik sohasida O‘zbekiston Respublikasi davlat siyosatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, vatandoshlar bilan hamkorlikning darajasi va shaklidan kelib chiqib, ularga O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq, davlat tomonidan quyidagi qo‘llab-quvvatlash va rag‘bat choralari ko‘rsatilishi mumkinligi belgilanmoqda:

  • kirish vizalarini, shu jumladan, ko‘p marotabalik va uzoq muddatli vizalarni soddalashtirilgan holda rasmiylashtirish, vaqtinchalik yashashga hamda O‘zbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish uchun ruxsatnoma berish;
  • yuqori malakali kadrlarni O‘zbekistonda zarur bo‘lgan mutaxassisliklar bo‘yicha ishga olish;
  • ijtimoiy va maishiy masalalarni hal qilishga yordam berish;
  • davlat tasarrufidagi bo‘sh turgan obektlarni va yer maydonlarini vatandoshlarga tadbirkorlik, ilmiy-tadqiqot, ma'rifiy, innovatsion va boshqa dastur hamda loyihalarni amalga oshirish uchun ajratib berish;
  • vatandoshlarning o‘qishi, ishi va boshqa ijtimoiy masalalarini to‘liq (qisman) moliyalashtirish;
  • vatandoshlar orasida yuqori malakali mutaxassislarni davlat va xo‘jalik boshqaruvi, mahalliy ijro hokimiyati organlari va O‘zbekiston Respublikasining boshqa davlat tashkilotlariga rahbarlik lavozimlariga, shuningdek, ushbu tashkilotlar rahbarlarining konsultanti (maslahatchisi) sifatida jalb qilish;
  • O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida ko‘zda tutilgan soddalashtirilgan tartibda O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini berish;
  • vatandoshlar — xorijiy fuqarolarga O‘zbekiston Respublikasining oliy ta'lim muassasalarida o‘zbek tili va adabiyoti, tarix, kino, madaniyat, teatr san'ati, televideniye va radio yo‘nalishlari bo‘yicha ta'lim olishlari uchun grantlar ajratish;
  • vatandoshlarning ommaviy axborot vositalarini O‘zbekiston Respublikasida akkreditatsiyadan o‘tishini soddalashtirish;
  • O‘zbekiston Respublikasining rivojlanishiga munosib hissa qo‘shgan vatandoshlarni davlat mukofotlari va faxriy unvonlar bilan taqdirlash;
  • O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi asosida davlat tomonidan ko‘rsatiladigan boshqa qo‘llab-quvvatlash va rag‘bat choralari.
Top