22:50 / 11.11.2019
0
22075

«Ikkita doim bittadan yaxshi» - Yevropalik ekspert Xitoy va Rossiyaning mintaqadagi gegemonligi haqida

Samarqandda «Valday» muloqot klubining X Osiyo konferensiyasi o‘tkazilmoqda. «Markaziy Osiyo va Yevroosiyo: global tartibsizlik chaqiriqlariga javoban ko‘p tomonlama hamkorlik» mavzusidagi konferensiyada qatnashgan germaniyalik ekspert Hans-Yoahim Shpanger Kun.uz muxbirining savollariga javob berar ekan, mintaqadagi Xitoy va Rossiyaning yetakchiligi haqida gapirdi.

«Ha, mintaqada Rossiya va Xitoy gegemonligi bor gap, ammo bilasizmi, bitta katta kuchdan ko‘ra ikkita katta kuchning bo‘lgani doim yaxshi, chunki bu balansni ta'minlaydi. Balans esa xavfsizlik degani. Agar uchta bo‘lsa, yana ham yaxshi bo‘lardi. Uchinchisi kim bo‘ladi? Iqtisodiy jihatdan balki birorta Yevropa mamlakati urinib ko‘rar, AQShning imkoniyati ham yaxshi. Rossiya va Xitoyning kuchi har xil desak, to‘g‘ri bo‘ladi. Masalan, Rossiya harbiy qudrati bilan kuchli, Xitoy esa iqtisodiy jihatdan.

Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi haqida ko‘p o‘rgandim. Menimcha, bu yerda faqat iqtisodiy manfaatlar ko‘zlangan, deyish to‘g‘ri emas, unda siyosiy manfaatlar borligi ham ko‘rinadi. Bu tashkilotning Yevropa Ittifoqidan farqi katta. Yevropa Ittifoqi o‘tgan asrning 50-yillarida tashkil qilingan va undan maqsad Yevropa mamlakatlarining bir-birini qo‘llab-quvvatlash bo‘lgan.

Yevropa mamlakatlari, shubhasiz, Markaziy Osiyo mamlakatlarining Rossiya bilan munosabatlarini kuzatib boradi, chunki Yevropadagi katta kuchlar uchun butun dunyodagi voqealar qiziq. Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi tashkil etish bilan Rossiyaning mamlakatlarni atrofida to‘plab, dunyodagi o‘rnini oshirmoqchidek ko‘rinishi mumkin, ammo bu yerda Xitoyning borligini ham unutmaslik kerak»,— dedi ekspert Kun.uz muxbiri bilan suhbatda.

 

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top