Mahachqal’adagi tartibsizlik. Kreml bunda g‘arb va Ukrainani aybladi
Yakshanba kuni kechqurun olomon «Isroildan qochqinlar» kirib kelishining oldini olish uchun avval Mahachqal’a aeroportiga, keyin uchish maydoniga bostirib kirdi. Yahudiylar go‘yoki Dog‘istonga ko‘chirib keltirilayotgani haqidagi xabarlar mahalliy telegram-kanallarda tarqalgan. Yakunda 80 dan ortiq kishi qo‘lga olingan, respublika rahbari tartibsizliklarda «sotqinlar» va «banderachilar»ni aybladi, Putin ham Dog‘istondagi voqealar ortida Ukraina va G‘arb turganini aytdi.
Tel-Avivdan Red Wings aviakompaniyasi reysi (bu haftasiga bir necha bor amalga oshiriladigan muntazam reys) orqali «isroillik qochqinlar» uchib kelayotganini taxmin qilgan namoyishchilar Mahachqal’a aeroporti atrofida 29 oktyabr kuni mahalliy vaqt bilan soat 19:00 atrofida yig‘ila boshlagan.
Ayrimlar Falastin bayroqlarini, boshqalar — Isroilga qarshi plakatlarni ko‘tarib kelishgan.
Avvaliga namoyishchilar «yahudiylar»ni qidirib, aeroportdan chiqayotgan odamlarning hujjatlarini tekshira boshlagan. «Pod’yem» kanalida e’lon qilingan videoga ko‘ra, o‘zbek ekanini aytgan yosh yigitni ham yahudiy deb o‘ylashgan va uni qurshab olib, pasportini olib qo‘yishgan.
Aeroportga olib boruvchi yo‘llar to‘silgan, voqea joyiga politsiya yetib borgan. «Ostorojno, novosti!» kanalida e’lon qilingan videoda politsiyachi megafon orqali yig‘ilganlarning «holatini tushunishi»ni aytgani, ammo ulardan tinchlanishni so‘rashi eshitiladi.
Ammo politsiya namoyishchilarni tinchlantira olmaydi — bir necha yuz kishilik olomon aeroportning xalqaro terminaliga bostirib kirib, antisemitizm ruhidagi shiorlarni aytib, har bir xonadan yahudiylarni izlay boshlaydi.
Ko‘p o‘tmay namoyishchilar aerodromning uchish hududiga yorib o‘tishga muvaffaq bo‘ladi, tarmoqlarda tarqalgan videolardan birida odamlar samolyotlardan birining qanotiga chiqishga urinayotganini ko‘rish mumkin.
Aeroport faoliyati falaj holatiga keladi, qo‘nishi kerak bo‘lgan samolyotlar boshqa aerodromlarga yo‘naltiriladi. Dubaydan uchib kelib, Mahachqal’aga qo‘nib ulgurgan reys yo‘lovchilari g‘azablangan olomon tufayli qo‘nishdan keyin yana besh soat davomida samolyotda qamalib o‘tirishganini aytishgan.
Rosaviatsiya ma’lumotiga ko‘ra, kuchishlatar tuzilmalar aeroportni namoyishchilardan faqat soat 22:20 ga kelib tozalashga muvaffaq bo‘lgan. Avvaliga aeroport faoliyati faqat 6 noyabrda tiklanishi aytilgandi, ammo dushanba kuni Rosaviatsiyadagilar u to‘laqonli ishga qaytgani va reyslarni qabul qilish hamda jo‘natish boshlanganini ma’lum qildi.
Shu bilan birga, «Azimut» va Red Wings aviakompaniyalarining Tel-Avivdan Mineralniye Vodi va Mahachqal’aga reyslari vaqtincha Rossiyaning boshqa shaharlariga yo‘naltirilishi ma’lum qilingan.
Rossiya Tergov qo‘mitasi ommaviy tartibsizliklar (RF JK 212-modda, 1 va 2-qismlari) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atgan. Qo‘mita bayonotida Dog‘iston poytaxtidagi aeroportda ro‘y bergan voqealar ishtirokchilari «huquq-tartibot organlari xodimlariga qurolli qarshilik ko‘rsatgan pogrom» deb atalgan. Tergovchilar gumonlanuvchilarning uylarida tintuv o‘tkazgan.
Tel-Avivdan Mahachqal’aga uchib kelgan reys yo‘lovchilari jabrlanmagan. «U yerda asosan ayollar va bolalar, aravadagi bolalar bo‘lgan, ular ham barcha bilan birga yashirinishga majbur bo‘lishgan», — dedi 30 oktyabr kuni «Aeroport Maxachkala» AJ bosh direktori Said Ramazanov. Uning so‘zlariga ko‘ra, olomon ichida yo‘lovchilar bo‘lgan avtobusni o‘rab olganida vaziyat o‘ta og‘ir edi, ammo Davlat dumasi deputati Xizri Abakarov yordamga kelgan. «Uning shaxsan mavjudligi tufayli qurbonlar bo‘lmadi», — degan aeroport rahbari.
Baza ma’lumotiga ko‘ra, yo‘lovchilardan faqat to‘rt nafarida Isroil fuqaroligi bo‘lgan. Sota telegram-kanali e’tibor qaratishicha, Tel-Avivdan Mahachqalaga reyslar ko‘pincha Moskvaga parvoz yo‘lidagi tranzit vazifasini o‘taydi. Bunday yo‘nalish chiptalari to‘g‘ridan to‘g‘ri parvoznikidan ancha arzonroqqa tushadi.
Hukumat reaksiyasi
IIV dushanba tongida tartibsizliklarda ishtirok etganlardan 60 nafari qo‘lga olingani va yana 150 nafarining shaxsi aniqlanganini ma’lum qildi.
Seshanba kuniga kelib qo‘lga olinganlar soni 83 nafarga yetdi. Mahachqal’a shahri rahbari Yusup Umavov qo‘lga olingan huquqbuzarlarning yoshi 20-25 atrofida bo‘lganini, «yoshlar buzg‘unchi kuchlar tomonidan noqonuniy xatti-harakatlarga jalb etilishining oldini olish» maqsadida shaharning har bir tumanida ijtimoiy tarmoqlar monitoringini olib boruvchi, aholi bilan uchrashib, targ‘ibot ishlarini o‘tkazuvchi ishchi guruhlar tashkil etilganini ma’lum qilgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolardan birida aeroportdagi tartibsizliklar chog‘ida namoyishchilar xavfsizlik xizmati xodimlariga tosh otishgani, bunga javoban avtomat quroldan havoga o‘q uzilganini ko‘rish mumkin.
IVV ma’lumotiga ko‘ra, tartibsizliklar chog‘ida 9 nafar politsiyachi yaralangan, ulardan ikki nafari shifoxonaga yotqizilgan. Dog‘iston sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra, tartibsizliklar vaqtida jabrlangan huquq-tartibot organlari xodimlari va oddiy fuqarolarning jami soni 12 nafarni tashkil etadi.
Telegram-kanallar ma’lumotiga ko‘ra, aeroportning o‘zi ham jiddiy shikastlangan: omborxonalar vayron qilingan, do‘konlar talangan. Ammo bu ma’lumot rasman tasdiqlanmagan.
Dog‘iston rahbari Sergey Melikov tartibsizliklar yuzasidan izoh berarkan, «hech kim ayab o‘tirilmasligi»ni bildirgan. U ro‘y bergan hodisa uchun javobgarlikni «Ukraina hududidan — sotqin, banderachilar tomonidan boshqariladigan va tartibga solib turiladigan» «Utro Dagestana» telegram-kanali zimmasiga yuklagan.
Shuningdek, Melikov huquqni muhofaza qilish organlari axborotlashtirish ishlarida kamchiliklarga yo‘l qo‘yganini ta’kidlagan.
O‘tgan hafta oxirida Dog‘istonda respublikaga «Isroildan qochqinlar» ko‘chirib keltirilishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalgandi. Shanba kuni kechqurun bu xabarlar fonida Dog‘istonning yana bir shahri Xasavyurtda mahalliy aholi mehmonxonaga hujum uyushtirdi.
Isroilliklar kelayotgani haqidagi xabarni «Utro Dagestana» kanali ham e’lon qilgandi, ushbu kanal Davlat dumasining sobiq deputati, ayni vaqtda Ukrainaga ketgan Ilya Ponomaryov ochgan. Tartibsizliklar fonida Ponomaryov hozirda ushbu kanalga aloqador emasligini aytdi, lekin u bir necha oy oldin jurnalistlar bilan suhbatda kanalni «o‘ziniki» deb atagandi.
Keyinroq Durov «Utro Dagestana» telegram-kanali qoidalarni buzgani tufayli bloklangani, zo‘ravonlikka chaqiruvchi boshqa kanallar ham bloklanishini ma’lum qildi.
Melikov tartibsizlik ishtirokchilariga jang qilish uchun Ukrainaga jo‘nash orqali «sharmandalikni yuvish»ni taklif etgan. Mahachqal’a aeroporti direktori Said Ramazanov talonchilikni «shaharliklarning o‘ylamasdan qilgan harakati» deb atagan.
«Axir bunday harakatlar hech kimga hech qanday yordam bermaydi, — deya yozgan u telegram-kanalida. — Biz barchamiz Falastinda sodir bo‘layotgan voqealarga chin dildan qayg‘uramiz va hozir qila oladigan eng yaxshi ishimiz — ular uchun ibodatda bo‘lishdir».
«Yovuzlik ildizi»
Dushanba kuni prezident Vladimir Putin hukumat a’zolari bilan yig‘ilishda so‘nggi voqealarni muhokama qilib, «G‘arb Yaqin Sharqdagi voqealardan foydalangan holda Rossiya jamoatchiligini parchalashga urinayotgani», Mahachqal’adagi tartibsizliklar Ukrainadagi ijtimoiy tarmoqlar orqali G‘arb razvedkasi tomonidan qo‘zg‘atilganini iddao qildi.
«Rossiyani parchalash uchun Yaqin Sharqdagi vaziyatdan foydalanishadi, bunda turli vositalardan, axborot tajovuzkorligining murakkab texnologiyalarini qo‘llashadi. Mojaro ortida turganlar uning oqibatlaridan butun dunyodagi odamlarni unga jalb etish uchun foydalanadi — geosiyosiy qo‘g‘irchoqlarning maqsadi shu. Inqirozning yangi oqimi Isroilga qarshi terrorchilik hujumi bilan boshlangandi, ammo terrorchilarni jazolash o‘rniga kollektiv javobgarlik tamoyili bo‘yicha qasos olishga o‘tib ketildi.
Biz halokatli xaosni kim uyushtirayotganini tushunishimiz lozim. Buyurtmachilar ochiq va surbetlarcha harakatlanadi: aynan AQSh va uning satellitlari — beqarorlikning qon rentasiga ega bo‘ladigan asosiy benefitsiarlaridir. AQSh buni tan olmasa ham, iqtisodiy jihatdan zaiflashmoqda. Falastinliklar fojiasi ortida, Ukrainadagi qirg‘in ortida va boshqa mojarolar ortida aynan AQShning hukmron elitasi turadi — bu barchaga ayon. Jang maydonida natijaga erisha olmasdan, ular bizni ichkaridan bo‘lishga harakat qilishmoqda. Ular G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatishni talab qilayotgan mamlakatlarni obro‘sizlantirmoqda, hatto BMT ham quruq qolmayapti.
Biz yovuzlik ildizi qayerda ekanini tushunishimiz kerak. Butun dunyoni o‘z to‘riga tortayotgan, Ukraina hududidagi ahmoq odamlardan foydalanayotgan o‘rgimchak qayerda ekanini. Mahachqal’adagi voqealar ijtimoiy tarmoqlar orqali, xususan g‘arb maxsus xizmatlari orqali Ukraina hududidan turib ham uyushtirildi. Ukrainadagilar g‘arbdagi homiylari boshqaruvida Rossiyadagi pogromlarni dastaklamoqchi. Hatto Shtatlardagi yuqori martabali kuratorlar ham o‘z qo‘li ostidagilar nimalar bilan mashg‘ulligini bilishiga ishonchim komil emas — ular Ukrainadagi maxsus xizmatlar nimalar bilan shug‘ullanayotganini tekshirsa yomon bo‘lmasdi. Razillar, boshqacha aytib bo‘lmaydi», dedi u.
Putin, shuningdek, Rossiya maxsus xizmatlari va huquq-tartibot idoralari mamlakat konstitutsiyasini himoya qilish uchun qat’iy harakat qilishi kerakligini ta’kidladi.
Rossiya prezidenti hudud rahbarlari va kuchishlatar tuzilmalarga millatlararo va dinlararo totuvlikni muhofaza qilish borasida o‘z vaqtida chora ko‘rish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
«Juda qo‘rqinchli edi»
Talonchilar diqqat markazida bo‘lgan yo‘lovchilar Maxachqal’a aeroportida boshdan kechirganlarini OAV vakillariga so‘zlab berishdi. «Mediazona» nashri Tel-Avivdan Mahachqal’a orqali Moskvaga uchgan yo‘lovchilardan biri bilan suhbatlashgan. U talonchilar uchish maydonidagi avtobusga qanday hujum qilganini aytib bergan.
«Avtobusdagi odamlar ularga biz ruslar ekanimizni aytib baqirar, o‘z qizil pasportlarini ko‘rsatar va qaysi shaharlardan ekanini aytishardi: Ufa, Yekaterinburg, Perm, Moskva, — deya eslaydi u. — Deyarli barcha rossiyaliklar edi, ammo ko‘pchilikda qo‘shfuqarolik. Yonimizda bir ruschada juda yomon gapiradigan bir isroillik ham bor edi».
«Avtobus bir lahzaga to‘xtadi va bizni o‘rab olishdi. Tosh otishdi, oynani sindirishdi. Oynalarga urib taqillatishdi. Juda-juda qo‘rqinchli edi, men oyna yonida emas, o‘rtada turganim tufayli barchasini ko‘ra olmadim va biz derazalarni qora pardalar bilan to‘sib oldik, — deya qo‘shimcha qilgan nashr suhbatdoshi. — Bu [xuddi] abadiydek tuyulardi va tashqaridagi odamlar ularga nima deyilayotganini eshitmasdi. Eshitsa ham e’tibor berishmasdi. Juda qo‘rqinchli edi».
Uni va Tel-Avivdan kelgan reysning boshqa yo‘lovchilarini yakunda vertolyot orqali harbiy bazaga olib ketishgan, tongda esa vertolyotda Mineralniye Vodi aeroportiga olib borilgan.
Mavzuga oid
22:47 / 25.12.2024
Putin yana “tarixiy hududlar” haqida gapirdi. U qayerlarni aytyapti?
21:53 / 25.12.2024
Ukraina Rossiya bilan iqtisodiy urushda g‘alaba qozonmoqda - The Economist
21:15 / 25.12.2024
Ukraina bo‘ylab bayram kechasi yopirilma zarbalar yo‘llandi
16:21 / 25.12.2024