O‘zbekiston | 21:07 / 01.12.2020
16211
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston dekabrda YeOIIda kuzatuvchi maqomini oladi - Rossiya savdo-sanoat vazirligi

 Joriy yilning dekabrida O‘zbekiston Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqida (YeOII) kuzatuvchi-davlat maqomini oladi.

Foto: Artem Korotayev/TASS

Bu haqda Rossiya sanoat va savdo vazirligi departament boshlig‘i Mixail Anisimov «Rossiya-O‘zbekiston sanoat muloqoti: yangi loyihalar va hamkorlik» onlayn-konferensiyasida qilgan chiqishida aytdi.

«O‘zbekistonga dekabrda Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqida rasman kuzatuvchi maqomi beriladi», — dedi Anisimov.

Hozirda YeOIIda Moldova kuzatuvchi maqomiga ega.

Eslatib o‘tamiz, shu yil 24 yanvarda Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga murojaatida YeOII masalasida o‘z fikrini bildirgandi. O‘zbekiston prezidenti gap a'zolik emas, hamkorlik to‘g‘risida ketayotganligini ta'kidlagandi.

 «Biz, albatta, ushbu jiddiy masalada, eng avvalo, xalqimizning manfaatlaridan kelib chiqib, uning xohish-irodasiga tayanamiz», degandi O‘zbekiston rahbari.

 6 mart kuni Vazirlar Mahkamasida mamlakatning YeOII bilan hamkorligi yuzasidan olib borilgan tahliliy va kompleks baholash ishlari yakuni bo‘yicha tegishli xulosa va takliflarni Oliy Majlis palatalariga kiritish masalalari muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Hukumat YeOIIga kuzatuvchi-davlat sifatida qo‘shilishga qaror qildi.

 26 mart kuni parlamentda YeOII bilan hamkorlikni tahlil qilish uchun barcha partiyalar vakillaridan iborat ishchi guruhi tuzildi.  

 Aprel oyida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi kuzatuvchi-davlat maqomida YeOII bilan hamkorlik qilishga ovoz berdi. Unda qatnashgan 132 deputatdan 86 nafari buni yoqlagan, 32 nafar deputat qarshi bo‘lgan, 14 nafari esa betaraf ovoz bergandi.

 May oyida esa masala Senatda ham ovozga qo‘yilib, tasdiqlandi. 71 senator YeOII kuzatuvchisi bo‘lishni yoqlab ovoz bergan bo‘lsa, 16 senator qarshi chiqdi, yuqori palataning 4 a'zosi betaraf qoldi.

Mavzuga oid