Jahon | 13:28 / 05.08.2025
6447
9 daqiqa o‘qiladi

Aybiga iqror «Krokus» terakti ijrochilari, G‘azo uzra kengayadigan hujum va Hindistondan darg‘azab Tramp - kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Braziliyaning sobiq prezidenti Bolsonaru uy qamog‘iga olindi

Braziliya Oliy sudi sobiq prezident Jair Bolsonaruni uy qamog‘iga oldi. U internet orqali tarafdorlariga murojaat qilib, sud tizimiga bosim o‘tkazishga uringanlikda ayblangan.

Braziliyaning sobiq prezidenti Jair Bolsonaru Braziliyadagi uyida uy qamog‘iga olindi. Unga mobil telefonlardan foydalanish taqiqlangan va faqat cheklangan miqdordagi odamlar bilan muloqot qilish huquqiga ega. Bunday qaror 4 avgust, dushanba kuni Oliy sud sudyasi Aleksandr di Morayec tomonidan qabul qilindi. Hujjat sud saytida e’lon qilingan.

Morayec hukmni Bolsonaruning 3 avgust kuni internet-aloqa orqali tarafdorlariga murojaat qilgani va nutqdan parchalar ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingani bilan asosladi. Sudya buni adliya tizimiga bosim o‘tkazishga urinish deb hisobladi.

Braziliyaning 70 yoshli sobiq prezidenti 2022 yilgi saylovlarda mag‘lubiyatga uchragan Luis Inasiu Lula da Silva hukumatini ag‘darishga uringanlikda ayblanmoqda. 2023 yil 8 yanvarda Bolsonaru tarafdorlari Lula lavozimga kirishganidan ko‘p o‘tmay Braziliyadagi Kongress, Oliy sud va prezident saroyiga bostirib kirdi.

19 iyul kuni Bolsonaruga elektron bilaguzuk braslet taqildi, tunda uyda qolish buyurildi va ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish taqiqlandi. Bolsonaruga qarshi sud jarayoni yakuniy bosqichga kirdi. Sobiq prezident «demokratik huquqiy tartibni buzishga urinish»da ayblanmoqda.

Tramp Hindiston uchun bojlarni «sezilarli» oshirishga va’da berdi

AQSh prezidenti Hindistonning Rossiyadan neft sotib olishiga javoban Hindiston uchun tariflarni ko‘tarishga va’da berdi, lekin qancha miqdorda ekanligini aniqlashtirmadi.

AQSh prezidenti Donald Tramp Hindistonning Rossiya neftini sotib olgani uchun boj to‘lovlarini «sezilarli» oshirishini ma’lum qildi. Bu haqda Tramp 4 avgust, dushanba kuni TruthSocial ijtimoiy tarmog‘ida yozgan.

«Hindiston nafaqat katta miqdorda Rossiya neftini sotib olmoqda, balki uning katta qismini ochiq bozorda katta daromad evaziga sotmoqda. Ularni Ukrainada Rossiyaning urush mashinasidan qancha odam halok bo‘layotgani qiziqtirmaydi. Shu munosabat bilan men Hindiston AQShga to‘laydigan tariflarni sezilarli darajada oshiraman», deb yozgan Tramp. Prezident tariflarni qanchaga oshirishni rejalashtirayotganiga aniqlik kiritmadi.

1 avgustdan boshlab Vashington Hindistonga Nyu-Dehli va Moskva o‘rtasidagi savdo muvozanati va biznes tufayli 25 foizlik savdo tariflarini joriy qildi. Hindistondagi to‘rtta davlat neftni qayta ishlash zavodi bunga javoban Rossiyadan neft sotib olishni to‘xtatgani haqidagi ilk xabarlardan so‘ng, turli manbalardan Hindiston tahdidlarga qaramay, Rossiya neftini sotib olishda davom etishi haqida ma’lumotlar paydo bo‘ldi.

Bir kun avval Oq uy ma’muriyati rahbari o‘rinbosari va Trampning eng nufuzli yordamchilaridan biri Stiven Miller Hindistonni Moskvadan neft sotib olish orqali Rossiyaning Ukrainadagi urushini moliyalashtirganlikda aybladi.

Isroil OAV: Netanyahu G‘azo sektoriga hujumlarni kengaytirishga qaror qildi

Muhokamalar chog‘ida Netanyahu Isroilning G‘azodagi bo‘lajak harakatlari haqida gapirar ekan, «sektor okkupatsiyasi» atamasini ishlatgan.

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu gumanitar falokat davom etayotgani va janglar 22 oydan beri davom etayotgani aytilgan G‘azo sektoriga qarshi harbiy amaliyotlarni kengaytirishga qaror qildi, deb xabar bermoqda Isroil matbuoti.

KAN davlat telekanalining xabar berishicha, Netanyahu bilan uchrashuvda ishtirok etgan bir qancha yuqori martabali vazirlar bosh vazir G‘azoning isroillik asirga olinganlar saqlanadigan hududlarga hujumlarini kengaytirish niyatida ekanini aytgan. Ularning so‘zlariga ko‘ra, bosh vazir bu qarorni xavfsizlik kuchlari vakillari bilan kelishmovchiliklarga qaramay e’lon qilgan.

Vazirlar, shuningdek, munozaralar chog‘ida Netanyahu Isroilning G‘azodagi keyingi harakatlari haqida gapirganda, «sektor okkupatsiyasi» atamasini qo‘llaganini ta’kidlamoqda.

Shu hafta boshida bosh vazir G‘azoda «harbiy maqsadlar»ga erishishga qaratilgan yangi qarorlar qabul qilish uchun xavfsizlik masalalari bo‘yicha tor doirada vazirlar mahkamasi yig‘ilishini o‘tkazish rejasini e’lon qildi.

«Krokus» terakti ijrochilari aybiga iqror bo‘ldi

Moskva yaqinidagi «Krokus Siti Xoll» binosida sodir etilgan teraktning to‘rt nafar bevosita ijrochisi o‘z aybiga iqrorligini bildirdi va jabrlanuvchilardan kechirim so‘radi, deb xabar berdi jabrlanuvchilar vakili Lyudmila Ayvar. Uning so‘zlaridan Interfax iqtibos keltirdi.

«Fariduniy, Mirzoyev, Fayzov, Rajabalizoda o‘z qilmishida aybini tan oldi, pushaymon bo‘ldi, jabrlanuvchilardan kechirim so‘radi», dedi u jurnalistlarga.

4 avgust kuni Moskva harbiy sudi «Krokus Siti Xoll» konsert zalida sodir etilgan terakt bo‘yicha jinoiy ishni mazmunan ko‘rib chiqishni boshladi. Majlis yopiq rejimda o‘tkazilmoqda. 19 nafar sudlanuvchiga terakt, terrorchilik faoliyatiga ko‘maklashish, terrorchilik faoliyatini amalga oshirish maqsadida tayyorgarlikdan o‘tish va boshqa jinoyatlar bo‘yicha ayblovlar qo‘yilgan.

Ayvar so‘zlariga ko‘ra, boshqa ayblanuvchilar aybini qisman tan olgan yoki teraktda aybini tan olmasligini aytgan. Shu bilan birga, ular terakt ijrochilariga pul o‘tkazganini, shuningdek, xonadonni ijaraga berganini tasdiqlagan. Biroq, ularning niyatidan bexabar ekanini ta’kidlagan.

Advokatning aytishicha, sud majlisida sudlanuvchilarning shaxsiga oid materiallar o‘rganiladi, shundan so‘ng davlat ayblovchisi ularni hibsga olish muddatini yana 6 oyga uzaytirishni so‘raydi.

2024 yil 22 mart kuni Moskva yaqinidagi Krasnogorsk shahrida «Piknik» rok-guruhining konserti boshlanishidan oldin «Krokus Siti Xoll» konsert zaliga bir necha erkak bostirib kirib, tomoshabinlar va xodimlarga qarata o‘q uzdi. Shundan so‘ng, binoda yong‘in yuz berdi. Rossiya Bosh prokuraturasi xabariga ko‘ra, terakt oqibatida 147 kishi halok bo‘ldi, 336 kishi jarohatlandi. Uch kishi bedarak yo‘qoldi. Yetkazilgan zarar 5,7 mlrd rublni tashkil etdi.

Uraldagi ozarboyjon diasporasi rahbari Moskvada qo‘lga olindi

«Ozarboyjon-Ural» tashkiloti raisi Shaxin Shixlinskiy Moskvada qo‘lga olinib, so‘roq qilish uchun Yekaterinburgdagi Tergov qo‘mitasiga olib ketildi, deb xabar berdi 66.ru manbaga tayanib. Ma’lumotni Uraldagi ozarboyjon diasporasi rahbariga yaqin manba tasdiqladi, deb yozadi E1.ru. Unga ko‘ra, Shixlinskiy hozirda ilgari qo‘lga olishlar amalga oshirilgan jinoyat ishlaridan biri bo‘yicha tergov harakatlarida ishtirok etmoqda.

O‘z navbatida, 66.ru manbasining da’vo qilishicha, Shaxin Shixlinskiyga qarshi ikkita jinoiy ish qo‘zg‘atilgan — qotillik va hokimiyat vakiliga nisbatan zo‘ravonlik qo‘llash moddalari bo‘yicha. Diaspora rahbarining aniq maqomi hozircha noma’lum. Iyul oyi oxirida Rossiya Ichki ishlar vazirligi Shaxin Shixlinskiyga nisbatan qidiruv e’lon qilgani ma’lum bo‘ldi. Rossiya huquq-tartibot idoralari hozircha Shixlinskiyning qo‘lga olingani haqidagi ma’lumotga rasman izoh bermagan.

So‘nggi ikki oy ichida Shaxin Shixlinskiy ikki marta ushlangan. 27 iyun kuni u Ozarboyjon diasporasining boshqa vakillari bilan birga qo‘lga olingan, biroq keyinchalik qo‘yib yuborilgan. Iyul oyi boshida Shixlinskiy o‘g‘li Mutvala bilan birga Yekaterinburgda ushlangan edi. So‘roqdan keyin Shaxin Shixlinskiy qo‘yib yuborilgan, o‘g‘li esa tez orada hokimiyat vakiliga zo‘ravonlik qo‘llaganlikda ayblanib, hibsga olindi. «Kommersant-Ural» xabariga ko‘ra, Mutvalani qo‘lga olish chog‘ida Shixlinskiy o‘z mashinasi bilan huquq-tartibot idorasi xodimini urib yuborgan.

Nashrning yozishicha, Rossiya xavfsizlik kuchlari Shaxin Shixlinskiyni etnik guruh rahbari deb hisoblashi mumkin. Huquq-tartibot idoralaridagi «Kommersant» manbasining ta’kidlashicha, guruh a’zolari turli xil noqonuniy faoliyat bilan shug‘ullangan — fohishalikni tashkillashtirish va pornografiya tarqatishdan tortib, giyohvand moddalar savdosigacha.

Tayyorlagan:  Kun.uz Admin

Mavzuga oid