18:57 / 26.02.2021
15863

Qashqadaryo viloyati hokimi eski yotoqxonalarni uysiz ayollarga rasmiylashtirib berishni taklif qildi. Taklif ma'qullandi

Qashqadaryo viloyati hokimi Zoyir Mirzayev ayollar va qizlarning muammolarini hal qilish va ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash masalasiga bag‘ishlangan yig‘ilishda eski yotoqxonalarda yashayotgan ayollarga o‘sha yotoqxonalarni rasmiylashtirib berish bo‘yicha taklif kiritdi.

«Noturar joylarda yashayotgan oilalar muammosi chindan ham bor. Ayniqsa Qarshi shahrida eski yotoqxonalar mavjud. U yotoqxonalarda yashayotganlarni baribir chiqarib yubora olmaymiz, o‘z tashkilotlariga ham u binolar endi kerak emas. O‘shalarni ta'mirlab, o‘zlariga rasmiylashtirib bersak degan taklif beraman.

Viloyatda salomatlik, sog‘lom turmush masalasi ancha jiddiy. Ortiqcha vazn muammosi bo‘yicha respublikada birinchi o‘rindamiz. Afsuski, aholimizning 27 foizi o‘ta semiz. Yurak nuqsoni bor 74 nafar bola aniqlandi. Ularning operatsiyasi uchun 4 mln so‘mdan 30 mln so‘mgacha zarur ekan. Har oy kardiologiya shifoxonasiga 55 mln so‘mdan o‘tkazib beradigan bo‘ldik va ular bolalarimizni bepul operatsiya qilib berishadi», degan Zoyir Mirzayev.

Prezident Zoyir Mirzayevning takliflarini qo‘llab-quvvatlagan.

«Yotoqxonalar masalasida bosh vazirga taklif kiriting, men roziman. Salomatlik masalasida ham muammolar borligi rost. Men Qashqadaryoga bejiz e'tibor bermayapman. Hozir respublika bo‘yicha onkologik kasalliklar ko‘payib borayotgani meni tashvishlantiryapti. Bu masalada alohida farmon ustida ishlayapmiz. Oxirgi yillarda bu muammo ancha keskinlashgani ayon bo‘lyapti», degan davlat rahbari.

Bundan avvalroq prezident shu yig‘ilishda O‘zbekistonda 9 mingdan ortiq ayollar noturar joylarda yashab kelayotgani haqida ma'lum qilgandi.

Top